Live
3
O'zbek

Mareska: «Husanovning eng yaxshi pozitsiyasi — markaziy himoya»

Futbol
24 noyabr, 03:30
    8
«Manchester Siti» bosh murabbiyi o‘zbekistonlik futbolchining maydondagi eng samarali pozitsiyasini aytdi.
Mareska: «Husanovning eng yaxshi pozitsiyasi — markaziy himoya»
Foto: Getty Images
24.11.2026, 15:00 Chempionlar ligasi Manchester Siti Manchester Siti - : - Napoli Napoli

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Enso Mareska O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanovning maydondagi pozitsiyasi haqida fikr bildirdi. Italiyalik mutaxassis bu haqda Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 5-turi doirasidagi «Napoli»ga qarshi bahs oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.

«Manchester Siti» rasmiy sayti xabariga ko‘ra, jamoa himoyachisi Mateush Nunesh jarohatidan forig‘ bo‘lib, «Napoli»ga qarshi bahsda ishtirok etishga tayyor. Portugaliyalik futbolchi APLning so‘nggi turida «Fulhem»ga qarshi bahsni (1:1) o‘tkazib yuborgan, uning o‘rnida o‘ng qanot himoyachisi sifatida Abduqodir Husanov harakat qilgandi.

Mareskadan o‘zbekistonlik futbolchining qaysi pozitsiyada samaraliroq o‘ynashi so‘raldi.

«Ish boshlaganimizdan buyon o‘ng qanotda Riko Lyuisdan foydalandik, ammo Husanov ham bu pozitsiyada o‘ynay oladi. Men jamoada to‘g‘ri muvozanatni topishga harakat qilyapman.

Agar Husanov qanot himoyasida yoki markaziy himoyada yaxshiroq o‘ynaydimi, deb so‘rasangiz, shubhasiz, u markaziy himoyachi sifatida kuchliroq.

Biroq hammasi muayyan o‘yin va ixtiyorimizdagi futbolchilarga bog‘liq. Riko hozirgacha juda yaxshi harakat qildi», — dedi Mareska.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, Nunesh safga qaytganiga qaramay, ketma-ket bahslar sabab ayrim futbolchilarda jismoniy charchoq alomatlari kuzatilmoqda. Shu bois «Napoli»ga qarshi o‘yinning asosiy tarkibi yakuniy mashg‘ulotdan keyin aniqlanadi.

«Mateush safga qaytdi. Hozircha faqat Antuan Semeno o‘ynay olmaydi. Boshqa futbolchilarning holati bo‘yicha ayrim shubhalar bor. Bugungi mashg‘ulotdan keyin qaror qabul qilamiz.

Mavsum davomida 65 ta bahs o‘tkazishimiz mumkin. Shuning uchun futbolchilarni to‘g‘ri boshqarishimiz kerak. Har bir o‘yinda eng kuchli tarkibni tushirishni xohlayman, ammo bunday qilsak, futbolchilarni haddan tashqari charchatib qo‘yamiz», — deya murabbiyning so‘zlarini keltiradi klub rasmiy sayti.

Ma’lumot uchun, «Manchester Siti» Chempionlar ligasi umumiy bosqichining dastlabki 4 turida 3 ta g‘alabaga erishib, 9 ochko bilan turnir jadvalida 7-o‘rinni egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, «Manchester Siti» — «Napoli» bahsi 24-noyabr kuni Manchesterdagi «Etihad» stadionida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 25-noyabrga o‘tar kechasi soat 01:00 da boshlanadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Manchester Siti Manchester Siti
  • Napoli Napoli
  • Chempionlar ligasi Chempionlar ligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

8 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar