Live
7
O'zbek

Ilyos Zeytullayev: “Hozir futbolchilar yetishmayotgani sababli yoshlarni maydonga tushira boshlashdi, degan fikr noto'g'ri”

Eksklyuziv
8 avgust, 14:44
“Bunyodkor” ustozi OKMKga qarshi bahsdan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Ilyos Zeytullayev: “Hozir futbolchilar yetishmayotgani sababli yoshlarni maydonga tushira boshlashdi, degan fikr noto'g'ri”
Фото: Бунёдкор ПФК
08.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Bunyodkor Bunyodkor 2 : 3 ОКМК ОКМК

Superliganing 16-turi yakunlandi. Toshkentda “Bunyodkor” OKMKni qabul qildi. Gollarga boy o'tgan uchrashuv 2:3 hisobida OKMK jamoasining foydasiga hal bo'ldi. O'yindan so'ng “Bunyodkor” ustozi Ilyos Zeytullayev matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.

- Barchangizga xayrli kech. Avvalo, OKMK jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Juda og'ir va qiziqarli o'yin bo'ldi. O'ylaymanki, biz duch kelayotgan barcha qiyinchilik va muammolarga qaramay, yigitlar yaxshi futbol ko'rsata olishdi, raqibga bosim o'tkazishdi. Agar savollaringiz bo'lsa, marhamat, javob beraman.

- Bugun qiziqarli o'yin bo'ldi. G'alabaga erishishga nima yetmadi? O'yinda yaxshi futbol ko'rsatildi. Kelgusi uchrashuvlar oldidan jamoa qaysi yo'nalishda harakat qiladi?

- Men bu masalada ochiq gapiraman. Chunki hamma nima bo'layotganini va futbolchilar bu holatni qanday qabul qilayotganini bilishi kerak. Besh milliard so'm mablag' ajratildi. Uning ikki yarim milliard so'mi darhol soliqka ushlab qolindi. Qolgan ikki yarim milliard so'm esa dekabr oyidan buyon jamoada bo'lgan futbolchilarga maosh sifatida berildi. Menimcha, bu mablag' bir oylik, ehtimol, bir yarim oylik maoshga yetdi. Balki yanvar oyi va fevral oyining boshlariga. U hammaga berilmadi. Hozir klubni tark etgan futbolchilar hali o'z mablag'larini olishmagan. Asosan hozir jamoada qolgan futbolchilarga berildi. Hech bo'lmasa, ularda qandaydir tashqi motivatsiya bo'lishi kerak. Chunki ularning ahvoli juda og'ir. Bu haqda men ko'p marta aytganman: gap oila haqida ketyapti. Oila bor, mas'uliyat bor. Endi bu masala menga bog'liq emas. Men avtobus buyurtma qila olmayman yoki ovqatlanish masalasini o'zim hal qila olmayman. Agar bu mening qo'limdan kelganida, ehtimol, o'zim ham yordam bergan bo'lardim.

Lekin mening ham oilam bor. Agar imkonim bo'lganida, “Bunyodkor”ni ta'minlash uchun futbolni shu darajada davom ettirmasdim, deb aytgan bo'lardim. Albatta, jamoaga yordam berishni juda xohlar edim.

- So'nggi vaqtlarda transfer yangiliklarida asosan “Bunyodkor”ni tark etayotgan futbolchilar haqida xabarlar ko'payib ketdi. Balki yana ketish niyatida bo'lgan futbolchilar ham bordir. Savolim biroz boshqacharoq. Yevropada ham shunday holatlar bo'lganini bilamiz. Lekin u yerda klubga sadoqat degan tushuncha ham bor. Masalan, “Fiorentina” bankrot bo'lib, jamoa S seriyasiga tushib ketganida ham ayrim futbolchilar klub bilan birga qolishgan. Yoki “Parma” bilan shunday holat bo'lgan. Ular hozirgacha muxlislar tomonidan yaxshi xotiralar bilan esga olinadi. “Bunyodkor”da ham shunday futbolchi bormi? Ya'ni qiyin vaziyatga qaramay, boshqa takliflar bo'lishiga qaramay: “Yo'q, men jamoada oxirigacha qolaman va yordam beraman”, degan futbolchi bormi?

