Live
3
O'zbek

Andrey Shipilov: «Biz mag‘lubiyatga munosib emasdik»

Eksklyuziv
29 iyul, 14:24
«Qo‘qon-1912» ustozi «Dinamo»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Andrey Shipilov: «Biz mag‘lubiyatga munosib emasdik»
Фото: Қўқон-1912 ПФК
29.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand 3 : 2 Qo'qon-1912 Qo'qon-1912

Bugun Superliganing 14-turidan o‘rin olgan so‘nggi bahs bo‘lib o‘tdi. Samarqandda «Dinamo» va «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv juda qiziqarli va gollarga boy o‘tdi. Unda mezbonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Natijada 14-tur yakuniga yetdi.

Murosasiz o‘tgan o‘yindan so‘ng qo‘qonliklar bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Hammaga xayrli kech. Bugun futbolchilarimdan birortasiga ham e’tiroz bildira olmayman. Ular maydonda bor kuchini berdi. Menimcha, bu mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlarimizdan biri bo‘ldi. Uchrashuv juda qiziq va mazmunli o‘tdi. Faqat bitta kichik alam bor: raqib uchta gol urdi, biz esa ikkita. Rostini aytsam, bugun omad bizdan yuz o‘girdi. Biz bugungi mag‘lubiyatga munosib emas edik. Qo‘l qovushtirib o‘tirmadik, haqiqiy futbol o‘ynadik, harakat qildik. Imkoniyatlarni yaratdik, hech kim bizga tayyor holda hech narsa taqdim etmadi. Futbolda shunday holatlar ham bo‘lib turadi.

Samarqand jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Ular ham hujumda juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishdi. Qizig‘i shundaki, Tabatadze, Nimeli kabi ayrim hujumchilar asosiy tarkibda o‘yinni boshlamagan bo‘lsa-da, jamoa hujumda yaxshi harakat qildi.

Ammo men uchun ular ikki nafar juda yaxshi hujumchi. Siz to‘g‘ri aytdingiz, men bu haqda yig‘inlar davomida ham aytganman: agar ular boshidanoq jamoaga qo‘shilganida edi... Nimeli ham ma’lum ma’noda omad tufayli bizga kelib qoldi. Faqat bir muammo bor edi - ular mashg‘ulotlarning katta qismini o‘tkazib yuborishdi. Agar bugun kamida yetmish daqiqaga tayyor bo‘lishganida, ehtimol, asosiy tarkibda maydonga tushishardi.

Nimeli 14 kun mashg‘ulotlarda qatnashmadi, bugun esa mashg‘ulotlarga qaytganiga atigi beshinchi kun bo‘ldi. Toma bilan ham shunday muammo bo‘ldi - u ham ancha vaqt mashg‘ulot o‘tkazmadi. Shuning uchun bugun maydonga boshqa yigitlarni tushirdik. O‘zingiz ham ko‘rdingiz, biz juda tez gol urdik. Demak, qarorimiz to‘g‘ri bo‘lgan. Men o‘zimga ham, jamoaga ham dushman emasman. Shu kuni qaysi futbolchilar muayyan pozisiyalarda o‘ynashga tayyor bo‘lsa, o‘shalarni tarkibga kiritdik.

Javohir Sidiqov ham uzoq vaqt maydondan chetda qolgan edi. Bugun esa ketma-ket uchinchi o‘yinida to‘liq 90 daqiqa harakat qildi va deyarli xato qilmadi. Faqat 95-daqiqada almashtirish imkoni bo‘lmagani uchun kichik xatoga yo‘l qo‘ydi. Yaxshiyamki, bu hal qiluvchi xato bo‘lmadi.

Bugun nazarimda, tarkibda besh nafar futbolchi bo‘yicha rotatsiya qildik. Jamoaning harakati yaxshi edi. Shuning uchun hujumchilar haqida aytgan fikringizga qo‘shilaman. Lekin bunday hujumchilar bilan ham to‘g‘ri ishlash kerak. Ular boshqa jamoaga tushib qolsa, ehtimol o‘z imkoniyatlarini ko‘rsata olmasligi ham mumkin. Men o‘zimni juda katta murabbiy deb hisoblamayman, ammo bunday forvardlar bilan ishlash juda qiziq ekanini yaxshi tushunaman.

- Mavsum boshida Qo‘qonda futbolni rivojlantirish bo‘yicha katta qiziqish borligi, xorijiy investorlar klubni xususiylashtirishni istayotgani haqida gaplar chiqqan edi. Shu haqda ma’lumotingiz bormi? Shuningdek, tarkibda avval O‘zbekiston milliy jamoasida o‘ynagan futbolchilar ham bor. Bugun Hasanov, Nimeli va Godoyev zaxirada qoldi. Bu ham ko‘pchilikda savol uyg‘otdi. Shu ikki masalaga izoh bersangiz.

- Mavsumning dastlabki ikki o‘yinini Qashqadaryoda va chempionat yetakchilaridan biriga qarshi juda og‘ir sharoitda o‘tkazdik. Gadoyev haqida aytsam, bu uning birinchi marta asosiy tarkibda tushmagan o‘yini. Shu vaqtgacha u Kubok bahslaridan tashqari barcha o‘yinlarda maydonga tushdi.

Anas haqida gapirsak, u o‘z vazifasini bajaryapti. Zaxiradan tushadi va gol uradi. Ba’zida aynan shunday futbolchilar juda kerak bo‘ladi. Bizda «asosiy tarkib futbolchisi» yoki «zaxira futbolchisi» degan tushuncha yo‘q. Har bir o‘yinga alohida reja tuziladi va qaysi vaqtda kim jamoani kuchaytirishi hisobga olinadi. Bugun ham rejamiz aynan shunday edi. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, hammasi rejadagidek kechdi. Biz o‘yinni yomon boshlamadik. Yana takrorlayman, bugun bizdan omad yuz o‘girdi. Qolaversa, raqib darvozaboni fantastik o‘yin namoyish qildi.

Investorlar masalasiga kelsak, turli taxminlarsiz aytishim mumkinki, bu haqda men ham xuddi sizlar kabi internet va ommaviy axborot vositalari orqali eshitganman. Ha, qandaydir vakillar kelgan, infratuzilmani ko‘zdan kechirgan. Lekin undan ortiq ma’lumot menda yo‘q.

Agar maqsad bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirib, keyin birinchi jamoani ham kuchaytirish bo‘lsa, bu albatta yaxshi tashabbus. Lekin O‘zbekiston futboli tarixini hamma yaxshi biladi. Qaysi klub qayerdan boshlanganini ham yaxshi tushunamiz. Shuning uchun bu haqda balandparvoz gapirishni istamayman.

Barcha klublarga katta hurmat bilan qarayman. «Qo‘qon», «Paxtakor», «Neftchi», «Navbahor», keyin esa «Nasaf», «Andijon» - bularning barchasi o‘zbek futbolida katta o‘ringa ega.

Menimcha, Farg‘ona vodiysida hozir juda sog‘lom raqobat yuzaga kelgan. Andijonda ham, Namanganda ham, ayniqsa Farg‘onada ham futbolga katta e’tibor qaratilmoqda. Viloyat hokimlari ham klublarning rivojlanishi uchun harakat qilyapti. Ular o‘zaro yaxshi ma’nodagi raqobatga kirishgan.
Biz esa go‘yo ularning o‘rtasida, Kamchiq dovoniga yaqinroq hududda joylashganmiz.

Men bu jamoada atigi sakkiz oydan beri ishlayapman. Hozircha juda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, deb ayta olmayman. Yaxshi sifatli maydon bor, garchi issiq tufayli biroz qurib qolgan bo‘lsa ham. Mashg‘ulot o‘tkazish uchun ham yaxshi maydon mavjud, lekin u standart o‘lchamda emas.

Bu savolni klub rahbariyatiga yoki viloyat rahbarlariga berganingiz ma’qulroq bo‘ladi. Men bu yerda sharoit yomon, hamma narsa tashlandiq holda, deb aytolmayman. Lekin, ehtimol, moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar bordir. Bu yil umuman moliyalashtirish tizimida ma’lum o‘zgarishlar bo‘ldi, shuning uchun ko‘pchilik o‘zini unchalik xotirjam his qilmayapti.

Shuni aytishim mumkinki, ism-familiyalarni aytmayman, ammo biz bilan ishlayotgan odamlar harakat qilyapti. Hech kim bizga orqa o‘girgani yo‘q. Albatta, bizda hali Abu-Dabi yoki Al-Ayndagi kabi ulkan futbol shaharchasi yo‘q. Krasnodar yoki Sankt-Peterburgdagidek infratuzilma ham mavjud emas.

Balkim, bu ishlar hozir hujjatlar imzolanishi yoki kelishuvlar bosqichidadir. Bu endi mening vakolatimga kirmaydi. Umid qilamizki, bir kuni bizda ham haqiqiy futbol bayrami bo‘ladi», - deya Shipilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • Qo'qon-1912 Qo'qon-1912
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar