«An Nasr» hujumchisi Joao Feliks yaqin kelajakda Yevropaning top-chempionatlaridan biriga qaytishi mumkin. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, portugaliyalik 27 yoshli futbolchiga «Barselona», «Chelsi», «Tottenhem», «Yuventus» va «Napoli» klublari qiziqish bildirmoqda. Ayni paytda Joaoni o‘z safiga qo‘shib olish borasida eng jiddiy harakat qilayotgan klub — «Napoli».
Biroq «An Nasr» Felish bilan xayrlashishni istamayotgani va uni jamoada olib qolish uchun barcha choralarni ko‘rishi ta’kidlanmoqda. Shu bois futbolchining qishki transfer oynasida jamoani tark etishi deyarli istisno qilinmoqda.
Ehtimoliy transfer qiymati 45 million yevro atrofida baholanmoqda. Qayd etish joiz, Feliks avvalroq «Barselona» va «Chelsi» klublari sharafini ham himoya qilgan.
Portugaliyalik futbolchi bu mavsumda Riyod klubi safida barcha turnirlar doirasida 15 ta uchrashuvda maydonga tushib, 7 ta gol va 11 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozib qo‘ygan.