"Paxtakor" va "Buxoro" (2:2) o'rtasidagi uchrashuvdan so'ng mezbonlar ustozi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Birinchi bo'limni o'zingiz ham ko'rdingiz, jamoa yaxshi o'yin ko'rsatdi. Lekin ikkinchi bo'limda maydonga bo'shashgan holda chiqdik. Kurashish kerak bo'lgan vaziyatlarda yetarlicha kurashmadik. Nima bo'layotganini o'zim ham tushunmayman. Shuncha golli vaziyatlar yaratamiz, lekin yana foydalana olmaymiz. Aksincha, yo'q joydan gol o'tkazib yuboryapmiz. Natija ham shundan kelib chiqyapti.
O'yin oxirigacha kurashishimiz kerak edi. Hisob 2:0 bo'lib turganidan keyin bo'shashib qolyapmiz, harakat kamayadi. Raqib necha marta zarba bergan bo'lsa, ikkitasini golga aylantirdi. Endi buni jamoa bilan birga tahlil qilib, xulosa chiqaramiz.
- Bugungi o'yin haqida yana bir savol. Zaxiradan tushgan futbolchilardan biri qulay jarima to'pida to'pni himoyachiga uzatdi, keyin burchak to'pini darvozabon qo'liga oshirdi. Keyin yaxshi kombinatsiyada yana himoyachiga pas berdi, oxirida esa Ayman Husaynga kelgan to'pni ham himoyachiga yo'naltirdi. Go'yo "Buxoro" foydasiga o'ynaganday taassurot qoldirdi…
- Yo'q, unday emas. Maydonga tushgan har bir futbolchi jamoaga yordam berish uchun chiqadi. U ham ikki kun avval jarohat olgan edi. O'tgan o'yindan qolgan jarohatning ta'siri ham bo'ldi.
- Endi ochiqchasiga gaplashamiz. Tarkib ham kuchli, zaxira ham kuchli. O'zbekiston va Iroq milliy terma jamoasi futbolchilari zaxirada o'tiribdi. Lekin 90 daqiqa davomida jamoa 10 daqiqa kontsentratsiyani yo'qotib qo'yapti. Bu birinchi marta emas, muntazam takrorlanyapti. Bugun ham 2:0 hisobida oldinda borib turib, 4:0 qilish o'rniga 2:2 bo'ldi. Muammo nimada?
- Biz ham aynan shuning sababini qidiryapmiz. Almashitishlarni qilamiz, keyin o'yin o'zgarib ketadi. Balki kimdir norozidir, balki boshqa sababdir — hozir aniq ayta olmayman. Ha, tarkibimiz kuchli. Kiyinish xonasida hamma: "O'yinni oxirigacha o'ynaymiz", deydi. Lekin buni maydonda ham ko'rsatish kerak. Oxirigacha kurashish lozim. Nima uchun bunday bo'layotganini hozir aytish qiyin.
- Ilgari "Paxtakor"ning kuchi shunda ediki, o'yin qiyin kechsa ham qisqa paslar orqali vaziyatdan chiqib ketardi. Hozir esa 2:0 hisobidan keyin ham o'yin oxirida bosim sezilmayapti. Ilgari raqiblar aynan "Paxtakor"ning so'nggi bosimidan qo'rqardi…
- Vaziyatlar yaratibmiz-ku. To'rtta, beshta, oltita, yettita golli imkoniyat bo'lyapti. Faqat ularni golga aylantirish kerak. Agar o'sha imkoniyatlardan foydalanganimizda, hisob 4:0 ham bo'lishi mumkin edi. Lekin gol ura olmayapmiz. Vaziyatlarimiz bor, muammo ham shunda. Nega gol urolmayapmiz? Balki bo'shashib qolayotgandirmiz, bilmayman. O'yin oxirida yana kontsentratsiya yo'qoladi. Men doim aytaman: o'yinni oxirigacha o'ynash kerak. Har bahsdan keyin futbolchilar: "Tushundik", deyishadi. Lekin yana kerakli ochkolarni yo'qotyapmiz.
- Balki murabbiy sifatida o'yin uslubini o'zgartirish haqida o'ylab ko'rish kerakdir? Chunki raqiblar "Paxtakor"ning o'yinini yaxshi o'rganib olganday. Bugun ham muxlislar noroziligini bildirishdi.
- Axir vaziyatlar yaratibmiz-ku. Agar imkoniyat bo'lmaganda, mayli edi. Biz esa bir emas, bir nechta golli vaziyat yaratibmiz. Faqat ulardan foydalanish kerak. Biroq yo'q joydan gol o'tkazib yuboryapmiz. Agar raqib chiroyli kombinatsiya orqali gol ursa, mayli. Lekin oddiy vaziyatda uch nafar futbolchi turib, hech kim zarba berayotgan o'yinchini to'smay qo'ysa, bu achinarli holat.
Men har kuni aytaman: oxirigacha diqqatni yo'qotmaslik kerak. Vaziyatlarimiz bor. Raqiblar bizni yaxshi o'rgangan bo'lsa ham imkoniyat yaratibmiz. Muammo — o'yin so'nggida yana bo'shashib qolishimizda.
- Siz hozir jamoada kimdir norozilik bo'lishi mumkinligini aytdingiz. Hojiakbar Alijonov bilan murabbiylar shtabi o'rtasida qandaydir kelishmovchilik bormi? U Andijonga ham bormadi.
- Yo'q. U jarohat olgan. Tizzasiga ikkita muolaja qilindi. Endi asta-sekin mashg'ulotlarga qaytadi.
- Maydondagi mashg'ulotlarni boshladimi?
- Yo'q, hali boshlamadi.
- Balki to'rt himoyachidan besh himoyachili tizimga o'tish haqida o'ylayotgandirsiz?
- Ha, bu variantni ham ko'rib chiqyapmiz.
- Endi oldinda Osiyo Chempionlar ligasi turibdi. Bugungi natijadan keyin muxlislarda xavotir paydo bo'ldi. Yirik hisobdagi mag'lubiyatdan qo'rqmaysizmi?
- Xudo xohlasa, unday bo'lmaydi. Chempionlar ligasi uchrashuvi butunlay boshqa ruhda o'tadi. Futbolchilar ham uning mas'uliyatini yaxshi tushunishadi. Yaxshi natija uchun maydonga chiqamiz.
- Bu tarkib bilan Chempionlar ligasida bemalol raqobat qilish mumkin, deb o'ylayman.
- Albatta, mumkin. Faqat o'yinni oxirigacha o'ynash kerak. Bir bo'lim yoki yarim soat emas, to'liq to'qson daqiqa.
- Transfer siyosati haqida. Sergeevning ketishi qanchalik katta yo'qotish bo'ldi?
- Sergeevning shartnomasi tugagan edi. Uni olib qolishga harakat qildik, lekin imkoni bo'lmadi. O'zi boshqa jamoada o'ynashni istadi. Bu futbolda uchraydigan holat. Ba'zan futbolchi bir jamoada o'xshatolmaydi, keyin boshqa joyda o'zini ko'rsatadi. Hozir Ayman Husaynni olib keldik. Bugun ham qisqa vaqt ichida bir necha xavfli vaziyat yaratdi, bosh bilan yaxshi o'ynadi, to'pni saqlab qoldi. Ishonamanki, keyingi o'yinlarda o'zini ko'rsatadi.
- Sergeevni qaytarish varianti ham bo'lganmi?
- Gaplashdik. Lekin uning klubi qo'yib yubormadi.
- Oldinda Chempionlar ligasi va ichki chempionatning muhim uchrashuvlari turibdi. Kuchlarni qanday taqsimlaysiz?
- Avvalo bugungi o'yinni yana bir bor ko'rib chiqamiz, tahlil qilamiz. Hozirda aniq rejalar haqida gapirish qiyin.
- Demak, rotatsiya bo'ladi?
- Albatta. Tarkibimiz yetarli. Futbolchilarni navbatma-navbat maydonga tushiramiz, rotatsiyadan foydalanamiz", - deya Tojiyevning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.