«Bavariya» darvozaboni Manuel Noyer oyoq payining qisman uzilishi sabab uzoq muddatga safdan chiqdi. Jurnalist Patrik Shtrasserning xabar berishicha, 40 yoshli posbon mashg‘ulotlarga qaytishi uchun 6 haftadan 12 haftagacha vaqt kerak bo‘ladi.
Eng qulay ssenariy bo‘yicha Noyer yanvar oyida safga qaytishi mumkin. Biroq uning tiklanish jarayoni fevralgacha cho‘zilishi ehtimoli ham bor. Fabritsio Romano ham darvozabonning o‘ng oyog‘idagi paydan qisman jarohat olganini tasdiqladi. «Bavariya» ham futbolchining jarohati haqida ma’lumot bergan.
Ma’lumot uchun, Noyer Germaniya chempionati doirasida «Mayns»ga qarshi bahsda jarohat olgan. U ushbu mavsum Bundesligada beshta o‘yinda maydonga tushib, uchta gol o‘tkazib yuborgan.
Eslatib o‘tamiz, germaniyalik darvozabonning «Bavariya» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.