Live
2
O'zbek

Islom Ismoilov: "Shukurovni Oʻzbekiston chempionatiga qaytish niyati yoʻq, Hamrobekov masalasi hozircha mavhum"

Eksklyuziv
8 avgust, 17:00
"Neftchi" bosh murabbiyi "Qizilqum"ga qarshi bahsdan soʻng oʻz fikrlarini bildirdi.
Islom Ismoilov: "Shukurovni Oʻzbekiston chempionatiga qaytish niyati yoʻq, Hamrobekov masalasi hozircha mavhum"
Фото: Нефтчи ПФК
08.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Neftchi Fargona Neftchi Fargona 5 : 0 Qizilqum Qizilqum

Amaldagi chempion – "Neftchi" yakka peshqadamligini munosib saqlab kelmoqda. Ushbu turda ular oʻz maydonida "Qizilqum"ni 5:0 hisobida tor-mor keltirdi. Oʻyindan soʻng fargʻonaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Birinchi navbatda barcha muxlislarimizni chiroyli gʻalaba bilan tabriklaymiz. Oʻylaymanki, stadionga kelgan muxlislar oʻzlari istagan futbolni koʻrishdi va chiroyli gollarga guvoh boʻlishdi. Hisiyotlarga berilmasdan mehnat qilishda davom etamiz. Har bir uchrashuvda gʻalabalar qozonish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Ikkita durangdan keyin oʻzimizga kelib olishimiz kerak edi. Futbolchilar bilan koʻp gaplashdik. "Qizilqum"ni yaxshi oʻrganib chiqdik. Birinchi davrada ham bu jamoani yirik hisobda yutgandik. Ha, qayerdadir raqib ham yetarlicha qarshilik koʻrsatdi. Biroq biz oʻylagan barcha narsalar maydonda amalga oshdi.

- 10 avgust kuni transfer oynasi yopiladi. Koʻzlangan rejalari amalga oshdimi?

- Maksimal darajada tarkibimizni kuchaytirish uchun harakat qildik. Bu boʻyicha ishlar olib borilyapti, hali toʻxtab qolmaymiz. Hozirgi kunda biz olishni istagan futbolchilarni klublari bilan shartnomalari bor. Yaxshi saviyadagi futbolchilarni qoʻlga kiritish oson ish emas. Qolaversa, safimizda yetarlicha ijrochilar bor, biz ularga ishonamiz. Oʻylaymizki, qoʻl ostimdagi futbolchilar bilan oldimizga qoʻyilgan vazifalarni bajaramiz. Elit OChL uchun tarkibimizni kuchaytirish niyatimiz bor. Bu boʻyicha ishlar olib borilyapti. Xudo xohlasa, yaxshi yangiliklar boʻlishi kerak. Elit uchun transfer oynasi ochiq boʻladi. Oladigan futbolchilarimizni faqat OChLda oʻynata olamiz. Bizda legionerlar limiti toʻlgan. Yovan Jokichni Oʻzbekiston chempionati roʻyxatidan chiqardik. Oʻrniga Kofini roʻyxatdan oʻtkazdik.

- Odil Hamrobekov va Otabek Shukurovlar haqida gap-soʻzlar yuribdi. Shunga oydinlik kiritsangiz.

- Otabek Shukurov bilan bogʻlanganmiz. Lekin uni hali Oʻzbekiston chempionatiga qaytish niyati yoʻq. Odil Hamrobekov masalasi hozircha mavhum. Uni oʻzini klubi bilan shartnomasi bor. Shuning uchun bu qiyin jarayon.

- Oʻyindan toʻliq qoniqish hosil qildingizmi?

- Oʻyindan kelib chiqib tayanch markazini kuchaytirishni maqsad qilgandik. Hisobda oldinda borayotgandik. Shu bilan birga himoya va hujumdagi balansni ushlash uchun aynan Muhsin Ubaydullayev qishda ham shu pozitsiyada oʻynagan. Muhsin universal futbolchi, istalgan joyda oʻynay oladi. Qachon ishonch bildirilsa, toʻlaqonli ishonchni oqlaydi.

- Silvanus Nimelini ortga qaytarish rejalari yoʻqmi?

- Yoʻq, buni oʻylab koʻrmaganmiz.

- Soʻnggi oʻyinlarda himoyada biroz xotirjamlik kuzatilayotgandek. Bugun ham yirik hisob boʻldi. Ammo 2-3 ta vaziyatda raqib himoyaga yorib kirdi...

- Agar biz hujumkor oʻynashni, koʻproq gollar urishni xohlasak himoyamizda xavf boʻlishi tabiiy holat. Eʼtibor bersangiz, hujum qilayotganimizda juda katta masofani tashlab chiqamiz. Yuqoriga koʻtarilamiz. Hujum qilayotganimizda 4-5 nafar futbolchimiz raqib jarima maydoniga kiradi. Himoyachilarimiz ham yuqoriga koʻtariladi. Raqib qarshi hujumda oʻynashi tabiiy holat. Bunga yechim qidiryapmiz. Qisman bugun raqibni uzun paslar orqali hujumga chiqishini toʻxtatdik. Istaysizmi-yoʻqmi, bu boʻladigan holat. Biz yo himoyada toʻliq oʻynab bitta imkoniyatimiz boʻlishini kutib yashashimiz kerak yoki hujumkor oʻynaydigan boʻlsak, bu narsalarga koʻnikishimiz kerak. Ikkalasini bir xil ushlashni iloji yoʻq. Qayerdadir darvozabonimiz, qayerdadir himoyachilarimiz ishonchli oʻynayapti. Statistikani qarasangiz, oʻtgan yili himoyaga koʻp eʼtibor qaratilgan, ammo koʻp gol oʻtkazgan. Bu yil koʻproq hujumga eʼtibor qaratayapmiz va darvozamizdan atigi 6 ta gol oʻtkazdik. 40 ta yaqin gol uryapmiz, bu shunchaki daxshatli natija. Yuqorida oʻynab turib bunday kam gol oʻtkazish katta mehnat talab qiladigan jarayon.

Oʻtgan safar ham aytgandim, masalan "Manchester Siti"da Rodri yoʻq boʻlib qolganda jamoa rosa qiynaldi. Jokich ham bizni jamoada mana shunday figuralardan bittasi. Uni oʻrnini toʻldirish va oʻyinimizni boshqa futbolchilarga moslashtirish uchun bizga uchta oʻyin kerak boʻldi. Uchta uchrashuvda juda qiynaldik. Tayanch yarim himoyasi biz qurayotgan oʻyin uslubimizda asosiy nuqtalardan biri. Jokichga oʻxshagan sovuqqon, har qanday bosim ostida qaror qabul qiladigan, texnik va taktik jihatdan kuchli futbolchi kerak boʻladi. Afsuski, jarohat oldi va jarohatlar koʻpaymoqda. Bugun Anvar Gʻofurov ham jarohat oldi. Oson boʻlmayapti. Doim bitta shakllangan jamoani ikki-uchta oʻyinchisi safdan chiqsa, oʻrnini toʻldirib, yana qaytadan jamoani yigʻib olish – bu xuddi legoni sachib yuborib, qaytadan terish bilan teng narsa. Bundan boʻyogʻiga jarohatlar kam boʻlishiga umid qilamiz. Oldimizda murakkab taqvim, qiyin oʻyinlar kutib turibdi. Barcha futbolchidan himoyada ham, hujumda ham faol boʻlishini talab qilaman", - deya Ismoilovning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Neftchi Fargona Neftchi Fargona
  • Qizilqum Qizilqum
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar