Vodi derbyisidagi "Neftchi" va "Navbahor" qarama-qarshiligi yuqori tempda o‘tdi va unda g‘olib aniqlanmadi – 1:1. Markaziy to‘qnashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanida namanganliklar ustozi Temur Kapadze fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Qiziqarli o‘yin bo‘ldi va bu kutilgandi ham. Ikkala jamoa ham yaxshi. "Neftchi" o‘tgan yilgi chempion, hozir ham yaxshi darajani ko‘rsatyapti. Lekin yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Albatta, oxirgi daqiqada gol o‘tkazib yuborganimiz alamli bo‘ldi. G‘alabani qo‘lga kiritishga haqli edik. Imkoniyatlarimiz ham bo‘ldi, ayniqsa, ikkinchi bo‘limda. Gol urishimiz kerak edi. Balki "Neftchi" ham bitta golga haqli bo‘lgandir. Umuman olganda, ikkala jamoa ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. O‘zi Farg‘onada o‘ynash oson emas. Shunga qaramasdan futbolchilar ko‘rsatmalarimizni yaxshi bajarishdi. Muxlislarimizga rahmat aytaman. Shuncha ishqiboz keldi va bizni qo‘llab-quvvatlashdi. Ularga g‘alaba taqdim qilmoqchi edik, ammo durang bo‘ldi. Keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ramiz. Stadionga kelgan har bir ishqiboz yaxshi o‘yin guvohiga aylanishdi. Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar yaxshi qo‘shilishdi. Quvondiq chiqdi, Komilovni himoyaga tushirdik va kuchaytirdik. Shoh o‘rtaga tushdi, menimcha yaxshi bo‘ldi. Ular tushganidan keyin ham imkoniyatlarimiz bo‘ldi. Kojo ham hal qilishi kerak edi. Balki "Neftchi"da o‘ynab ketgani uchun jazolamadi, albatta bu hazil. Har bir futbolchi maydonda borini berishdi, yaxshi harakat qilishdi.
- Abbos G‘ulomov ko‘rinmadi. Unda jarohat bormi?
- Abbosda jarohat yo‘q edi. Murabbiylar shtabi bilan qaysi pozitsiyaga qanaqa o‘yinchilar kerakligini ko‘rdik. Tarkibda rotatsiya qildik. Ro‘yxatda faqat 20 nafar futbolchi bo‘lishi kerak. Har o‘yinda rotatsiya qilib, kimgadir dam beryapmiz.
- Ruslan Jiyanov avvaliga himoyada yordam berdi, keyin oldinroqqa o‘tdi. U haqida fikringiz?
- Jiyanovni nimaga qodirligini bilamiz. Qaysi epizodlarda qanaqa o‘ynashini aytdim. Himoyaga ham yordamlashtirdi. Goldan keyin taym oxirlarida "Neftchi"da yaxshi hujumlar bo‘ldi. O‘zimizni xatolarimiz edi. Birinchi bo‘limdan keyin to‘g‘ri ko‘rsatma berdim. Ikkinchi bo‘limda menimcha yaxshi o‘ynadik, xatolar kam bo‘ldi. Raqibga imkoniyatlarni kamroq berdik. Faqat o‘zimiz yaratgan imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak edi.
- Jamoangizni 6 ta o‘yindagi g‘alabasiz seriyasini nima bilan izohlaysiz?
- Ko‘p futbolchilar almashyapti, kelyapti. Bunga vaqt kam. Hamma har xil holatda kelyapti, kimdir keyin qo‘shilyapti. Kojo keldi, keyin Jasur Jaloliddinov. U milliy jamoadan kelganidan keyin deyarli hech narsa qilmadi. Asta-sekin formaga kiradi. Biz ham qarayapmiz, unga imkoniyat beryapmiz, bunisiga imkoniyat beryapmiz. Kamchiliklarni ko‘rayapmiz, to‘g‘rilashga harakat qilyapmiz. Menimcha, relsga tushishimiz kerak. Bizda yaxshi potencial bor, har taraflama. Qolgan o‘yinlarda nimadir yetishmayapti, buning ustida ishlayapmiz. Hammasi joyiga tushadi. Qolaversa, uyimizga endi qaytyapmiz. Hamma uchrashuvlarimiz safarda o‘tdi. Mana, bugungi atmosferani qaranglar, "Neftchi" uchun qanchalik dalda?! Balki o‘yin boshqa joyda bo‘lganida ular oxirida o‘zlari uchun kuch topa olmasdi. Baribir uyda o‘ynayotgan jamoani oldinga chorlayapti. Balki biz ham OKMK, "Qizilqum"ga qarshi uyimizda mana shunday qo‘llab-quvvatlash ostida o‘ynaganimizda boshqacha bo‘lardi. Bu raqibga bosim va o‘z jamoasiga qo‘shimcha kuch beradi. Nasib bo‘lsa, keyingi uchrashuvni uyda o‘ynaymiz. Maydon holati kundan-kunga yaxshilanayotgani. Baribir tribunani, muxlislarni sezgan futbolchi boshqacha harakat qiladi. Bizga oziga vaqt kerak, tushunib turibmiz. Tarkib 90 foiz almashtirildi. Jamoa asta-sekin tuzilyapti. Bu bir kunlik ish emas. Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Rahbariyat ham qarayapti va to‘g‘ri tushunib bizni qo‘llab-quvvatlayapti.
- "Cooling Break"dan keyin o‘yin tempi biroz pasaydi. Bunga fikringiz qanday?
- Ko‘rayotgan bo‘lsanglar o‘yin tempida hozir hamma narsani qisqartirishyapti. Soniyalarda, tezroq boshlash kerak. Kimdir jarohat olsa va maydonga shifokorlar chiqsa u ham zararga ishlayapti. Jamoa bir futbolchi kam 10 kishi qolyapti. Bu mantiqsiz. Jarohat olib o‘zidan-o‘zi yotmayapti. Ha, shunchaki yotib oladiganlar bo‘lsa tushunaman, uni jazolash mumkin. Pauzalar kimgadir qo‘l kelishi, kimgadir zararga xizmati qilishi bor gap.
- "Navbahor" bir ochko oldimi yoki ikki ochko yo‘qotdimi?
- Albatta, "Neftchi"da ham birinchi bo‘limda bir-ikkita yaxshi vaziyatlari bo‘ldi. Menimcha, biz bugun g‘alaba uchun haqli edik. Oxirgi soniyada standartdan gol o‘tkazib yuborganimiz bu albatta alamli. To‘g‘ri, qaerdadir omad ham biz tarafda bo‘ldi. Jamoamizda ham yaxshi imkoniyatlar yuzaga keldi. 1:0 hisobida yutayotganimizda yana urishimiz kerak edi. Hammasi hal bo‘lardi. 1:0 esa raqib jamoani ham tonusda ushlab turadi. Standartda o‘zimiz xato qildik. Yaxshiroq o‘ynasak bo‘lardi. Oxirida gol o‘tkazib yuborilgach, tabiiyki g‘alabani qo‘ldan chiqardik desak bo‘ladi", - deya Kapadzening so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.