13-15 avgust kunlari Superliganing 17-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Turniing markaziy o‘yini shubhasiz Andijondagi «Bobur arena»da bo‘lib o‘tadi. Unda vodiya derbisi doirasida «Andijon» - «Neftchi» qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lamiz. Shuningdek, Qarshida «Nasaf» - «Paxtakor» to‘qnashuvi ham markaziy o‘yin maqomida.
O‘zbekiston U20 terma jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev 17-tur oldidan juftliklarning imkoniyatlari hususida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
13 avgust
19:00. «Surxon» - «So‘g‘diyona»
- Juda prinsipial o‘yin. Ularni turnir jadvalidagi o‘rni yonma-yon va ochkolari ham teng. Lekin «So‘g‘diyona»ni so‘nggi uchrashuvlarda o‘ziga kelayotgani, murabbiy jamoani o‘zgartira olganligi hozirgi holatda yaxshi sport formasida ekanligi yaxshi imkoniyat beradi. Uchrashuv teng kurashlarga boy bo‘ladi. Lekin, menimcha, bu o‘yinda «So‘g‘diyona» kichik hisobda g‘alaba qozonsa kerak.
19:00. «Andijon» - «Neftchi»
- Markaziy uchrashuv. Albatta, vodiya derbisi juda ham qizg‘in o‘yin bo‘lishi kutilmoqda. «Neftchi» musobaqada yaqqol peshqadam. Shu sababli ularni ko‘pchilik favorit maqomida ko‘rishi mumkin. Biroq unutmaslik kerakki, «Andijon» o‘z maydonida ashaddiy muxlislari qarshisida shijoat bilan maydonga tushishi va har qanday raqibga munosib qarshilik ko‘rsatishini inobatga olsak va ikkala jamoani ham murabbiylari yosh, zamonaviy, hujumkor futbolni tarafdorligi o‘yinni ancha qiziqarli qiladi. Menimcha, bahs durang bilan yakunlansa kerak.
20:30. «Buxoro» - OKMK
- Bu ham qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Jamoalarni turnir jadvalida egallab turgan o‘rinlari juda yaqin. Agar o‘yin jarayoni qanday kechishini taxmin qiladigan bo‘lsak, albatta «Buxoro» o‘z uslubida raqibga to‘pni toshpirmasa kerak. Biroq tezkor hujumlarda OKMKni jazolashga harakat qiladi. O‘ylaymanki, bu uchrashuvda to‘pni, o‘yinni OKMK nazorat qiladi. Ammo yaqqol golli vaziyatlarni «Buxoro» yaratsa kerak. Shuning uchun yo durang yo mezbonlar g‘alabani olib ketishi mumkin.
14 avgust
19:00. «Navbahor» - «Bunyodkor»
- Albatta, bu yerda «Navbahor» yaqqol favorit. O‘yinlarni o‘z maydoniga ko‘chirganidan keyin yanada sermahsul va shijoatli jamoaga aylandi. O‘ylaymanki, bu bellashuvda namanganliklar yaqqol peshqadamlikka erishadi va hattoki, yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritishi ham mumkin. «Bunyodkor» tarkibi juda yosh, ancha yetakchilar klubni tark etishdi. Baribir jamoada ruhiyat ta’siri bor. Shu sababli «Navbahor» bu o‘yinni yirik hisobdagi g‘alaba bilan yakunlasa kerak.
20:00. «Dinamo» - «Xorazm»
- Menimcha, taxmin qilish qiyin bo‘lgan juftlik. Bilamizki, «Xorazm» kutilmaganda xohlagan raqibi ustidan g‘alaba qozonishi mumkin yoki aksincha xohlagan o‘yinda mag‘lub bo‘lishi mumkin. «Dinamo» ham ana shunday jamoa. Hujumga berilgan paytida gollarni o‘tkazib yuborishi mumkin. Ammo katta ehtimol bilan bu o‘yinda durang bo‘lmasa kerak. «Dinamo»da baribir futbolchilarni darajasi yuqoriligi va o‘z maydonida o‘ynayotganligi ularga biroz imkoniyat beradi. Shuning uchun samarqandliklar yutsa kerak.
20:30. «Qizilqum» - «Mash’al»
- Turnir jadvalini pastki qismida borayotgan jamoalar. «Mash’al» barcha raqiblarini o‘zidan juda uzoqlashtirib yuborgan. Murabbiy o‘zgardi. Shundan keyin jamoada biroz shijoat paydo bo‘ldi. Afsuski, so‘nggi turlarda yana hamma narsa o‘z holiga qaytgandek. «Qizilqum» ham ochkolar yig‘ishda qiynalmoqda. Lekin bu uchrashuvda mezbonlar baribir yaqqol favorit. O‘z uyida o‘ynaydi, maksimum g‘alaba qozonishga harakat qiladi. Shuning uchun navoiyliklar kichik hisobda bo‘lsa ham yutishsa kerak.
15 avgust
19:00. «Qo‘qon-1912» - «Lokomotiv»
- Ko‘rinishidan «Lokomotiv» bu uchrashuvda favorit. Unutmasligimiz kerak, qo‘qonliklar uchun ochkolar juda muhim. Ular o‘z maydonida harakat qilishyapti. Turnir jadvalini pastki qismidagi bunday jamoalar bitta o‘yinga ruhiyat bilan qattiq tayyorgarlik ko‘rishi va kutilmaganda hatto peshqadamlardan ham ochkolarni tortib olishi mumkin bo‘lgan holatlarni ko‘rganmiz. To‘g‘ri, «Lokomotiv» so‘nggi turda ajoyib kamyeback qildi. Umuman olganda, «Loko»da muhit juda yaxshi, buni so‘nggi uchrashuvlarda ko‘ryapmiz. Qiyin bahslarda ham qutqarishyapti. Futbolchilar bosimsiz harakat qilayotganligi sezilyapti. Bu uchrashuvda ham ular ruhiyat va yana ko‘p jihatlar bo‘yicha ustun. Safarda kichkina hisobda bo‘lsa ham g‘alaba qozonishga harakat qilishadi. Ammo qo‘qonliklar osonlikcha raqibga uch ochkoni topshirib qo‘ymasligi aniq. O‘ylashimcha, bu o‘yin durangga tortmoqda.
19:00. «Nasaf» - «Paxtakor»
- Turniing ikkinchi markaziy o‘yini deyishimiz mumkin. To‘g‘ri, «Nasaf» oldingi yillardagidek kuchli ko‘rinmayotgandir. Klubni yetakchilar tark etgan. Lekin Ro‘ziqul Berdiev bir o‘yinga va aynan «Paxtakor»ga qarshi jamoasini yaxshi tayyorlay olishiga hech qanday shubha yo‘q. Ikkinchi tomondan qarasak, «Paxtakor»ning ochko yo‘qotishga haqi yo‘q. Agar ochko yo‘qotilsa «Neftchi»ni yanada o‘zidan uzoqlashtirib yuborishi mumkin. So‘nggi turda o‘z uyida g‘alabani qo‘ldan chiqargan. Lekin OCHL Elit musobaqasiga o‘tish o‘yinida muvaffaqiyat qozongani baribir jamoaga yaxshi ruhiyat bergani aniq. «Paxtakor»da tarkib ancha tajribali va nomdor ekanligi ularga katta imkoniyatlar beradi. Lekin ularni Qashqadaryodan uch ochko bilan qaytishi juda qiyin bo‘ladi. Balki «Paxtakor» foydasiga kichik hisobdagi g‘alaba bo‘lishi mumkin yoki katta ehtimol o‘yin durang bilan yakunlanishi mumkin. Bu uchrashuvda ham «Paxtakor» yana ochko yo‘qotsa kerak, degan fikrdaman.