Live
4
O'zbek

UEFA va ittifoqchilari JCHga muqobil turnir oʻtkazishni muhokama qilmoqda — La Gazzetta dello Sport

Futbol
10 avgust, 09:18
Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerika futbol konfederatsiyalari FIFA prezidenti siyosatiga qarshi qoʻshma bayonot berdi.
UEFA va ittifoqchilari JCHga muqobil turnir oʻtkazishni muhokama qilmoqda — La Gazzetta dello Sport
Foto: Sportbox

Janni Infantino yana qattiq tanqid ostida qoldi. Bu safar gap oddiy norozilik haqida emas — FIFA prezidentining Jahon chempionati huquqlarining bir qismini xususiylashtirish gʻoyasi futbol olamida jiddiy qarshilikka duch keldi, deb yozmoqda Italiyanning La Gazzetta dello Sport nashri.

UEFA, OFK va KONKAKAF — Yevropa, Osiyo hamda Shimoliy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyalari rahbarlari Infantino siyosatiga qarshi qoʻshma bayonot eʼlon qildi. Hujjatni UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin, OFK prezidenti Salmon bin Ibrohim Ol Xalifa va KONKAKAF prezidenti Viktor Montalyani, shuningdek, uch konfederatsiya bosh kotiblari imzolagan.

«Futbol hech bir shaxsga tegishli emas», — deya taʼkidlangan bayonotda.

Ayni paytda Angliyadan kelayotgan xabarlar vaziyat yanada jiddiy tus olganini koʻrsatmoqda. Mahalliy matbuotga koʻra, UEFA, OFK va KONKAKAF FIFA musobaqalariga muqobil boʻladigan oʻz turnirlarini tashkil etish imkoniyatini muhokama qilishni boshlagan.

Angliya matbuoti maʼlumotlariga koʻra, uch konfederatsiya oʻrtasida oʻz musobaqalarini tashkil etish boʻyicha dastlabki muzokaralar boshlangan. Bunday tashabbusdan koʻzlangan maqsad — futbolchilar uchun xalqaro darajada muntazam raqobat muhitini saqlab qolish va ayni paytda FIFAga boʻlgan qaramlikni kamaytirish.

Ayni paytda bu faqat dastlabki muhokamalar boʻlib, aniq loyiha yoki tasdiqlangan musobaqa formati mavjud emas. Ammo UEFA, OFK va KONKAKAF kabi uch yirik konfederatsiyaning bunday variantni jiddiy muhokama qilayotganining oʻzi FIFA bilan munosabatlardagi inqiroz qay darajaga yetganini koʻrsatadi.

Qoʻshma bayonot: «Futbol hech kimning shaxsiy mulki emas»

Uch konfederatsiya bugun tarqatgan qoʻshma bayonotni keskin ohangda boshlagan.

«Futbol — dunyodagi eng katta umumiy ehtiros. U hech bir shaxsga yoki institutga tegishli emas. U futbolchilar, muxlislar, klublar, aʼzolar va uning kelajagini himoya qilish vazifasi yuklatilgan har bir tashkilotga tegishli.

Bugun biz aynan shu ruhda birgalikda soʻzga chiqyapmiz.

Soʻnggi oʻn yildagi oʻsish haqiqiy boʻldi. Ammo bu taraqqiyot hech qachon bir shaxsning xizmati emas. U FIFA, konfederatsiyalar, aʼzo assotsiatsiyalar va hayotini ushbu sportga bagʻishlagan minglab insonlarning umumiy mehnati natijasidir», — deyiladi bayonotda.

Konfederatsiyalar musobaqalarni kengaytirish, 2030 va 2034 yillik Jahon chempionatlarini oʻtkazish huquqini taqsimlash hamda futbol assotsiatsiyalariga mablagʻ ajratish kabi qarorlar ham umumiy kelishuv asosida qabul qilinganini taʼkidlashgan.

«Bu pul masalasi emas. Konfederatsiyalar FIFAning mavjud ulkan zaxiralarini aʼzo assotsiatsiyalarni rivojlantirishga yanada koʻproq investitsiya qilish uchun masʼuliyat bilan taqsimlashni allaqachon soʻragan.

Gap biror aʼzo assotsiatsiyaning qonuniy ravishda qoʻlga kiritgan yordamidan mahrum boʻlishi haqida ham emas. Vaholanki, federatsiyalarimizga qarshi turli vahimali kampaniyalar olib borilib, jamoatchilikka aksincha tasavvur uygʻotishga harakat qilinmoqda.

Musobaqalarni kengaytirish, Jahon chempionatidagi oʻrinlarni taqsimlash yoki boshqa birgalikda qabul qilingan qarorlarni qayta koʻrib chiqish masalasi ham muhokama predmeti emas. Bu qarorlar birgalikda qabul qilingan va ular saqlanishi kerak.

Bu yerda ancha muhimroq masala oʻrtaga chiqmoqda — futbolning yaxlitligi va uni boshqarish uchun saylangan shaxslarning halolligi.

Futbolda rahbarlik hech kimning shaxsiy mulki emas. Gap hokimiyatni egallash yoki unga daʼvo qilishda emas. Bu — futbol oilasi sizga ishonib topshirgan masʼuliyatni ado etish vazifasidir.

Ishonch aldoq orqali buzilsa, bir shaxs unga vakolat bergan jamoaviy tuzilma ustidan oʻzini ustun qoʻysa, bu burchdan voz kechilganini anglatadi».

«Bu oddiy kommunikatsiya xatosi emas»

Uch konfederatsiya FIFAning yaqinda tarqatgan xatiga ham javob qaytardi.

«FIFAning vitse-prezidentlar va 211 ta aʼzo assotsiatsiyaga yuborgan soʻnggi xati xatolarga yoʻl qoʻyilganini tan oladi. Ammo buni kommunikatsiyadagi uzilish sifatida talqin qilmoqda. Futbol dunyosi guvoh boʻlgan narsa esa — qaror qabul qilishdagi jiddiy xato.

Qisqa muddat ichida, yetarlicha maslahatlashuvarsiz taqdim etilgan va aʼzo assotsiatsiyalar taklif shartlarini toʻliq oʻrganishga ulgurmasidan oldin qaror qabul qilish muddatiga yoʻnaltirilgan taklif oddiy beeʼtiborlilik natijasi emas. Bu nazoratni cheklash uchun ishlab chiqilgan rejani mahsulidir.

FIFA taklifning oʻzi tubdan notoʻgʻri boʻlganini tan olmadi.

Jahon chempionatidagi ulushni sotishga urinish chuqur xato boʻlgani hamon tan olinmayapti. Bu shunchaki protseduradagi kamchilik emas, balki FIFA xizmat qilishi kerak boʻlgan institutlarning ishonchiga putur yetkazgan jiddiy holatdir».

Uch konfederatsiya FIFA mazkur voqealar boʻyicha keng qamrovli hisobot tayyorlab, uni Kengashga taqdim etishini aytganini ham qayd etdi.

Biroq ularning fikricha, bunday tekshiruvni FIFAning oʻzi, uning xodimlari yoki futbol tizimi ichidagi boshqa tuzilma oʻtkazmasligi kerak.

«Bunday jiddiy qaror xatosidan keyin toʻgʻri boshqaruv tamoyillari tekshiruvni mutlaqo mustaqil uchinchi tomon oʻtkazishini talab qiladi. FIFA maʼmuriyati bu jarayonda hech qanday rol oʻynamasligi kerak», — deyiladi bayonotda.

Infantino yana tanqid ostida

Bayonotda FIFA rahbariyatining Marokashda oʻtkazilgan yigʻilishi ham alohida tanqid qilingan.

«FIFAning oʻsha xati Marokashdagi rahbariyat yigʻilishida saylangan rahbarlardan faqat bittasi ishtirok etganini tasdiqlaydi. Kengashning biror aʼzosi yoki aʼzo assotsiatsiyalarning vakillari yigʻilishga taklif qilinmagan.

Yigʻilishda FIFAda ishlovchi yuqori lavozimli rahbarlardan iborat ijro qoʻmitasi vakillari ishtirok etgan, xolos.

Yaqinda Ijro qoʻmitasining toʻliq tarkibi emas, balki tanlangan aʼzolarining xorijda yigʻilishi, rahbariyatning Tsyurixda toʻplanishi oʻrniga xorijga chaqirilishi bizdagi xavotirlarni yanada kuchaytirdi. Bu biz bugungi holatga yetib kelishimizga sabab boʻlgan boshqaruv uslubining davomidir», — deyiladi bayonotda.

Konfederatsiyalar FIFA rahbariyatining harakatlarini yanada keskin soʻzlar bilan baholagan:

«Bu futbolni asrashi kerak boʻlgan rahbarning harakati emas. Bu futbol unga boʻysunishi kerak, deb hisoblaydigan shaxsning xulq-atvori. Masʼuliyat boʻlishi kerak boʻlgan joyda sukut, shaffoflik boʻlishi kerak boʻlgan joyda esa masofa bor. Bular futbol oʻz rahbariyatidan kutadigan sifatlar emas.

Shuning uchun biz bu pozitsiyani egalladik. Bu qarorni yengillik bilan yoki yolgʻiz qabul qilmadik. Biz birgalikda harakat qilyapmiz va bu sport oldidagi burchimizdir.

Futbolning kuch-qudrati har doim uning birligida boʻlgan. Endi ana shu birlik futbolga xizmat qiladigan, uni boshqarishga emas, unga rahbarlik qilishga intilmaydigan rahbariyat tomonidan hurmat qilinishi kerak».

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh +2 ta yangi
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar