«Tottenhem» bosh murabbiyi Roberto De Zerbi Lukas Bergvallning kelajagi haqida fikr bildirib, futbolchi jamoada qolishini istashini ma’lum qildi.
The Athletic xabariga ko‘ra, 20 yoshli yarimhimoyachi iyun oyida yangi chaqiriq izlayotganini klubga bildirgan. Hozirda unga «Nyukasl» va «Nottingem Forest» jiddiy qiziqish bildirmoqda.
«Men uning biz bilan qolishini istayman. Menimcha, u kelajakda juda yuqori darajadagi futbolchiga aylanishi mumkin. Ammo hech kimni jamoada qolishga majburlamoqchi emasman», — dedi De Zerbi.
Italiyalik mutaxassis Bergvallning ko‘proq o‘yin amaliyotini xohlashini tushunishini, biroq hech bir futbolchiga asosiy tarkibdan joyni oldindan kafolatlay olmasligini ta’kidladi.
«Uning istagi aniq — muntazam o‘ynash va tayanch yarimhimoyachi sifatida harakat qilish. Ammo dunyodagi hech bir futbolchiga asosiy tarkibdagi o‘rinni kafolatlay olmayman», — deya qo‘shimcha qildi murabbiy.
Ma’lumot uchun, «Tottenhem» yozda Matheus Fernandesh va Sandro Tonalini transfer qilib, markaziy chiziqdagi raqobatni yanada kuchaytirdi. Bergvallning klub bilan amaldagi shartnomasi 2031 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.