Live
2
O'zbek

Aleksandr Homyakov: "Futbolchilar robot emas, ular ham inson"

Eksklyuziv
1 avgust, 15:51
"Buxoro" ustozining "Lokomotiv"ga qarshi bahsdan so'ng fikrlari.
Aleksandr Homyakov: "Futbolchilar robot emas, ular ham inson"
Фото: Бухоро ПФК
01.08.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Buxoro Buxoro 2 : 1 Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent

"Buxoro" o'z uyida "Lokomotiv"ni 2:1 hisobida mag'lubiyatga uchratgan holda turnir jadvalida yana uchinchi o'ringa ko'tarilib oldi. Uchrashuvdan so'ng tashkil qilingan matbuot anjumanida buxoroliklar bosh murabbiyi Aleksandr Homyakov fikrlarini bildirib o'tdi.

- Kutganimizdek, o'yin juda og'ir kechdi. Ayniqsa, bahsning so'nggi daqiqalari juda keskin o'tdi. Bu oson o'yin bo'lmasligini avvaldan bilardik.

Yigitlarga rahmat aytaman. Ular uzoq vaqtdan keyin o'z maydonimizda o'ynashdi va muxlislarimizni xursand qilishni istashdi. Birinchi bo'limda, ayniqsa uning boshlanishi va o'rtalarida rejalashtirgan ishlarimizning ko'pi amalga oshdi, yaxshi imkoniyatlar yaratdik.

Ammo ikkinchi bo'limda, ayniqsa o'yin oxirida, son jihatidan ustun bo'lishimizga qaramay, kelishilgan rejadan chetga chiqib ketdik. Hujum qilish o'rniga hisobni saqlab qolishga harakat qilib, past blokda himoyalanishga o'tib oldik. Yaxshiyamki, hisobni saqlab qolishga erishdik. Eng muhimi, bugun uch ochkoni qo'lga kiritganimizdan xursandman.

- Bugungi g'alaba bilan tabriklaymiz. Raqib bir kishi kam bo'lib qolganidan keyin nega qarshi hujumlar kamayib ketdi? Bu hisobni saqlab qolish uchun qilingan taktika edimi yoki futbolchilar berilgan vazifani bajara olishmadimi? Qarshi hujumlarda tezlik yetishmadi, ko'p holatlarda to'pni ushlab qolish bilan cheklanishdi.

- Ikkinchi bo'lim boshlarida raqib darvozasi oldida imkoniyatlarimiz bo'lmadi, deb aytolmayman. Lekin 60-daqiqalardan keyin jismoniy jihatdan kuch yetishmay qoldi. Raqibning zaxiradan tushgan futbolchilari o'yinga yaxshi kirishdi va himoyamizga katta bosim o'tkazishdi. Bizda esa zaxiradan tushgan futbolchilar o'yin ritmiga to'liq moslasha olishmadi va jamoaga kutilgan darajada yordam bera olishmadi. Shuning uchun ham aytaman-ki, bu juda og'ir o'yin bo'ldi, oxirgi daqiqalari esa haqiqiy asab sinoviga aylandi. Afsuski, ikkinchi bo'limda asosan himoyalanishga majbur bo'ldik. Ammo eng muhimi — natijani saqlab qoldik.

Hozirgi vaziyatda uch ochko olganimizdan mamnunman. Balki ayrim vaziyatlarda mahorat yetishmadi, ayrim paytlarda esa sabr kamlik qildi. Lekin futbolchilarning fidoiyligi har doimgidek yuqori darajada bo'ldi. Ular bor kuchini maydonda qoldirishdi.

- Filipovichni qachon maydonda ko'rishimiz mumkin? Uning jarohati haqida ham ma'lumot bersangiz.

- Filipovich tiklanish jarayonini deyarli yakunladi. Ma'lumotlarga ko'ra, u to'liq sog'ayish arafasida va yaqin kunlarda jamoa mashg'ulotlariga qaytadi. U tezroq safga qaytib, avvalgidek jamoaga yordam berishini umid qilyapmiz.

- Yaqinda Bashelashvili jamoani tark etdi. Uning o'rniga akademiyadan yana futbolchi jalb qilish imkoniyati bormi? Akademiyada iqtidorli o'yinchilar ko'p, ammo hozircha faqat ikki nafar yosh futbolchiga imkoniyat berilmoqda. Buning sababi nimada?

- Biz Poshelashvili bilan shartnomani bekor qildik. Uning o'rniga boshqa futbolchini jalb qilish masalasini hozircha ko'rib chiqmayapmiz. Albatta, jamoani kuchaytirish uchun kamida yana bir-ikki nafar futbolchi kerakligini yaxshi tushunaman. Hozircha vaziyat shu.

- Jamoa nega 90 daqiqa davomida bir xil sur'atda o'ynay olmayapti? Buning asosiy sababi nima, deb o'ylaysiz?

- O'zi qaysi jamoa 90 daqiqa davomida bir xil tempda o'ynay oladi? Buning iloji yo'q. Biz kuchga asoslangan futbol o'ynaymiz. Hozirgi iqlim va ob-havo sharoiti butun o'yin davomida doimiy pressing va bosim o'tkazish imkonini bermaydi.
Qolaversa, "Lokomotiv"ga qarshi tinimsiz bosim bilan o'ynash ham xavfli. Ular pressingdan yaxshi chiqib keta oladi va himoya ortida katta bo'shliqlar qoldirishimizga sabab bo'ladi. Bu esa katta tavakkalchilik. Faqat chiroyli futbol ko'rsatish uchun ochilib o'ynab, keyin o'z darvozamiz oldida muammoga duch kelishning hech qanday ma'nosi yo'q. Ayni paytda taqvim juda zich, ob-havo ham og'ir. Futbolchilarni to'liq tiklab olishga ulgurmayapmiz. Jarohatlar, charchoq — bularning hammasi to'planib bormoqda. Amalda deyarli bir xil tarkib bilan o'ynayapmiz. Futbolchilar robot emas, ular ham inson. Shuning uchun ulardan har doim bir xil darajadagi tempni talab qilish qiyin. Shu bois yana bir bor yigitlarga bugungi maydonda ko'rsatgan fidoiyligi uchun minnatdorchilik bildiraman», - deya Homyakovning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Buxoro Buxoro
  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar