Vodiya derbisi doirasidagi "Neftchi" - "Navbahor" o‘rtasidagi bahs kutilganidek keskin kurashlarga boy o‘tdi. Mezbonlar oxirgi daqiqada urilgan gol evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Natijada 1:1 hisobi qayd etilgan uchrashuvda ikkala jamoa bir ochkodan bo‘lishib oldilar. Farg‘onaliklar ustoz Islom Ismoilov matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
- Har o‘yindan oldin futbolchilarga aytaman, jamoalar amaldagi chempion va birinchi o‘rinda ketayotgan jamoaga qarshi xuddi finalga chiqqandek maydonga tushishyapti. Bugun ham ko‘rishimiz mumkinki, "Navbahor" futbolchilari oxirgi daqiqagacha maksimal harakat qilishdi. Menimcha, bu jamoani o‘yinini ko‘rganimizda oldin bunday bor kuchi harakat qilishmagandi. Bu tabiiy holat. Hamma klub peshqadamga qarshi bor kuchi bilan o‘ynashga harakat qiladi. Bu xususida hafta davomida futbolchilarni ogohlantirdik. Ruhiy tarafdan ham ishladik. Lekin bu – futbol. Ko‘plab imkoniyatlarimiz yaratildi. O‘yinchilar borini berishdi. Albatta, oxirida qiyin holatdan qutqarishdi. Buning uchun ularga rahmat aytaman. Hamma har xil talqin va tanqid qilishi mumkin, lekin fakt shuki, hozirgi kunda birinchi o‘rindamiz. Jamoamiz "Paxtakor"ga qarshi uchrashuvni hisobga olmaganda mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettiryapti. Ishlashda davom etamiz. Mavsum oxirigacha shu joyimizda qolish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.
- O‘yindan oldin Jokich jarohat oldi. Uni holati qanday?
- Yovan Jokichni jarohati yana qaytadan takrorlandi. Yaqinda operatsiya jarayonini o‘tkazadi. Shifokorlar operatsiyadan keyin uch oy muddatda tiklanishini ma'lum qilishdi.
- OChL Elit musobaqasiga oz qoldi. Buning uchun transfer borasida harakat bormi? Masalan, hujumchi borasida.
- Albatta, klub rahbariyati buning ustida ish olib boryapti. Aniq bo‘lmaguncha nomlarni e'lon qilmay turamiz. Lekin jamoa tarkibini OChL Elit musobaqasi uchun kuchaytirishga harakat qilyapmiz.
- "Neftchi"ni "Paxtakor" bilan chempionlik uchun kurashayotgan bir paytda bugungi bir ochkosini mag‘lubiyatga teng deb hisoblaymizmi yoki derbida so‘nggi daqiqada gol urib mag‘lubiyatdan qutulib qolgani uchun g‘alabaga tenglashtirish mumkinmi?
- Chempionlik yo‘lida yo‘qotilgan har bir ochko mag‘lubiyatga teng hisoblanadi. "Navbahor" jamoasi ham bugun yaxshi o‘yin o‘tkazdi, buni inkor etib bo‘lmaydi. Lekin bizda ham ko‘plab imkoniyatlar bo‘ldi. Birinchi bo‘limda Perica imkoniyatidan foydalanganida o‘yin umuman boshqacha ketardi. Ikkinchi taymda ham ko‘proq hujum qildik. Shuning hisobiga yuqoriga ko‘tarilganimiz uchun "Navbahor" qarshi hujumlarda o‘ynadi. Gol urish uchun oldinga o‘tganingizda orqada bo‘sh hudud qoladi, busiz iloji yo‘q. Bemalol aytishim mumkinki, bu yo‘qotilgan ochko.
- Temur Kapadze biz g‘alabaga ko‘proq loyiq edik, deb aytdi. Lekin birga-bir vaziyatlarda "Neftchi" imkoniyatlaridan foydalanganida g‘alaba qozonishi ham mumkin edi…
- Albatta. Bugun O‘tkir Yusupov ham ajoyib o‘yin o‘tkazdi. Iskanderov, Marushich va yana boshqa futbolchilarimizning zarbalarini, 100 foizli gollarda jamoasini qutqardi. Bemalol ayta olamanki, g‘alaba qozonsak bo‘lardi. Omad bilan ham bog‘liq. Tinimsiz oxirgi daqiqalarda uyushtirgan hujumlarimiz natijasida o‘zimizni golimizni urib ketdik. Gol urishimiz kerak edi. Agar mag‘lubiyatga uchraganimizda futbolni bizga nisbatan nohaqligi bo‘lardi.
- "Neftchi" muxlislari hakamlarni haqoratlar bilan kuzatib qo‘yishdi. Hakamlarni qarorlariga qanday qaraysiz?
- Hozir bir narsa deya olmayman. Men o‘yinni umuman boshqa rakursdan ko‘raman. Muxlislar esa boshqa rakursdan ko‘radilar. Shuning uchun uchrashuv davomida men futbolchilarimga ko‘proq e'tibor qaratishga harakat qilaman. O‘yinni ko‘rib tahlil qilganimizda keyin xatolarini ko‘rishimiz mumkin.
- Jahon chempionati finalida Argentina qila olmagan ishni "Navbahor" qildi. Ya'ni, Argentina yarim himoyada Ispaniyadan to‘pni olib qo‘ya olmagandi. Bilamizki, "Neftchi" Superligada eng yaxshi yarim himoyasiga ega jamoalardan biri. Bugungi o‘yinda ikkala jamoani yarim himoyasini qanday baholaysiz?
- To‘g‘ri, yarim himoyada yomon o‘yin o‘tkazdik, deb ayta olmayman. Bu o‘yinni borishiga ham bog‘liq. O‘yin boshida o‘tkazib yuborilgan gol rejani o‘zgartirib yubordi. Xohlaymizmi-xohlamaymizmi, yuqoriga ko‘tarilishga harakat qildik. 16 dan 16 ga ko‘p harakatlanishga majbur bo‘ldik. "Navbahor" tarkibida ham sifatli futbolchilar ko‘p. Pastki o‘rinlarda yurgani bilan Superligani sifatli o‘yinchilari bor. Legionerlari ham saviyali. To‘pni bemalol nazorat qilib, o‘yinni o‘z qo‘liga olishni biladilar. Ularni yarim himoyasi ham maydon markazida ustunlik qilishi tabiiy holat edi. Sababi, bu o‘tkazib yuborilgan golga bog‘liq.
- Yosh futbolchi Nurmuhammad Abdug‘anievni zaxiradan maydonga tushirilishi o‘zini oqladi. Shu xususida nima deya olasiz?
- Nurmuhammad Abdug‘aniev yoshlar ligasida ham markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramasdan hujumlarga ko‘p qo‘shiladi. Unda hujumda gol urish xususiyati bor. Shuni hisobga olib, oxirgi daqiqalarda uzun paslar ko‘paygani evaziga uni hujumga qo‘yishga qaror qildik. Yakka kurashlardagi imkoniyatlarni yutib-yutib, burchak zarbasiga sababchi bo‘ldi. O‘ylaymanki, u hozirgi kunda istalgan pozitsiyada o‘ynay oladigan kamdan-kam yoshlardan biri hisoblanadi. Qaysi joyda unga imkoniyat berilsa o‘zini oqlayapti. Mehnat qilishdan to‘xtamasa yorqin kelajak kutyapti», - deya Ismoilovning so‘zlaridan keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.