Bugun
4
O'zbek

Mirko Yelichich: "Birinchi bo'limdagi o'yindan mutlaqo mamnun emasman"

Eksklyuziv
27 iyul, 15:15
«Lokomotiv» ustozining «So'g'diyona»ga qarshi bahsdan so'ng fikrlari.
Mirko Yelichich: "Birinchi bo'limdagi o'yindan mutlaqo mamnun emasman"
Фото: Локомотив ПФК
27.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent 3 : 1 So'g'diyona So'g'diyona

«Lokomotiv» klubi ushbu turda yana o'z uyida o'ynadi. Bu safar Jizzaxning «So'g'diyona» jamoasini qabul qildi. Mazkur bahsda 3:1 hisobi qayd etildi.
O'yindan keyin esa mezbonlar bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida qatnashdi.

- G'alaba bilan tabriklaymiz. O'yin haqidagi fikringiz?

- Chiroyli o'yin bo'lmadi. Ayniqsa, birinchi bo'limdagi o'yinimiz juda yomon bo'ldi. Birinchi bo'limdan umuman qoniqmadim. To'pni nazorat qilishimiz ham, u bilan ishlashimiz ham, himoyadagi harakatlarimiz ham ko'ngildagidek bo'lmadi. Ikkinchi bo'limda esa vaziyatni to'g'irladik. Chunki birinchi bo'limdagidek o'ynayversangiz, bemalol bir yoki ikkita gol o'tkazib yuborishingiz mumkin, shunda o'yin butunlay o'zgarib ketadi. Nima sabab bo'lganini bilmayman, balki kayfiyat yoki ruhiy holat ta'sir qilgandir. Lekin birinchi bo'limdagi o'yinimizdan mutlaqo mamnun emasman.

- Bugun himoyachilar ketma-ket xatolarga yo'l qo'ydi. Bunga raqibning bosimi sabab bo'ldimi yoki boshqa omillar bormi?

- Bilmayman. Ba'zida shunday o'yinlar bo'ladi, sababini topish qiyin. Bugun biroz boshqacha taktik sxemada o'ynadik. Zoteev tarkibda bo'lmagani uchun uch nafar markaziy himoyachi bilan tushishga qaror qildik. Ammo bu sxemada anchadan beri o'ynamagandik. Balki shuning uchun ayrim vaziyatlarda tushunmovchiliklar yuzaga kelgandir. Shunga qaramay, juda oddiy xatolar ham ko'p bo'ldi. Bu esa bizga qimmatga tushdi. Birinchi bo'limda hujumni boshlab chiqishda qiynaldik va shu sabab muammolar yuzaga keldi.

- Muhammadali Rahimovni ketma-ket bir necha o'yindan beri ko'rmayapmiz. Unga nima bo'ldi?

- Rahimov jarohat olgan. Milliy jamoadan qaytgach, bu muammo yuzaga keldi. Bu aniq fakt. Qaytgach, uni biroz tavakkal qilib maydonga tushirdik. Men undan holatini so'rab turdim, lekin baribir noqulaylik sezayotgan edi. Keyin kelajakni o'ylab, to'liq sog'aymaguncha tavakkal qilmaslikka qaror qildik. Jarohati jiddiy emas, ammo baribir halaqit bermoqda. Taxminan bir yarim oy oldin ham shunday og'riq sezgandi. Keyin o'tib ketgandek bo'ldi, ammo mashg'ulotlarda yana bezovta qila boshladi. Shu sabab uni to'liq tuzalgunga asrayapmiz.

- Jamoani bir nechta futbolchi tark etdi, ammo transferlar oynasida yangi futbolchilar olinmadi. Bunga moliyaviy holat sababmi yoki mavjud tarkibdan qoniqasizmi?

- Agar bizga boshqa futbolchilar kerak bo'lganida, albatta ularni olardik. Lekin biz yosh futbolchilarimizni yo'qotishni istamaymiz. Ular bu darajada o'ynashga tayyor. Agar yangi futbolchilarni olib kelsak, yoshlarning o'yin vaqti kamayadi. Albatta, ular hali xato qiladi, ayrim imkoniyatlarni qo'ldan chiqaradi, lekin aynan shunday yo'l bilan tajriba to'playdi. Aks holda ular zaxirada yoki dubl'da o'tirib qoladi. Bizning maqsadlarimiz uchun yangi futbolchilar olish zarur deb hisoblamadik.

- Jamshid Saidov yordamchi murabbiy sifatida ishlardi, keyin «Qizilqum»ga ketdi. Bu sizning rejalaringizga qanchalik ta'sir qildi?

- Unchalik katta ta'sir qilmadi. Albatta, afsuslandik, chunki u bizga juda ko'p yordam berardi. Xarakteri ham juda yaxshi edi, futbolchilar bilan ishlashni bilardi, ko'p masalalarda foydasi tegar edi. Shu jihatdan biz yaxshi mutaxassisni yo'qotdik. Ammo hozir Sodiq o'z zimmasiga ko'proq mas'uliyat olayapti. U qilayotgan ishlariga yana biroz qo'shimcha qildi. Bu uning o'zi uchun ham foydali bo'ldi. Hozir bu vazifalarni Sodiq ko'proq bajaryapti.

- Nikolay Ivanov mavsumning birinchi qismida asosiy tarkib futbolchisi edi. Tanaffusdan keyin esa ko'proq zaxiradan maydonga tushmoqda. Buning sababi nimada?

- Ivanov kelgan paytda juda yaxshi sport formasida edi. O'sha vaqtda Yovan kamroq o'ynardi, chunki Nikolayning formasi yaxshiroq edi. Hozir esa aksincha - Yovan yaxshi holatga keldi. Aslida ikkalasi ham deyarli bir xil uslubdagi futbolchilar, tayanch yarim himoyachisi pozitsiyasida o'ynaydi. Ularni boshqa pozitsiyaga moslashtirish qiyin. Shuning uchun har ikkisidan ham foydalanamiz. O'yin davomida futbolchini tez-tez almashtirishni ham istamaymiz, chunki u o'yin ritmini yo'qotadi. Ivanov baribir biz bilan o'ynaydi. Hozircha Yovanga biroz ko'proq amaliyot beryapmiz, keyin esa vaziyatga qarab qaror qilamiz», - deya bosh murabbiyning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • So'g'diyona So'g'diyona
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar