Live
7
O'zbek

Mirjalol Qosimov: «Birinchi bo‘limning o‘zidayoq 4 ta 100 foizlik vaziyatga ega bo‘ldik»

Eksklyuziv
8 noyabr, 13:17
Qosimov matbuot anjumanida qatnashdi.
Mirjalol Qosimov: «Birinchi bo‘limning o‘zidayoq 4 ta 100 foizlik vaziyatga ega bo‘ldik»
Фото: ОКМК

«Neftchi» - OKMK (2:1) bellashuvidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar ustozi Mirjalol Qosimov ishtirok etdi.

- Ajoyib o‘yin bo‘ldi. Qiziqarli, shiddatli. Ozgina omad yetishmadi. Bir-biriga munosib, tomoshabop, kurashlarga boy o‘yin bo‘ldi. G‘alaba qozonishni juda xohlagandik. Buning uchun birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham ko‘p imkoniyatlarimiz bor edi. Foydalana olmadik. Futbol qonuni: sen urmasang, senga urishadi. Bu ham yigitlar uchun katta tajriba. Bir-ikki kun futboldan dam olib, keyin u yog‘ini o‘ylaymiz.

- Xorvatiyalik Ivan Pesich juda yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Jamoa bilan shartnomasi qanday?

- Yilning oxirigacha shartnomasi bor.

- Transfer oynasida demak ketishi ham yoki qolishi ham mumkin ekan-da?

- Olmoqchimisiz? Yarim yil qolganida bemalol gaplashib, kelishuv qilsangiz bo‘ladi. O‘zidan so‘rarsiz.

- Abubakir Rizo Turdialiyevdan birinchi bo‘limda ikkita o‘ta qulay imkoniyat bo‘ldi…

- Adashmasam, uchta. Birinchi bo‘limning o‘zidayoq 4 ta 100 foizlik vaziyatga ega bo‘ldik. Undan oldin Papava ham gol ura olmadi. Botirali yaxshi himoyalandi.

- Abubakir Rizo haqida so‘ramoqchiman. U personal qo‘yilgandek ko‘rindimi yoki beshta himoyachi bo‘lib o‘ynadimi?

- Biz beshta himoyachi bo‘lib o‘ynaganimiz yo‘q. 4-2-3-1 tizimida o‘ynadik. Beshinchi himoyachi bo‘lganida, 3 ta vaziyat qayerdan kelib chiqqan bo‘lardi? Menimcha, hujumda o‘ynadi.

- Hujumkor futbol o‘ynash qiyinmi yoki himoyaviy futbolga qarshi o‘ynash qiyinmi?

- Hujumkor o‘ynagan jamoaga qarshi o‘ynash osonroq. Avtobus qo‘yilsa, birinchidan, yorib o‘tish qiyin. Raqibga ham bog‘liq, qanday himoyalanadi? Ikkinchidan, orqada bo‘shliq paydo bo‘ladi. Bir-ikkita tezkor futbolchisi bo‘lsa, qochib ketish ham oson-da. Yopiq jamoaga qarshi o‘ynash qiyinroq. Bugun ochiq futbol bo‘ldi. Xuddi shunday o‘yin tarafdoriman. Muxlisbop o‘yin bo‘ladi. Himoyaviy o‘ynab ham maqsadga erishish mumkin.

- OCHL Elitda qatnashayotgan «Paxtakor» va «Neftchi»ning guruhdan chiqish imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Guruhdan chiqishlarini juda ham xohlayman. Bu faqat Farg‘ona yoki Toshkentning yuzi emas, butun O‘zbekistonning yuzi. Qiziqib qarayman, «Neftchi», «Paxtakor» yoki «Nasaf» bo‘lsa ham mana shunday musobaqalarda ishtirok etganda, muxlislik qilib, jamoalar yutishini xohlayman. Yutish-yutmasligiga kelsak, masalan, bugungi o‘yinni qarang yoki Eronda 2:1 ga yutayotib, oxirida g‘alaba qo‘ldan chiqarildi. Ajab emas, bir deganda chiqishsin. Biz qancha ko‘p ochko yig‘ib, qancha ko‘p kvotaga ega bo‘lsak, shuncha boshim osmonga yetadi.

- Mirjamol Qosimov ham kelajakda dadasi kabi murabbiy bo‘lishi mumkinmi?

- Buni o‘zidan so‘raysiz. Menimcha, aniqroq qilib javob beradi. Shu bois bir narsa deyish qiyin.

- OKMK chempionatda yaxshi o‘ynayapti. Bugun ham ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Kubokda sizlarga omad tilaymiz.

- Rahmat. Bu katta malaka, o‘rganib chiqamiz, tushuntiramiz. Futbolda oddiy vaziyatlarda xatolarga yo‘l qo‘ydik-da. Futbolda eng qiyini oddiy o‘ynash. Aziz birga-bir chiqdi, yonida ikkita jamoadoshi bor edi, to‘pni berishi kerak edi, ammo Botirali yana qutqardi. Shu bilan o‘yin tugardi. «Neftchi» Botirali qutqargan vaziyatda ruhiy tarafdan yana uyg‘ondi. Yoki oxirida bosh bilan urilgan vaziyatda gol bo‘lganida tugardi, ammo darhol keyingi hujumda gol urishdi», - deya Qosimovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Neftchi Fargona Neftchi Fargona
  • ОКМК ОКМК
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar