«Manchester Yunayted» hujumchisi Joshua Zirkze faoliyatini Italiya chempionatida davom ettirishi mumkin. Jurnalist Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqlarda xabar berishicha, niderlandiyalik futbolchi «Yuventus»ning transfer maqsadlari qatoriga kiritilgan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 24 yoshli hujumchi turinliklar uchun ustuvor variant hisoblanmaydi. Shunga qaramay, «Yuventus» yangi forvard izlash jarayonida Zirkze bilan bog‘liq vaziyatni kuzatishda davom etadi.
Ma’lumot uchun, Zirkze 2024-yilning yozida «Bolonya»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tgan. Uning ingliz klubi bilan shartnomasi 2029-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali niderlandiyalik futbolchining bozor qiymatini 20 million yevroga baholamoqda.