Live
2
O'zbek

Aleksandr Homyakov: «G'alabaga loyiq o'ynamadik, ammo mag'lubiyatga ham loyiq emas edik»

Futbol
9 noyabr, 06:44
Homyakov matbuot anjumanida qatnashdi.
Aleksandr Homyakov: «G'alabaga loyiq o'ynamadik, ammo mag'lubiyatga ham loyiq emas edik»
Фото: Бухоро ПФК

«Buxoro» hamda «Nasaf» (0:1) klublari ishtirokidagi uchrashuvdan so'ng mezbonlar ustozi Aleksandr Homyakov matbuot anjumanida qatnashdi.

— O'zingiz ham ko'rdingiz, shunday emasmi? Juda hissiyotlarga boy uchrashuv bo'ldi. Bu bahs turli jihatlardan muhim ahamiyatga ega edi. Bir tomondan, derbi, ikkinchi tomondan, turnir jadvalida yonma-yon turgan jamoalar o'zaro to'qnash keldi. G'alaba chempionatning yakuniy qismidagi keyingi strategiyamiz uchun ma'lum ustunlik berishi mumkin edi.

Bilmayman, baribir ko'ngilda qandaydir afsus qoldi. Biz g'alabaga yaqqol loyiq o'yin ko'rsatdik, deb ayta olmayman. Ammo mag'lubiyatga ham aniq loyiq emas edik. Shuning uchun ham ikki karra afsusdamiz. O'yinning so'nggi qismida qizil kartochka oldik va ma'lum ma'noda diqqat-e'tibor, muvozanat yetishmadi. Natijada o'tkazib yuborishimiz shart bo'lmagan golni qo'yib yubordik.

O'yinning o'ziga kelsak, hammasi rejamizdagidek kechdi, deb ayta olmayman. Aslida, 60-daqiqadan keyin o'yin shiddatini oshirishni rejalashtirgandik. Ammo aksincha bo'ldi. «Nasaf» jamoasining murakkab taqvimini ham hisobga olgan holda, uchrashuvning yakuniy qismida raqibga yanada ko'proq bosim o'tkazishni maqsad qilgandik.

Lekin raqib jamoa bizning dastlabki shiddatli hujumlarimizga ham, o'yinning o'rta qismidagi bosimimizga ham bardosh berdi. Uchrashuvning yakuniy qismida esa ustunlik aniq bizning tomonda bo'lmadi. Chunki ko'proq himoyalanishga majbur bo'ldik, ular esa himoyamizga anchagina noqulayliklar tug'dirishdi. Shuning uchun ham afsusdamiz. Ammo nima ham qilardik, oldinga harakat qilishda davom etamiz.

— Deyarli har bir turda, masalan, o'tgan turda adashmasam, beshta qizil kartochka ko'rsatildi. Bu turda ham qizil kartochkalar soni ko'payib bormoqda. Bu holatni qanday izohlaysiz? Umuman, chempionatning so'nggi turlariga kelib futbolchilarda asabiylik, charchoq yoki shunga o'xshash holatlar kuzatilyaptimi? Qizil kartochkalarning ko'payishi mavsum yakuniga yetib kelayotganimiz va charchoq bilan bog'liqmi?

— Ha, albatta. Sizning fikringizga qo'shilaman. Qizil kartochkalar olish, albatta, yoqimsiz holat. Futbolchilar ham inson, ular ham charchaydi. Avvalo, ma'lum darajada hissiy charchoq to'planadi. Jismoniy charchoq ham bor. Ayrim vaziyatlarda futbolchilar raqibdan ortda qolib ketadi va shu sababli nisbatan qattiqroq, qo'polroq harakat qilishga majbur bo'ladi. Natijada chetlatish holatlari yuzaga keladi.

Bularning barchasi mavsum yakuniga yaqinlashib qolganimiz va charchoq bilan bog'liq. Yigitlar juda ko'p kuch sarflashmoqda, harakat qilishyapti. Hech kimni chempionatni shunchaki yakunlashga urinyapti, deb ayblamoqchi emasman. Har bir uchrashuvda g'alaba qozonish uchun maydonga chiqishmoqda. Shuning uchun ularga nisbatan alohida e'tirozim yo'q. Bu holatlarning barchasi, asosan, hissiy charchoq bilan bog'liq.

— Bugun Ro'ziyevning yo'qligi bilindi, deb o'ylaysizmi?

— Ro'ziyevga kelsak, uning hisobida to'rtinchi sariq kartochka bor edi. Albatta, bu kartochka majburiy bo'lgan, deb aytolmayman. Shunga qaramay, bugungi uchrashuvni o'tkazib yuborishiga to'g'ri keldi va biz tarkibni qayta shakllantirishga majbur bo'ldik.

Afsuski, hozircha yarim himoyachilarimiz ham ko'p emas. Ravshan ham endigina mashg'ulotlarga kirishdi, hali umumiy guruhda shug'ullanayotgani yo'q.
Quvondiq Ro'ziyevning esa umumiy guruhga qaytgani va bugun maydonga tushgani quvonarli holat. Shu tariqa, lazaretimizdagi futbolchilar soni asta-sekin kamayib bormoqda. Bu esa tarkibda rotatsiya qilish imkoniyatini beryapti. Albatta, bu bizni xursand qiladi.

— Ilk bor «Buxoro»ga kelganingizda jamoani olib qolish vazifasi qo'yilgan edi. Siz bu vazifani uddaladingiz. Bu yil esa jamoa deyarli sovrinli o'rinlar uchun kurash olib bormoqda. Yaqinda yana bir xushxabarni eshitdik: jamoa bilan shartnomangizni uzaytiryapsiz. Keyingi yil muxlislar nimani kutishlari mumkin? Jamoa kelasi mavsumda yanada kuchliroq harakat qiladimi? Oldinga qanday maqsadlar qo'yiladi?

— Tayyorgarlik jarayonini rejalashtirishimiz kerak. Ammo buning uchun viloyat rahbarlari bilan uchrashib, barcha masalalarni muhokama qilishimiz, ularning istaklari va imkoniyatlarini eshitishimiz lozim. Shundan keyingina kelasi yil qanday maqsadlar uchun kurashishimiz mumkinligini belgilab olamiz», - deya Aleksandr Andreyevichning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Buxoro Buxoro
  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar