“Real”ning “Santiago Bernabeu” stadioni 2030 yilgi Jahon chempionati finalini o'tkazish uchun asosiy da'vogar hisoblanmoqda, deya xabar berdi Radio Nacional de España.
Mundialga uch mamlakat – Ispaniya, Portugaliya va Marokash mezbonlik qiladi. Shuningdek, ayrim bellashuvlar Urugvay, Argentina va Paragvayda ham o'tkaziladi.
Avvalroq hal qiluvchi final bahsini o'tkazish huquqi Marokashga berilishi mumkinligi haqida ma'lumotlar paydo bo'lgan edi. Ta'kidlanishicha, FIFA prezidenti Janni Infantino shu orqali tashkilot rahbari saylovlarida Marokash federatsiyasining qo'llab-quvvatloviga ega bo'lishni istagan. Biroq ko'p o'tmay FIFA bu ma'lumotni rad etgan.
Ta'kidlanishicha, Marokashning noroziligini keltirib chiqarmaslik uchun murosa sifatida Afrika davlatiga 2029 yilgi Klublar o'rtasidagi jahon chempionatini o'tkazish huquqi berilishi mumkin.
Mart oyida FIFA'ning yangi rahbariyati uchun saylovlar bo'lib o'tadi va Infantino yangi muddatga qayta saylanish niyatida.
RNE ma'lumotlariga ko'ra, hozirda amaldagi prezidentni Afrika (54 ta) va Osiyo (47 ta) federatsiyalari qo'llab-quvvatlamoqda – jami 101 ovoz. Qayta saylanishi uchun esa unga 106 ta ovoz kerak bo'ladi. Unga qarshi UEFA va CONCACAF turibdi – ular birgalikda 96 ta ovozga ega.
“Bernabeu” – 2030 yilgi JCH finali mezbonligiga asosiy favorit
Futbol
6 avgust, 16:00
Avvalroq Infantino hal qiluvchi bahsni Marokashga bermoqchiligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Foto: Getty Images