«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoa himoyachisi Vilyam Saliba Dortmundning «Borussiya» klubiga qarshi Chempionlar ligasi bahsida maydonga tushishga tayyor yoki tayyor emasligi haqidagi savolga javob berdi.
«Biz uni asta-sekin o‘yinga qaytaramiz. Angliya Premyer-ligasi va Chempionlar ligasining eng kuchli klublariga qarshi bahslardagi raqobat darajasi boshqa o‘yinlarnikidan farq qiladi. Bu mutlaqo boshqa saviya. Shu sababli unga o‘yin amaliyotini bosqichma-bosqich berishimiz va buning uchun munosib vaqtni tanlashimiz kerak», — deya Artetaning so‘zlarini keltiradi Arsenal Radar.
Eslatib o‘tamiz, Saliba Jahon chempionati vaqtida jiddiy jarohat olgan va ushbu mavsum boshidagi bahslarni o‘tkazib yuborgan edi. Fransiyalik himoyachi Angliya Premyer-ligasining so‘nggi turida «Nyukasl»ga qarshi kechgan bahsda (2:2) ilk bor yangi mavsumda jamoa qaydnomasiga kiritildi, biroq maydonga tushmadi.
Ma’lumot uchun, «Arsenal» bugun, 24-noyabr kuni Chempionlar ligasi umumiy bosqichining 5-turi doirasida Dortmundning «Borussiya» klubini qabul qiladi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 25-noyabrga o‘tar kechasi soat 01:00 da boshlanadi.