Qarshida "Nasaf" hamda "Qo‘qon-1912" jamoalari o‘rtasidagi bellashuvda darvozalar daxlsiz qolishi natijasida klublar bir ochkodan bo‘lishib oldilar. Bu ayniqsa, oxirgi paytlarda mag‘lubiyatlar seriyasiga tushib qolgan qo‘qonliklar uchun Qarshidagi durang ijobiy bo‘ldi. O‘yindan keyin "Qo‘qon-1912" bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Men doimo aytganman: hatto boshqa klub bilan kelganimda ham "Nasaf" stadioni menga yoqadi. Bu yerda ajoyib muhit bor, maydon esa, albatta, juda yuqori darajada. "Nasaf" bilan har doim juda qiziqarli o‘yinlar bo‘ladi. Bugun 15-tur, deb o‘ylagandim…
- 16-tur.
- Ha, 16-tur ekan. Bugun biz juda yaxshi, balki mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlarimizning birini o‘tkazdik. Bugun bizga "Nasaf" ham yordam berdi, deb o‘ylayman. Chunki ikki jamoa ham o‘ynadi va juda qiziqarli taktik kurash yuzaga keldi. O‘yin deyarli birinchi gol urilgunga qadar davom etdi.
Bugun ba'zi vaziyatlarda "Nasaf"ga ham qiyin bo‘ldi, bizga ham oson kechmadi. Uchrashuvni biroz asabiy boshladik, lekin keyin o‘yinni tinchlantirib oldik. Birinchi bo‘lim — 45 daqiqa davomida — rejalashtirgan barcha vazifalarimizni bajardik. Juda yaxshi va savodli harakat qildik. Ayniqsa, to‘p bizda bo‘lmagan paytda futbolchilardan ko‘proq harakat qilishni so‘ragandim.
Ikkinchi bo‘limni esa hayratlanarli tarzda, juda yaxshi boshladik. Dastlabki 15–17 daqiqa davomida deyarli butunlay raqib maydonida o‘tkazdik. Juda ko‘p standart vaziyatlarga ega bo‘ldik. Afsuski, ulardan foydalana olmadik. O‘yinning yakuniy qismida esa "Nasaf"ning ham xizmati bor. Ular bizni yanada intizomli va harakatchan bo‘lib o‘ynashga, himoyada yanada ko‘proq mehnat qilishga majbur qilishdi. Biz ikkinchi bo‘limda ham gol ura olmadik. Lekin, shukrki, o‘z darvozamizdan ham gol o‘tkazib yubormadik. Darvozabonimizga, umuman, butun jamoaga rahmat aytaman. Menimcha, bugungi natija qonuniy. "Nasaf" qaerda turgani va biz turnir jadvalida qaerda ekanimizdan qat'i nazar, bugungi natija adolatli, deb hisoblayman.
Men futbolchilarga ham aytdim: barcha raqiblarga qarshi o‘ynash mumkin, hamma bilan teng kurashish mumkin. Gap faqat mayda-chuyda tafsilotlarda. Shukrki, bugun biz katta xatolarga yo‘l qo‘ymadik.
- Gadoyev nega uchrashuvni asosiy tarkibda boshlamaydi?
- Bu taktika va rotatsiya masalasi. U zaxiradan maydonga tushganda juda yaxshi o‘ynaydi, jamoani kuchaytiradi. Biz shuni tushungan edikki, bunday yuqori sur’atda u butun uchrashuv davomida kerakli ish hajmini bajara olmaydi. Shuning uchun unga taxminan 30 daqiqalik juda yaxshi vaqt qoldirdik. Aynan shu vaqt davomida hujumda o‘z vazifasini bajarishi kerak edi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, biz bugun himoyachilar emas, asosan hujumda o‘ynaydigan futbolchilarni almashtirdik. Bugun biz kuchli jamoalardan biriga qarshi, uning maydonida o‘ynadik. Shuning uchun u juda ko‘p o‘yin o‘tkazdi va juda katta mehnat qildi. Endi bu yerda rotatsiya va futbolchining funktsional holati masalasi ham bor. Biz bularning barchasini hisobga olamiz. Hech narsa shunchaki, tasodifan qilinmaydi. Har bir qarorni oldindan o‘ylab chiqamiz.
- Mavsum boshida jamoa oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan?
- Hozirgi kungi eng katta vazifamiz — turnir jadvalida qulayroq holatga chiqish. Bu vaziyatga o‘zimiz sabab bo‘ldik, o‘zimiz o‘zimizni shunday holatga tushirib qo‘ydik. Men boshqa jamoalar haqida gapirmayman, faqat o‘z jamoamiz haqida aytaman. Masalan, biz uchun bu kutilmagan tanaffus unchalik yaxshi bo‘lmadi. Bizga bu tanaffus kerak emas edi. Kubok bahslari bilan birga o‘sha to‘rtta turni davom ettirganimiz ma’qul edi. Lekin milliy jamoamizning jahon chempionatidagi ishtiroki munosabati bilan terma jamoa manfaatlari uchun bizga tanaffus berildi. Nima bo‘lgan bo‘lsa, bo‘ldi. Endi keyingi o‘yinlarimiz — uyda, safarda, yana uyda, yana safarda. Shunchaki, ochko olishimiz kerak. Qanday usulda bo‘lishidan qat’i nazar, ochko ishlab topishimiz shart. Kerak bo‘lsa, oxirgi tomchi qonimizgacha kurashamiz. Amalda birorta ham uchrashuvda yomon o‘ynaganimiz yo‘q. Faqat biroz, juda ozgina omad yetishmayapti.
- So‘nggi vaqtlarda o‘zingiz ham aytdingiz: jamoa ayrim o‘yinlarda yaxshi o‘ynamayapti, engil o‘yinlar bo‘lyapti. Bu holatni nima bilan izohlaysiz?
- Hozir aytim-ku, bizning tayyorgarligimiz yaxshi o‘tdi. Hatto qishdagi tayyorgarlikdan ham yaxshiroq bo‘ldi, deb hisoblayman. Muammo natijada: biz gol ura olmayapmiz va himoyada diqqatni yo‘qotib qo‘yayapmiz. Shuning uchun kerakli natijaga erisha olmayapmiz. Agar himoya ishonchli o‘ynamasa, darvozni daxlsiz saqlay olmasak, har qanday holatda ham hech bo‘lmaganda durang natijaga erishish qiyin. Bizda esa har bir o‘yinda, har bir turda juda ko‘p golli vaziyatlar bo‘lyapti. Shuning uchun ham aytim: menimcha, biz uchun tanaffus salbiy ta’sir qildi. Bundan tashqari, omad ham biroz bizdan yuz o‘girdi. Asosiy muammo shu.
- Bugungi kabi kuchli raqibga qarshi va shunday o‘yinda jamoa futbolchilari o‘zini qanday ko‘rsatdi?
- Bugungi o‘yin va shunday raqibga qarshi bizdagi barcha futbolchilar munosib ko‘rindi. Hammalari munosib o‘ynadi. Hatto darvozabonimizni almashtirish haqida o‘ylab qoldik. Lekin uni oxirigacha maydonda qoldirdik. U jarohat bilan o‘ynadi. Jarohatni uchrashuvning boshida, birinchi bo‘limda olgan edi. Ikkinchi bo‘limda esa jarohati yanada og‘irlashdi. Bundan tashqari, futbolchilardan birida tirishishlar boshlandi, keyin ikkinchisida ham shunday holat yuzaga keldi. Shuning uchun hamma narsa o‘zimizga bog‘liq. Hammalari o‘zimizga, jamoaning mentalitetiga bog‘liq. Har bir uchrashuvga yanada jiddiy va professional yondashishimiz kerak. Bu yerda hamma narsa bosh bilan bog‘liq — ruhiy tayyorgarlik, mentalitet bilan bog‘liq.
Hozir futbol rivojida aynan shu jihat — mentalitet va futbolchining intellektual salohiyati tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Taktika muhim, texnika muhim, jismoniy tayyorgarlik muhim, strategiya muhim, atletizm ham muhim. Lekin hozir futbolchining mentaliteti va intellektual salohiyati deyarli birinchi o‘ringa chiqmoqda.
- Mavsum boshida viloyat hokimi jamoa sovrinli o‘rinlar uchun kurashishi kerakligini aytgan edi. "Barcha sharoitlarni yaratib beramiz", degan gaplar ham bo‘lgan. Bu murojaat, e’tibor va qo‘llab-quvvatlash amalda qanday natija bermoqda?
- Rostini aytsam, bu haqda biz o‘z oramizda juda ko‘p gaplashdik. Ha, uchrashuv bo‘ldi. Viloyat rahbari keldi, muloqot qildik. Asta-sekin qandaydir qadamlar tashlanyapti. Lekin hozircha biz turnir jadvalida o‘zimiz bo‘lishimiz kerak bo‘lgan joydamiz. So‘z bilan juda ko‘p narsani gapirish mumkin. Men bu haqda ko‘p gapirmayman. Chunki bizda dekabr-yanvar oylaridayoq o‘zini O‘zbekiston chempioni deb e’lon qilib qo‘ygan jamoalar ko‘p. Men, masalan, bu haqda gapirmaganman. Men "barcha uchrashuvlarda mutlaqo hujumkor futbol o‘ynaymiz", deb ham aytmaganman. Men buni boshidanoq aytganman va jamoa rahbariyatiga ham tushuntirganman. Biz harakat qilyapmiz. Amalda birorta ham o‘yinda himoyaga yopilib, butunlay passiv o‘tirmaganmiz. Agar o‘yinlarimizni sinchiklab, e’tibor bilan ko‘rib chiqsangiz, birorta uchrashuvda ham to‘liq himoyaga yopilib olmaganligimizni ko‘rasiz.
Biz harakat qilyapmiz. Lekin bizda boshqa klublardagi kabi energiya hozircha yo‘q. Men "bizning ahvolimiz falokatli", demoqchi emasman. Bu haqda hech qachon gapirmaganman va bundan keyin ham aytmayman. Hozir biz bir narsaga intilishimiz kerak: qandaydir katta, ulkan maqsadlar haqida orzu qilishdan ko‘ra, har bir o‘yinga chiqib, avvalo hozirgi vaziyatdan chiqib ketishimiz kerak. Turnir reglamenti bo‘yicha kim kim bilan o‘ynaydi, kim qaerga chiqadi, keyin qandaydir qo‘shimcha o‘yinlar bo‘ladimi — bu masalalarni chuqur muhokama qilishni istamayman. Kimdir qandaydir tartib-qoidani o‘ylab topgan bo‘lsa, demak, shunday bo‘lishi kerak. Bu reglament, deb ataladi, shekilli", - deya Shipilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.