Toshkentning "Bunyodkor" klubidagi vaziyatdan barcha yaxshi xabardor. Moliyaviy muammolar fonida jamoa 15-turda Navoiyda "Qizilqum"ga qarshi o'yin uchun safarga bora olmadi.
Klubni esa bir qator o'yinchilar tark etishmoqda. Jumladan, mavsum boshida "Bunyodkor" a'zosiga aylangan yarim himoyachi Bilolxon Toshmirzayev faoliyatini boshqa klubda davom ettirishi borasida gap-so'zlar bor.
Tribuna.uz jurnalisti esa Toshmirzayev bilan bog'lanib, bir qator savollarga javob oldi.
- Bilolxon, yaqinda "Bunyodkor" bilan xayrlashganingizni eshitdik. Avvalo, shu masalaga oydinlik kiritib o'tsangiz?!
- Assalomu alaykum. Yo'q, hali "Bunyodkor" bilan xayrlashmadim. Hozircha shu yerdaman.
- U yerga mavsum boshida qo'shildingiz va 14 ta o'yinda 4 gol urib, 2 ta assistni ham bajardingiz. Ya'ni, klubda faoliyatingiz yaxshi edi va o'zingiz ham qoniyotingizmidingiz?
- Ha, albatta. Menga bu yerdagi atmosfera juda yoqdi. Menga murabbiyni ishonchi va uning ishlash uslubi ham manzur keldi.
- Bilolxon, eshitishimizcha, yana "Neftchi"ga qaytayotgan ekansiz, shu ma'lumotni tasdiqlay olasizmi?
- Bu savolingizga hozir javob bera olmayman. Transfer oynasi yopilishiga 4-5 kun bor va meni qaysi jamoada bo'lishimni ko'rib olasiz (kuladi).
- Umuman olganda, faoliyatingizni qayerda davom ettirish borasida oldingizda yaxshi takliflar borligi haqiqatmi va bu borada tanlovni tanlashingizda asosiy e'tiborni nimaga qaratmoqdasiz?
- Albatta, menda juda yaxshi takliflar bor. Lekin o'zimni qayerda yaxshi his qilsam, o'sha yerda bo'laman.
- Klubni o'tgan turda safarga bora olmaganini qanday qabul qildingiz? Buni futbolchilar o'zlari xohlamagan deb eshitdim....
- Biz pul bo'lmasa shu yerda to'xtatamiz, deb aytdik va bizga Yurtboshimiz tomonidan 5 milliard so'm yordam puli keldi. Bizga bir-ikki oylik maosh berishdi. Navoiyga borishga tayyor edik. Lekin mendagi ma'lumotlarga qaraganda, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ruxsat bermagan.
- Moliyaviy muammolar girdobida klubdagi ichki muhit qanday edi?
- Ichki muhit juda a'lo edi. Bosh murabbiy buni juda yaxshi ushlab tur oldi.
- Faoliyatingizni xorijda davom ettirish imkoniyati qanday? Ya'ni, qiziq variant bo'lsa, ketishga tayyormisiz?
- Hozir ham xorijdan juda yaxshi taklif bor.
- "Bunyodkor"ni bir qator futbolchilar tark etmoqda. U yerda o'ynash uchun sizlarda ortiq motivatsiya qolmadimi?
- To'g'ri, bir qator futbolchilar ketib qolishdi. Lekin unutmaslik kerakki, ularning ham oilasi bor.
Bilolxon Toshmirzayev: "Hali "Bunyodkor" bilan xayrlashmadim"
Eksklyuziv
5 avgust, 13:11
Tribuna.uz jurnalisti esa Toshmirzayev bilan bog'lanib, bir qator savollarga javob oldi.
Фото: Бунёдкор ПФК