Kecha, 30 iyul kuni «Bunyodkor» futbol klubi Superliganing navbatdagi safar uchrashuviga moliyaviy qiyinchiliklar sabab bora olmasligini ma’lum qilgandi. Bunday murakkab vaziyat klub tarixida ilk bor ro‘y bermoqda. PFL qiyin holatga tushib qolgan jamoani qo‘llab-quvvatlash uchun «qaldirg‘ochlar»ning navbatdagi uy o‘yiniga chipta sotib olib, stadionga tushishni so‘radi.
«Bunyodkor» futbol klubi mundial sabab yuzaga kelgan tanaffusdan keyin ham o‘z maydonida rasmiy uchrashuvlar o‘tkaza olmayapti. Jumladan, Superliga 12-turi doirasidagi «Nasaf» klubiga qarshi uy uchrashuvini qaldirg‘ochlar «Olimpiya» stadionida o‘tkazishga majbur bo‘ldi va tabiiyki, lokatsiya sabab yuzaga kelgan noqulaylik oqibatida chiptalar savdosini to‘laqonli yo‘lga qo‘ya olmadi. Qo‘shimchasiga, stadion 26 iyul sanasiga ham tayyor bo‘lmaganidan kelib chiqib, «Bunyodkor» stadionida o‘tishi lozim bo‘lgan Toshkent derbisini ham raqibi «Paxtakor» maydoniga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.
«Bunyodkor» 8 avgust kuni o‘z maydonida OKMK klubini qabul qilishi rejalashtirilgan. Superliga reglamentidan kelib chiqib, «Qizilqum»ga qarshi uchrashuvda «Bunyodkor» futbol klubiga texnik mag‘lubiyat yoziladi. Klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi mavjud bo‘lgan futbolchilar oldidagi qarzdorlikka qaramay, Ilyos Zeytullayev boshchilik qilayotgan tarkib bir qator uchrashuvlarda maydonga tushdi. «Bunyodkor» Navoiy shahridagi uchrashuvga o‘rinbosarlar tarkibi bilan ham tashrif buyurishi mumkin edi. Ammo klub hisob-raqami soliqlardan yuzaga kelgan qarzdorlik sababli aktiv holatda emas. Bu esa yo‘l chiptalari, mehmonxona va ovqatlanish xarajatlarini qoplashda muammolar keltirib chiqaradi.
Bugun, 31 iyul kuni Liga va klub marketing bo‘limlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Liga OKMK klubiga qarshi uy uchrashuvi uchun chiptalar savdosini elektron usulda yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi. Mazkur masalani iTicket platformasi qo‘llab-quvvatladi hamda majburiy soliqlar to‘lovlarini amalda saqlab qolgan holda 16-tur o‘yini uchun xizmat ko‘rsatish orqali ishlab olinadigan komissiya to‘lovlarisiz «Bunyodkor» klubiga amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.
«Bunyodkor» futbol klubiga befarq bo‘lmagan futbol muxlislari uning OKMK klubiga qarshi rasmiy uchrashuvi uchun chipta xarid qilish orqali jamoani qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Chipta narxlari va shunga oid boshqa masalalar «Bunyodkor» futbol klubi tomonidan alohida yoritib boriladi.
Liga o‘z sahifalari orqali «Bunyodkor» — OKMK uchrashuvini yoritish, uni muxlislar o‘rtasida targ‘ib qilish ishlarini faol davom ettiradi. Shuningdek, mamlakat futboliga befarq bo‘lmagan, mundial davomida futbol havosi bilan yashagan hamda milliy jamoamizni faol tarzda qo‘llab-quvvatlagan barcha OAV va blogerlarni «Bunyodkor» — OKMK uchrashuvi chiptalari savdosini yoritish masalasiga befarq bo‘lmaslikka chaqiradi», — deb yozadi PFL matbuot xizmati.
«Bunyodkor»ning hisob raqami aktiv holatda emas. «Qizilqum» bilan o‘yin uchun texnik mag‘lubiyat yoziladi
Futbol
31 iyul, 06:43
PFL qarzdorliklar sabab safar o‘yiniga bora olmagan 5 karra chempionni uy o‘yinida qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.
Foto: FC Bunyodkor
08.08.2026, 10:30
O‘zbekiston Superligasi
Bunyodkor
-
:
-
ОКМК
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi