«Neftchi» himoyachisi va sardori Anvar G‘ofurov jarohati sabab safdan chiqdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
«Jamoamiz O‘zbekiston Superligasining 16-turida Navoiyning «Qizilqum» jamoasiga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuvning birinchi bo‘limidan so‘ng futbolchimiz Anvar G‘ofurov bel sohasida og‘riq his qilgani sababli almashtirildi.
Bellashuvdan so‘ng o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida futbolchining bel sohasidagi avvalgi jarohati qaytalangani aniqlandi.
Ayni vaqtda Anvar G‘ofurov neyroxirurglar tavsiyasi va nazorati ostida konservativ usulda davolanish hamda reabilitatsiya jarayonini o‘tamoqda. Umurtqa bilan bog‘liq jarohatlarda reabilitatsiya va sportga qaytish jarayoni mutaxassis nazorati ostida bosqichma-bosqich olib boriladi.
Dastlabki reja bo‘yicha futbolchimiz taxminan 10 kun davomida davolanadi. Keyingi holati tibbiy ko‘riklar asosida baholanib, shundan so‘ng jamoaviy mashg‘ulotlarga qaytishi belgilanadi.
Anvarga tezroq sog‘ayib, safimizga qaytishini tilaymiz!», — deyiladi xabarda.
«Neftchi» sardori safdan chiqdi
Futbol
10 avgust, 14:29
Anvar G‘ofurovning belidan olgan jarohati qaytaladi.
Foto: Neftchi PFC