FIFA prezidenti Janni Infantino Jahon chempionati tanqidchilariga javob qaytardi.
2026 yildagi futbol bo'yicha Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo'lib o'tdi. Finalda Ispaniya Argentina ustidan qo'shimcha bo'limlarda 1:0 hisobida g'alaba qozondi.
"Mening murojaatim hammaga...
G'ozal o'yinimizni, his-tuyg'ularni, bayramlarni, kulguni, ko'z yoshlarni va quvonchni o'tkazib yuborgan barchaga. Bolalar, chaqaloqlar, ota-onalar, bobo-buvilar g'ozal futbol tufayli bir joyga jam bo'lganini ko'ra olmagan barchaga. O'yinlar yakunlangani uchun va siz bu quvonch hamda birdamlikni his qila olmaganingiz uchun uzr so'rayman. Nafrat va tanqid bilan shu qadar band bo'lganingiz sabab bularning barchasini o'tkazib yuborganingiz uchun ham uzr.
Qo'lida qalam va qog'oz bilan ekran ortida o'tirib, nafrat va yolg'on mish-mishlarni tarqatayotganlarga shuni aytmoqchimanki, siz chetda o'tirganingizda, biz FIFA'da oldingi safdamiz — musobaqani tashkil etyapmiz, tinmay mehnat qilyapmiz va dunyodagi eng buyuk sport tomoshasini o'tkazyapmiz. Siz yashirinib o'tirganingizda, biz Kanada, Meksika va AQSh ko'chalarida yurib, muxlislar bilan muloqot qildik, odamlar bilan yaqindan ishladik va har bir insonning xavfsizligini ta'minladik. Siz barchani ajratayotgan bir paytda, biz birlashtirdik. Insonlar oila sifatida, muxlis sifatida, yagona jamoa sifatida birlashdi.
Bu Jahon chempionati insoniyatning eng yaxshi fazilatlarini namoyon etdi. Kichik davlatlar milliy jamoalarining eng nufuzli bahslarda g'urur bilan maydonga tushganini ko'rdik. Ular o'ziga ishondi, haqiqiy professionallardek harakat qildi va o'z mamlakatlariga faxr bag'ishladi. Eng muhimi, ular har qanday inson, qayerdan kelganidan qat'i nazar, futbol olamida o'z o'rniga ega bo'lishi va muvaffaqiyat qozonishi mumkinligiga umid berdi. Biz barchamiz tengmiz — muxlislar ham, futbolchilar ham, oddiy insonlar ham. Biz FIFA'da muhabbat, quvonch va birdamlikka to'la shu lahzalarni ko'rib, beqiyos faxr va kuchli his-tuyg'ularni boshdan kechirdik.
Bizga nisbatan nafratga vaqtini va kuchini sarflayotganlardan bir daqiqa bo'lsa-da o'ylab ko'rishni, tafakkur qilishni, ibodat qilishni yoki shunchaki futbol o'yinini tomosha qilib, odamlarning chehrasi, ko'zi va his-tuyg'ularini kuzatishni so'rayman. Chunki faqatgina bizning g'ozal o'yinimiz shunday noyob manzarani yarata oladiki, unda barcha bir butunga aylanadi va yana birlashadi.
Qalam va qog'oz egalariga, ekran ortidagilarga shuni tilayman: orqangizda turgan insonlar topa olmagan muhabbat va xotirjamlikni siz toping. Biz FIFA'da erishgan uyg'unlikka siz ham erishing. Bu uyg'unlikni tarixdagi eng ajoyib futbol bo'yicha Jahon chempionatini tashkil etish orqali namoyon etdik. Futbol har qanday nafratdan ustun bo'lsin.
Nihoyat, FIFA prezidenti sifatida bu ulkan tomoshaga, garchi kichik bo'lsa ham, o'z hissamni qo'shganimdan beqiyos faxrlanaman. Bu — ajoyib tuyg'u!" — deyiladi Infantinoning murojaatida.
Infantino: "Siz nafrat va yolg'on bilan band bo'lganingizda, biz dunyodagi eng zo'r sport shousini o'tkazdik"
Futbol
27 iyul, 06:28
FIFA prezidenti tashkilotni va Jahon chempionatini tanqid qilganlarga kinoyali murojaat yo'lladi.
Foto: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi