Bugun
6
O'zbek

«Milliy jamoangizga Masharipov yetishmayapti» — Arveladze mundial, Turkiyaning omadsizligi va Kannavaro haqida Tribuna.uz ga intervyu berdi

Eksklyuziv
25 iyun, 10:15
«Paxtakor»ning sobiq ustozi o'zbek futboli haqida fikr bildirdi.
Izzatbek Abduvakhobov
Izzatbek Abduvakhobov Editor
«Milliy jamoangizga Masharipov yetishmayapti» — Arveladze mundial, Turkiyaning omadsizligi va Kannavaro haqida Tribuna.uz ga intervyu berdi
Фото: Пахтакор ПФК

Jahon futbolida o'z nomi va hurmatiga sazovor bo'lgan Shota Arveladzeni siz o'quvchilarga ortiqcha ta'riflashni hojati bo'lmasa kerak. O'z vaqtida Shota Yustinovich «Paxtakor» klubini muvaffaqiyatli boshqargani bilan barchamizning yodimizda qolgan. Shundan keyin u Angliya va Turkiya chempionatlarida faoliyat olib bordi.

Tabiiyki, Arveladze ham barcha qatori jahon chempionatini diqqat bilan kuzatib boryapti. Bu borada u bilan suhbatlashish uchun mavzular yetarli edi. Shu maqsadda Shota Yustinovich Tribuna.uz jurnalistining taklifiga ikkilanmasdan rozilik bildirdi.

- Shota Yustinovich, ushbu mundialda sizga hammasidan ko'ra ko'proq nima yoqmoqda?

- Menga o'zimiz ko'rishni istagan yulduzlar ijrosidagi o'yinlarni tomosha qilish yoqmoqda. O'z navbatida ular chempionatda kutganimizdek yaxshi o'yin ko'rsatishyapti, gollar urishyapti. Mundial oldidan o'zimiz favorit sifatida ko'rgan Ispaniya, Angliya, Germaniya, Braziliya, Portugaliya kabi milliy jamoalar biz kutgan o'yinlarni ko'rsatib berishyapti. Bilasizmi, chorak finaldan boshlab, keyingi uchrashuvlar juda ham qizg'in tus oladi. O'yinmisan-o'yinlarga guvoh bo'lamiz, hali.

- Qaysi milliy jamoalar sizga ko'proq yoqmoqda va kimlarni favorit deb hisoblay olasiz?

- Men Argentinaga muxlislik qilyapman. Har doim shu jamoani qo'llab kelganman. Boshqa, yana 4-5 ta favorit ham bor. Portugaliya, Ispaniya va Angliyadan ko'p narsa kutsa bo'ladi, deb o'ylayman.

- O'zbekistonning Portugaliyaga qarshi o'yini haqida nima degan bo'lardingiz va hisob nega bunchalik yirik ko'rinish oldi?

- O'zbekistonda ishlab yurganimda odamlarning futbolni qay darajada yoqtirishlariga guvoh bo'lganman. Menimcha, JChning "yuki" bospayapti, shekilli... Chunki uzoq yillik orzu amalga oshganida har qanday kishi shoshib qoladi. Muxlislarda ham shunday holatni ko'rish mumkin. Asosiysi, milliy jamoangiz mana shunday nufuzli turnirda ishtirok etyapti. Hozircha jamoangizga tajriba yetishmayapti. Muhimi, hozirgi avlod yurtingiz va shu mintaqa uchun katta ishni amalga oshirish mumkinligini ko'rsatib bermoqda. Shu ketish davom etsa, hammasi yaxshi bo'lishiga ishonaman.

- Jahon chempionatiga bordingizmi yo uyda tomosha qilyapsizmi?

- Hozircha uyda tomosha qilish bilan cheklanmoqdaman. Ammo, boya aytganimdek, oxirgi 8 terma jamoa qolganda borishni mo'ljal qilib turibman.

- Yurtimizda ishlagansiz va o'zbek futbolini yaxshi bilasiz. JCh boshlandan oldin milliy jamoamizdan nimani kutgandingiz?

- O'ylaymanki, Jalol eng zo'r o'yinchi. Ehtimol, hozir termangizga mana shunaqa - kutilmagan qarorga kelib raqibni shoshib qo'ya oladigan ijrochi yetishmayapti. Maydonda yaqqol etakchilik qila oladigan ijrochini ko'rmayapman. Jalolda esa shunday jihatlar bor edi. Afsus, unga omad kulib boqmagan va jarohat tufayli jahon chempionatida qatnasha olmayapti. Baxtga qarshi u JChga qadar tiklanishga ulgurmagan. O'ylaymanki, boshqa futbolchilar ham maydonda u yetishmayotganini his qilishayotgan bo'lsa kerak.

- Ha, jarohat tufayli Masharipov tarkibdan chiqarib yuborildi. Uning yo'qligi ham milliy jamoa o'yiniga salbiy ta'sir ko'rsatyaptimi?

- Ha, yuqorida Jalol haqida yetarlicha to'xtalib o'tdim. Milliy jamoangizga u yetishmayapti.

- Qaysi milliy jamoadan syurpriz kutsa bo'ladi?

- Menimcha, Marokash syurpriz jamoa bo'la oladi.

- Ushbu jahon chempionatining eng yaxshi to'purari kim bo'ladi?

- Oldindan bir narsa deyish qiyin. Nazarimda, Mbappe eng zo'r to'purar bo'lsa kerak.

- Turkiya chempionatida ham ishlagansiz. Marhamat qilib ayting-chi, Turkiya milliy jamoasining mundialdagi omadsiz ishtiroki sababi nimada?

- Turklar juda qoni qaynoq xalq. Milliy jamoaning qoniqarsiz natijasidan ular karaxt bo'lib qolishdi. Haqiqatan ham ularda juda yaxshi jamoa bor. Ammo, xabaringiz bo'lsa, endi jamoa ichidagilar ham bir-biriga tashlanishni boshlashgan. Xullas, qoniqarsiz natijalarga ishqibozlar ham ehtirosga berilgan holda munosabat bildirmoqdalar. Turkiya chempionatida ham turli klublarning ishqibozlari bir-birlari bilan jiqqamush bo'lib ketishadi. Butun Turkiyaning omadsiz ishtiroki sabab endi hamma bir-biriga keskin munosabatda bo'lishni boshlagan. Aslida bunaqa holatda birlashishni o'ylagan ma'qul. Jahldan ko'rsatib, biror narsaga erishib bo'lmaydi.

- Fabio Kannavaroning milliy jamoamizda olib borayotgan ishiga qanday baho bera olasiz? Uning o'ziga xos uslubi ko'rinyaptimi?

- Kannavaro, uning ish uslubi haqida ko'p gapira olmayman. Futbolda tajriba asqotadi. U bunday darajada ishlamagan, tajriba orttirmagan. Adashmasam, Xitoyda U21 ni boshqargan bo'lishi kerak. Milliy jamoani, bo'lib ham mundialda boshqarish - bu juda ham qiyin ish. Hammani tanqid qilsa bo'ladi.

Bevosita O'zbekiston futboliga kelsak, sizlarda yosh iqtidor egalari doim bo'lgan, akademiyalar yaxshi faoliyat olib bormoqda. «Paxtakor»da o'smirlar va yoshlar bilan ko'p ishlaganman. Esimda, «Nasaf» ham ko'plab yosh futbolchilarni kashf etardi. O'zbek futboli kelajagi uchun hukumat katta ko'lamda ish olib borishini ham bilaman. Boz ustiga taniqli ishbilarmonlar ham futbolga yordam berib kelishadi. O'ylashimcha, bu darajadagi munosabat bilan futbolingiz yanada rivojlanib, yangi marralar sari intilishdan to'xtamaydi.

O'ylaymanki, hamma savollaringizga javob berdim va ular sizga yoqadi, deb umid qilaman. Omon bo'ling!

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston O‘zbekiston
  • Jahon chempionati (JCH-2026) Jahon chempionati (JCH-2026)
Bugungi yangiliklar