- Juda yaxshi savol. Katta rahmat. Lekin kontekst har xil, sharoit boshqa-boshqa. Biz ba'zida o'zimizni Italiya yoki Angliya bilan solishtiramiz. Ammo hozircha o'zimizni o'sha chempionatlar bilan taqqoslay olmaymiz, chunki u yerdagi sharoit mutlaqo boshqacha. Men o'sha davrda Italiyada edim, bankrotlik jarayonlari sodir bo'layotgan paytlarni ko'rganman. Lekin o'sha klublar keyin qayta tiklanganda ham ularning stadionlari doimo to'la bo'lgan — 35–40 ming muxlis tribunada jamoasini qo'llab-quvvatlagan. Futbolkalar sotilgan, odamlar stadionga borgan. Ya'ni, marketing tizimi yo'lga qo'yilgan, barcha jarayonlar allaqachon izga tushgan edi.

Rostini aytsam, biz hali rivojlanish bosqichidamiz. Umid qilamanki, bundan keyin ham yaxshi tomonga rivojlanib boramiz. Shuning uchun hozir biz bilan ularni taqqoslash noto'g'ri. Biz ba'zida ularning o'yinini, ular singari tibbiyot tizimini, reabilitatsiya xizmatini yo'lga qo'yishni xohlaymiz. Lekin, menimcha, Yevropa futbolidagi jarayonlarning chuqurligini hali yaxshi tushunib yetmayapmiz. Hattoki u yerdagi barcha tafsilotlarni hali anglab olganimiz yo'q. Shuning uchun bu jarayonlarga biroz chuqurroq kirib borishimiz kerak.

- Sardor Rahmonov haqida nima deya olasiz? Uning bugungi o'yini va xarakterini qanday baholaysiz?

- Menimcha, Sardorning o'zi jangchi. Uning xarakteri shunday. Hattoki mashg'ulotlarda ham biror o'yinda mag'lub bo'lishni istamaydi. Bu, ayniqsa, uning yonida o'ynayotgan yosh futbolchilar uchun juda katta plyus. Chunki u hattoki mashg'ulotda ham yutqazishni xohlamaydi va shu orqali jamoadagi sur'at va raqobatni oshiradi. Umuman, futbolda shunday holat bor: sobiq klubingizga qarshi o'ynaganingizda hissiyotlar boshqacha bo'ladi. Penalti berilgan epizod haqida ham u bilan gaplashdim. Uning aytishicha, penalti bo'lmagan. Men ham bu epizodni biroz bahsli holat, deb hisoblayman.

Pletnyov bilan bo'lgan vaziyatni ham qayta ko'rish qiziq. Balki fol jarima maydoni tashqarisida sodir bo'lgandir. Lekin Dima Pletnyov kontakt bo'lganini aytdi. Agar kontakt jarima maydoni ichida bo'lgan bo'lsa, penalti bo'lishi kerak edi. Agar tashqarida bo'lgan bo'lsa, jarima zarbasi belgilanishi kerak.
Bunday epizodlar, rostini aytsam, biz hozirgi vaziyatda turgan paytda juda asabiylashtiradi. Yigitlar uchun biroz achinyapman. Lekin hech narsa qilmaymiz — kurashishda va oldinga harakat qilishda davom etamiz.

- Agar bugungi o'yindan keyin tarkib yoki taktikani o'zgartirish imkoni bo'lganida, nimanidir o'zgartirgan bo'lardingiz?

