«Milan» hujumchi Santyago Ximenes bilan xayrlashishga tayyor va futbolchi uchun xaridor ham topilgan.
Deportes Total xabariga ko‘ra, Portugaliyaning «Portu» klubi meksikalik futbolchi transferi uchun 28 million yevro taklif qilgan. Bundan tashqari, bitimga futbolchining o‘yin natijalariga bog‘liq yana 7 million yevrogacha bonuslar ham kiritilishi mumkin.
Manba qayd etishicha, Ximenesning amaldagi bozor qiymati 20 million yevrodan oshmaydi. Shu sababli «Milan» ushbu taklifni juda foydali deb hisoblamoqda.
Qayd etilishicha, Ximenesning o‘zi «Milan»da qolishni istaydi, biroq klub uni transfer qilish variantini jiddiy ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumot uchun, Santyago Ximenes Meksika milliy jamoasi hujumchisi hisoblanadi. Uning kelajagi yozgi transferlar oynasining eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzularidan biriga aylangan.