Superliga 27-turida «Navbahor» Navoida «Qizilqum» mehmoni bo‘ldi. Unda «lochinlar» 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Yagona gol Diyor Xolmatov hisobiga yozildi. Bellashuvdan so‘ng Tribuna.uz muxbiri namanganliklar himoyachisi Dilshod Komilov bilan suhbatlashdi.
- Avvalo g‘alaba bilan tabriklayman. «Qizilqum»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz…
- Tabrik uchun rahmat. Bu o‘yinga har doimgidek yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Chunki qiyin bo‘lishini juda yaxshi bilardik. Birinchi davrada durang qayd etganimiz sabab faqat g‘alaba bizni qoniqtirardi. Navoiyda muhim g‘alaba erishdik. Himoyada juda tartibli harakat qildik. Raqib gol urishi uchun imkoniyat bermadik. Biz esa o‘z vaziyatimizdan foydalanib, muhim uch ochkoga ega bo‘ldik. Muhimi shu.
- Bu jamoa siz uchun begona emas. Navoiyda o‘ynagansiz. Sobiq jamoangizga qarshi harakat qilish qanday kechdi?
- Shubhasiz, sobiq jamoaga qarshi o‘ynash menda yaxshi taassurot qoldirdi. Avvalo birga o‘ynagan do‘stlarim bor. Endi ularga qarshi raqib sifatida harakat qildim. Shu o‘rinda «Qizilqum»ning keyingi o‘yinlarida omad tilab qolaman.
- «Navbahor»da chempionlik uchun imkoniyat kam. Demak, asosiy maqsad O‘zbekiston kubogiga qaratiladimi?
- Ha, albatta. Vaziyatga real baho bersak, O‘zbekiston kubogida g‘olib chiqish vazifamiz bor. Bunga chempionatga qaraganda yaqinroqmiz. Lekin chempionatda ham oxirgi turga qadar harakat qilamiz. Chunki nazariy jihatdan imkoniyatlarimiz saqlanib qolingan. Oldinda qolgan o‘yinlarimizda muvaffaqiyat qozonish va namanganlik muxlislarni xursand qilish uchun harakat qilamiz. Ammo qolgani Allohdan. O‘zbekiston kubogida ham muvaffaqiyat qozonish asosiy vazifamiz va maqsadimiz hisoblanadi.
- Fabio Kannavaro yaqinda o‘z intervyularida shuni aytdiki, milliy jamoa eshiklari hamma uchun har doimo ochiq. Siz ham undan taklif kutyapsizmi?
- Fikrimcha, milliy jamoaga qaytish va undan taklif olish uchun hammada yaxshi imkoniyat bor. Albatta, bosh murabbiy meni yana taklif qilsa, o‘zimni har tomonlama ko‘rsatish uchun harakat qilaman. Milliy jamoa libosini kiyish har doim men uchun sharaf hisoblanadi.
- Superliganing qolgan uchta o‘yinidan nimalar kutyapsiz?
- Faqat g‘alaba bizni qoniqtiradi. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.