- Savol uchun rahmat. Men hech narsani o'zgartirmagan bo'lardim, barchasini xuddi shu holatda qoldirgan bo'lardim. Chunki futbolchilar, ko'pchiligi yosh bo'lishiga qaramay, OKMK bilan deyarli tengma-teng o'ynashdi. OKMK juda kuchli tarkibga ega, ishonaman, juda kuchli jamoa. Lekin meni quvontirgan narsa shu bo'ldiki, asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchilar ham, zaxiradan o'yinga qo'shilganlar ham asosan akademiya tarbiyalanuvchilari edi. Ular kuchli raqib bilan tengma-teng o'ynashdi. Men uchun murabbiy sifatida bu juda katta natija. Ha, biz futbolda g'alaba uchun o'ynaymiz. 3:2 hisobidagi natija ham muhim. Lekin mening, hozirgi jamoamizning holatida natija ikkinchi planga o'tib qoldi, deb ochiq aytaman. Biz endi Superligada qolish uchun kurashamiz. Oxirigacha qo'lni tushirmaslik, taslim bo'lmaslik kerak. Lekin yosh futbolchilar ko'rsatayotgan natijadan kelib chiqib, men hozirgi tarkibni o'zgartirmagan bo'lardim. Faqat himoyada ayrim jihatlarni to'g'rilash kerak. Ayniqsa, biz uchta gol o'tkazib yuborgan 15–20 daqiqalik diqqat susaygan davr ustida ishlashimiz kerak. Himoyada futbolchilar bilan ko'proq ishlagan bo'lardim. Qolgan jihatlar bo'yicha esa jamoa juda yaxshi o'ynadi. Men hech narsani o'zgartirmagan bo'lardim.

- Fabio Kannavaro O'zbekistonga kelganidan keyin jahon chempioni “Bunyodkor” bazasiga tashrif buyurgani haqida matbuot anjumanida o'zi ham aytgandi. U shundan keyin yoshlarga ko'proq e'tibor qaratishini, yosh futbolchilar asosida jamoa tuzishini aytgan. “Bunyodkor” yoshlarida ham shunday motivatsiya yo'qolib qolmadimi? Ya'ni, moliyaviy muammolar fonida “ertaga o'zimni ko'rsatishim, e'tiborga tushishim mumkin”, degan motivatsiya pasayib ketmadimi? Mana, Behruz Karimov hozir Yevropaga ketdi.

- Savolingizni to'g'ri tushundimmi: Fabio Kannavaro yosh futbolchilarga e'tibor qaratadimi, degan ma'nodami? Yo'q, bu yaxshi. Yosh futbolchilar Superligada o'ynashi kerak. Men bundan oldin ham aytganman: agar imkoniyat bo'lsa, 16, 17, 18 yoshli futbolchilar Superligada o'ynashi kerak. Hozir bizda bunday imkoniyat tabiiy ravishda paydo bo'ldi, chunki ko'plab tajribali futbolchilar klubni tark etishdi. Lekin men qayerdadir eshitdim — rostini aytsam, ijtimoiy tarmoqlarda ko'p vaqt o'tkazmayman — ayrim futbol ekspertlari “Bunyodkor” hozir yosh futbolchilarni faqat ko'plab futbolchilar ketib qolgani uchun maydonga tushiryapti”, degan fikr bildirishgan ekan. Bu noto'g'ri. Bu — haqiqat emas. Agar ular xolis fikr bildirishsa va so'nggi ikki yarim-uch mavsumga nazar tashlab, “Bunyodkor” qancha yosh futbolchiga o'ynash imkoniyatini berganini ko'rishsa, o'z fikrlarini biroz to'g'rilashlariga to'g'ri keladi, deb o'ylayman. Chunki so'nggi uch mavsum davomida biz juda ko'p yosh futbolchilarga o'ynash imkoniyatini berdik. Shuning uchun hozir futbolchilar yetishmayotgani sababli yoshlarni maydonga tushira boshlashdi, degan fikr noto'g'ri. Hozir tarkibimizda yetti-sakkiz nafar yosh futbolchi o'ynayapti. Bu yerda ikkiyuzlamachilik qilish kerak emas. Ya'ni “hozir yoshlarga imkoniyat beryapmiz, chunki boshqa variantimiz yo'q”, deb aytish noto'g'ri. Bugun siz ham bu yoshlarni ko'rdingiz. Agar ular shu tarzda davom etishsa, Fabio Kannavaro yoki boshqa mutaxassislar ularni payqasa, men bundan faqat xursand bo'laman. Bizda o'zimizning yaxshi, iqtidorli yosh futbolchilarimiz bor.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Bunyodkor Bunyodkor
  • ОКМК ОКМК
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar