«Manchester Yunayted»ning sobiq yarimhimoyachisi Pol Ins Andre Santos transferi uchun to‘langan summa haqida fikr bildirdi.
Goal nashri xabariga ko‘ra, Ins klubning sobiq «Chelsi» futbolchisi uchun qariyb 58 million yevro sarflaganini shubha ostiga olgan.
«58 million yevro — bunday futbolchi uchun juda katta pul. Menimcha, u haqida yakuniy xulosa chiqarishga hali erta. Shu bois klubning yosh markaziy yarimhimoyachi uchun shuncha mablag‘ sarflayotgani meni biroz hayratga soladi. Axir jamoada akademiya tarbiyalanuvchisi Kobbi Maynu ham bor», — dedi Ins.
Sobiq futbolchi Maynuning o‘tgan mavsum ikkinchi yarmidagi o‘yinlarini ham alohida e’tirof etdi.
«Mavsum oxiriga kelib u ko‘proq yakkakurashlarda g‘alaba qozona boshladi, to‘p olib qo‘ydi, vaziyatlar yaratdi, jarima maydonchasiga tez-tez kirib bordi va o‘yinga ko‘proq ta’sir ko‘rsatdi. U mutlaqo boshqa futbolchiga aylandi», — deya qo‘shimcha qildi Ins.
Ma’lumot uchun, Kobbi Maynu o‘tgan mavsum 30 ta uchrashuvda 1 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Andre Santos esa 43 ta bahsda 3 ta gol urib, 4 ta assist qayd etgan.