Live
7
O'zbek

Islom Ismoilov: «Chempionlikka qancha yaqinlashganimiz sari bosim shuncha oshib ketyapti»

Futbol
8 noyabr, 12:40
    9
«Neftchi» bosh murabbiyi OKMKga qarshi bahsdagi superkambekdan so‘ng savollarga javob qaytardi.
Islom Ismoilov: «Chempionlikka qancha yaqinlashganimiz sari bosim shuncha oshib ketyapti»
Foto: PFC Neftchi

Farg‘onada bo‘lib o‘tgan «Neftchi» - OKMK (2:1) bellashuvi mezbonlar uchun dramatik tarzda kechdi. 88-daqiqada mehmonlar penaltidan hisobni ochishdi. Shundan keyin mezbonlar haqiqiy xarakter ko‘rsatishdi. 90-daqiqada hisob tenglashdi va 7 daqiqa vaqt qo‘shib berilganida oxirgi soniyada g‘alaba golini urishdi.

Jangovar uchrashuvdan keyin g‘olib jamoa ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.

— Barchani qo‘lga kiritilgan ajoyib g‘alaba bilan tabriklayman. Albatta, bunaqa uchrashuvlar futbolning bezagi. Bu o‘yinni ko‘rgan barcha muxlislar ikkala jamoaning hujumkor o‘yinini ko‘rishdi va ajoyib g‘alabadan xursand bo‘lishdi. Bu — jamoaning xarakteri. Nima uchun kurashayotganimizni ko‘rsatib beradigan o‘yin bo‘ldi.

— Nurbek Sarsenbayev kecha o‘rinbosarlar jamoasida ikkita gol urgandi. Bugun ham zaxiradan tushib gol urdi. Unga qanday ishonch bildirdingiz? Agar o‘xshamaganda katta ehtimol bilan tanqidlarga uchrardingiz.

— Albatta, Nurbek uchun xursandman. Kelajagi porloq futbolchi, faqat mehnat qilishdan to‘xtamasa. Bizda zaxirada boshqa hujumchi yo‘q edi. Marushich jarohatda. Peritsa ham aslida jarohati bilan o‘yin o‘tkazyapti. Qiyin holatda qo‘lidan kelganicha jamoaga yordam berishga harakat qilyapti, rahmat. Ikkita variant bor edi: Alisher Odilovni hujumga o‘tkazib, o‘rniga qanotlarga o‘yinchi tushirish, lekin har bir murabbiyda ichki hissiyot bo‘ladi. Avvalo, barchasi Allohdan. Qarorim to‘g‘ri bo‘lib chiqqanidan, Nurbek gol urgani dan xursandman.

— O‘yindan keyin Koffi Kuao tibbiyot xodimlari ko‘magida maydondan chiqib ketdi. Uning holati qanday?

— U klub bilan deyarli 8 kun bo‘lmadi. Pasporti bilan bog‘liq vaziyatni hal qilish uchun Afrika davlatiga jo‘nab ketgandi. Kecha jamoa ixtiyoriga yetib keldi va bugun o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Bu orada baribir muskullar o‘z tonusidan chiqadi. Shunga qaramasdan u maydonda bor kuchi bilan yordam berishga harakat qildi. Bu — haqiqiy matonat. Bir hafta mashg‘ulot o‘tkazmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri bunday qiyin o‘yinda maydonga tushgandan keyin bunday og‘riqlar kuzatilishi tabiiy. Keyingi o‘yinlarga yanada tayyor bo‘ladi.

— 90-daqiqada hisob 1:1 bo‘ldi. Shundan keyin g‘alabaga ishonchingiz bormidi?

— Ishonch doimo hakam hushtagi chalinguniga qadar saqlanib turadi. Jamoaning xarakteriga ishongandim. Hammasi Allohdan. Bunaqa o‘yinlardagi g‘alaba inson omili bilan qo‘lga kiritilmaydi. Xudoga aytgan joyimiz bor ekan, omad bizga kulib boqdi.

— O‘yinda tub burilish bo‘lishi uchun «Neftchi» to‘p o‘tkazib yuborishi kerak bo‘lyapti.

— Hujumkor o‘ynayapmiz, oldingi chiziqda imkoniyatlardan foydalanishimiz kerak, bo‘lmasa raqib o‘z imkoniyatlaridan foydalanib ketadi, deb oldin ham aytganmiz. To‘g‘ri, OKMKni yo‘qotadigan narsasi yo‘q. Doim chiroyli va ochiq futbol ko‘rsatadi. Ajoyib jamoa shakllangan, u yerda ajoyib murabbiy faoliyat ko‘rsatyapti. Bizning ham hujumkor o‘ynashdan boshqa ilojimiz yo‘q edi. Uyda, muxlislar qarshisida o‘ynayapmiz. Birinchi bo‘limda yaqqol imkoniyatlarimiz bo‘ldi, foydalana olmadik. Raqib deyarli yo‘q joydan penalti ishlab, imkoniyatidan foydalandi. Bu ham jamoaga ta’sir qiladi. Gol o‘tkazib yuborilgach, jamoa ham yo‘qotadigan narsasi yo‘qligini tushunib yetadi. O‘yin boshida bosim juda yuqori edi. Chempionlikka qancha yaqinlashganimiz sari bosim shuncha oshib ketyapti. Buni yengib o‘tish futbolchilarga ham, murabbiy sifatida menga ham qiyin bo‘lyapti. Lekin rahbariyatga, viloyat hokimiga qo‘llab-quvvatlayotgani uchun rahmat aytamiz. Jamoa sifatida qiyin vaziyatlardan chiqib ketyapmiz.

— Sarsenbayev bilan tuzilgan shartnoma qancha muddatga mo‘ljallangan?

— Nurbekning shartnomasi 2028-yilgacha. Bitta o‘yin bilan cheklanib qolmasligi kerak. Yoshlar ligasida to‘purarlar poygasida birinchi o‘rinda ketyapti. Bugun Peritsani ham gol urishiga umid qilgandik, gol urib to‘purarlar poygasida peshqadamga aylanganida, mavsum oxirida ham asosiy, ham yoshlar jamoamiz hujumchilari to‘purar bo‘lishi qanchalik hujumkor o‘yin namoyish etayotganimizni ko‘rsatib berardi. Nurbek hali yana o‘zini ko‘rsatishi kerak, qiladigan ishlari ko‘p.

— FIFA kunlarida ham o‘rtoqlik o‘yini bo‘ladi. Bu jamoaning dam olish kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatmaydimi?

— Futbolda dam olish degan tushuncha yo‘q. Futbolda to‘xtab qolsangiz, unda orqaga ketasiz. FIFA kuni bo‘ladimi yoki bo‘lmaydimi, biz mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Reja bo‘yicha davom etamiz. Klubdagi ishdan tashqari paytda ham biz futbol bilan yashaymiz. Futbolda dam degan tushuncha yo‘q. Futbolda ishlayotgan har bir insonning dam olishga haqqi yo‘q.

— Oxirgi o‘yindan keyin ijtimoiy tarmoqlarda har xil tanqidiy fikrlar bildirildi. Bu OKMK bilan o‘yinda albatta yutishimiz kerak, degan motivatsiyani berdimi?

— Bu juda qiyin holat edi. Qil ustidan qaytdik. Har bir insonning ichida o‘zligi bo‘ladi. Agar jamoadagi har bir inson o‘zligini ko‘rsatish uchun harakat qiladigan bo‘lsa, unda jamoa bo‘lmaydi. Kimlardir o‘zining ichki hissiyotlarini yengib o‘tishi lozim. Bu bo‘yicha viloyat rahbari jamoani har tomonlama juda katta qo‘llab-quvvatladi», — deya Islom Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Neftchi Fargona Neftchi Fargona
  • ОКМК ОКМК
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

9 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar