Live
4
O'zbek

Artyom Potapov: «Andijonda maksimal darajada gʻalaba qozonish va oʻyinlarni toʻliq oʻtkazishni xohlayman»

Eksklyuziv
31 iyul, 10:14
Tribuna.uz muxbiri rossiyalik kiper bilan suhbatlashdi.
Artyom Potapov: «Andijonda maksimal darajada gʻalaba qozonish va oʻyinlarni toʻliq oʻtkazishni xohlayman»
Фото: Андижон ПФК

«Andijon» klubi transfer qilgan yangi futbolchilari orasida rossiyalik darvozabon Artyom Potapov ham borligini bilasiz.
U jamoaga moslashib ketdi va mashg'ulotlarda ham astoydil ishlamoqda.

Bilamizki, Potapov yurtimizda hozirga qadar «Surxon» bilan «Xorazm»da faoliyat olib borgan. Endilikda «Andijon» sharafini himoya qiladi. Darvozabon bu boradagi dastlabki intervyusini berdi.

- Artyom, «Andijon»ga ko'chib o’tishingizning asosiy sababi nima?

- «Andijon»ga kelib qo'shilish varianti paydo bo'lgandayoq o'ylab o'tirmasdan qaror qabul qildim. Chunki uni o'ziga xos tarix va katta ishqibozlar armiyasiga boy klub sifatida bilaman. Murabbiylar shtabi ham kuchli ijrochilardan. Futbolchilarni hammasi ham qobiliyatli.

- Bungacha siz Oʻzbekistonda «Surxon» va «Xorazm» uchun oʻynagansiz. Faoliyatingizning «Andijon»dagi yangi bosqichida nimalarni kutyapsiz?

- Yuqori talabga mos tushishga harakat qilaman. Kerakli natijalar qo'lga kiritilishi uchun o'zimdagi bor kuchni sarflashga tayyorman va bu bilan muxlislarni quvontirish maqsadim bor.

- Yangi jamoada himoyachilar bilan darvozabonning bir-birlarini tushunishlari qay darajada muhim?

- Bunday futbolchilar jamlangan jamoada kirishib ketish hech qanday qiyinchilik tug'dirmaydi. Shunday muhitda futbol maydonida ham, uning tashqarisida ham bir-biringiz bilan osongina til topishish mumkin.

- «Andijon» ishtirokidagi uchrashuvlarda stadiondagi muhit haqida eshitgan boʻlsangiz kerak. Klub ishqibozlariga nima degan boʻlar edingiz?

- Nafaqat eshitganman, balki ilgari bu stadionda oʻzim ham oʻynab muhitni qandayligini sezganman. Ajoyib qo'llab-quvvatlash! Bu yerda har bir uy o'yini haqiqiy bayramga aylanib ketadi.

- Hozirgacha qaysi o'yin yoki qaysi sevingizni faoliyatingizdagi eng esda qolarli deb hisoblaysiz?

- Siz sanab o’tgan jihatlar juda ham ko’p. Qaysi birini esga olishni ham bilmayman. Ammo umid qilamanki, eng yaxshilari hali oldinda!

- «Andijon» tarkibida mavsumning ikkinchi qismi uchun oʻzingizga shaxsiy maqsad sifatida nimani qoʻymoqchisiz?

- Maksimal darajada gʻalaba qozonish va oʻyinlarni toʻliq oʻtkazishni xohlayman.

- «Andijon» muxlislariga uchta soʻz bilan taʼrif bera olsangiz qaysi xususiyatlarini sanab oʻtgan boʻlardingiz?

- Ishonchli, tajribali va umidli!.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Andijon Andijon
Bugungi yangiliklar