Golsiz, ammo jangovar durang deya ta’rif berilayotgan "Andijon" - "Paxtakor" ishtirokidagi uchrashuv chindan keskin va shiddatli tarzda kechdi. Uchrashuvda uchta qizil kartochka ko‘rsatildi, ikkitasi mezbonlarga, bittasi mehmonlarga berildi.
Mana shunday tarzda yakunlangan uchrashuvdan so‘ng mezbonlar ustozi Islom Ahmedov matbuot anjumanida savollarga javob berdi.
- O‘yinni qiyin o‘tishini bilardik. "Paxtakor" grand jamoa, tarkibida kuchli futbolchilar borligini bilamiz. Kuchli murabbiyga ega. Shuning uchun og‘ir kechishini sezgandik, shunga qarab tayyorgarlik ko‘rdik. O‘z falsafamizdan kechmagan holda iloji boricha to‘pni nazorat qilish, hujumkor o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik. Baribir "Paxtakor" bunga qarshilik ko‘rsatdi va biz xohlagandek o‘yin ko‘rsata olmadik. Raqib kuchli edi. O‘z maydonimizda muxlislarimizni g‘alaba bilan xursand qilishni istagandik. Lekin durang bo‘lib qoldi.
- Bitta uchrashuvda ikkita qizil kartochka – bu tartib-intizom masalasida o‘ylantiradigan holat. Bu bo‘yicha qanday izoh berasiz?
- Birinchi vaziyatga keladigan bo‘lsak, himoyachimiz pas orqali vaziyatdan chiqib ketmoqchi edi. Buni o‘zimiz o‘yinchilarimizga tushuntiramiz. Ha, xato bo‘ldi. Oxirgi folni qo‘lladi. Bu yerda tajovuzkorlik yo‘q edi. Bu vaziyatda o‘zini to‘xtata olmasligi ham mumkin, chunki u oxirgi himoyachi. Darvozaga to‘p kirib ketishi mumkinligini o‘ylagan holda o‘z-o‘zidan raqibni ushlab qolish holati bo‘ladi. Ikkinchi vaziyatni oqlamagan bo‘lardim. To‘g‘ri aytyapsiz, ko‘rib chiqib tegishli chora ko‘ramiz.
- Ko‘pchilik yana Hamidullo Karimovdan gol kutgandi. Bu futbolchi belgilangan vaqtda tushmagandek tuyuldi. U haqida fikr bildirsangiz.
- Avvalgi o‘yinlarda Karimov o‘yin oxirlarida maydonga tushayotgandi. Bugun esa biroz erta maydonga tushirdim. Ko‘proq vaqt bermoqchi bo‘ldik. Lekin majburiy o‘zgarishlar ham bo‘ldi, jarohati sababli o‘yinchimiz o‘yinni oxirigacha davom ettira olmadi. Xohlaysizmi-yo‘qmi, Hamidullo Karimovga qarshi milliy jamoa o‘yinchisi o‘ynadi. O‘zini imkoniyatini ko‘rsatish qiyin bo‘ladi.
- Maydon markazini kuchaytirish maqsadida Shohmalik Komilovni maydonga tushirsangiz bo‘lmasmidi?
- Bo‘lardi. Ammo Shohmalik jamoamizga yaqindagina qo‘shildi. O‘yin falsafamizni tushuntirib boryapmiz. Vahti kelib, uni ham maydonga tushiramiz.
- Qanot himoyachisi Mahmud Mahamadjonov o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatayotgandi. Almashtirilishiga nima sabab bo‘ldi?
- Majburiy o‘zgarish bo‘ldi. Uning o‘zi jarohati sababli zaxiraga olishimizni so‘radi. Natijada almashtirishga majbur bo‘ldik», - deya Ahmedovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.
Islom Ahmedov: "O‘z falsafamizdan kechmagan holda o‘yin ko‘rsatishga harakat qildik"
Eksklyuziv
1 avgust, 14:57
"Andijon" bosh murabbiyi "Paxtakor"ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Фото: Tribuna.uz
01.08.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
2
Andijon
0
:
0
Paxtakor Toshkent