Marokash milliy jamoasi bosh murabbiyi Muhammad Uabi JCH-2026 pley-off bosqichiga yo‘l olinganidan so‘ng futbolchilari haqida iliq fikrlar bildirdi.
Marokash guruh bosqichining so‘nggi turida Haitini 4:2 hisobida mag‘lub etdi va 7 ochko bilan C guruhida ikkinchi o‘rinni egallab, 1/16 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
«Raqibimiz kim bo‘lishidan qat’i nazar, bizda kuchli tarkib, ajoyib murabbiylar shtabi va zo‘r muxlislar bor. O‘zimizga ishonish uchun barcha imkoniyatlarga egamiz.
Marokash yangi darajaga chiqdi. Endi futbolchilarimiz o‘z kuchiga ishonmoqda, raqiblar esa jamoamizni hurmat qilmoqda.
Biz Jahon chempionligini qo‘lga kiritish maqsadiga ishonishimiz kerak. Buning uchun bor kuchimizni ishga solishimiz, raqiblarni hurmat qilishimiz va maqsadimizga to‘liq sodiq qolishimiz lozim.
Ertaga kimga qarshi o‘ynashimizni bilamiz. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, maydonga xuddi shu ishonch va qat’iyat bilan chiqamiz», — dedi Uabi France 24 nashriga.
Ma’lumot uchun, Marokash milliy jamoasi JCH-2026ning 1/16 finalida F guruhi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Ayni paytda ushbu guruhda Niderlandiya milliy jamoasi peshqadam bo‘lib turibdi.