Ertaga, 11 avgust kuni "Paxtakor" Elit OChL saralash bosqichi doirasida Iordaniyaning "Al Husayn" klubiga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs oldidan mehmonlar bosh murabbiyi Ahmad Hayel Ibrohim o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Assalomu alaykum barchaga. Matbuot anjumaniga tashrif buyurgan barcha jurnalistlarga minnatdorchilik bildiraman.
Biz o‘yinga yaxshi tayyorlandik. Texnik va jismoniy taraflama ko‘proq mashg‘ulot olib bordik. Faqat bizda futbolchilarning kechroq yetib kelgani biroz muammo bo‘ldi.
Hozirda Iordaniya futboli rivojlanish bosqichida va biz ham buni munosib natijalar bilan davom ettirmoqchimiz.
"Paxtakor" juda ham kuchli jamoa. Shunga qaramay, biz ham imkon qadar g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.
Elit OChLda ishtirok etadigan ilk Iordaniya klubi bo‘lishimiz mumkin. Lekin biz hali mavsumni boshlamadik, raqibimiz esa mavsumning avj qismida va bizga qaraganda o‘yin amaliyoti bo‘yicha yaxshiroq holatda.
Shunday bo‘lishiga qaramasdan, biz oxirigacha kurashamiz va mamlakatimiz futboli uchun tarix yaratishga intilamiz.
Riascos bilan ikki hafta oldin shartnoma imzoladik. Uning jamoaga kelib qo‘shilganiga esa bir hafta bo‘ldi.
Umid qilamanki, Brayan bizga har taraflama foyda keltiradi va Iordaniyada chempion bo‘lishimizga munosib hissa qo‘shadi. Shuningdek, qolgan musobaqalarda ham u biz uchun muhim futbolchi.
"Paxtakor" jamoa sifatida yuqori saviyada. Lekin aynan bitta futbolchini aytish kerak bo‘lsa, men Resanni aytgan bo‘lardim. U har qanday holatda raqiblari uchun xavfli kuchga aylanadi.
Shuningdek, 90-raqamli hujumchi ham menda yaxshi taassurot qoldirdi", — dedi mutaxassis.