«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta yozgi transfer oynasida jamoa tarkibi yana kuchaytirilishini ma’lum qildi.
Klub rasmiy saytiga bergan intervyusida ispaniyalik mutaxassis rahbariyat bilan birgalikda jamoani yanada yuqori darajaga olib chiqish ustida ish olib borayotganini aytdi.
«Hozir juda ko‘p jarayonlar ketmoqda. Bu transfer oynasining qanday kechayotganini barchamiz yaxshi tushunamiz. Klub egalari, direktorlar kengashi, sport direktori va men — barchamiz «Arsenal»ni yangi bosqichga olib chiqishni xohlaymiz. Buning uchun tarkibni yanada kuchaytirishimiz, yanada sifatli futbolchilarni jalb qilishimiz kerak.
Qaysi jihatlarimizni yaxshilash va o‘yinimizni rivojlantirish kerakligini aniqlab oldik. Umid qilamanki, yaqin orada bu rejalarni amalda ham ko‘rsatamiz», — dedi Arteta.
Ma’lumot uchun, «Arsenal» 2025/26 yilgi mavsumda 38 turda 85 ochko jamg‘arib, Angliya Premyer-ligasi chempioniga aylandi. Shuningdek, London klubi UEFA Chempionlar ligasi finaliga chiqib, hal qiluvchi bahsda «PSJ»ga imkoniyatni boy bergan.