Germaniyalik jurnalist Florian Plettenberg "Leyptsig" vingeri Yan Diomandening "Real"ga ehtimoliy transferi haqidagi xabarlar ortidan italiyalik insayder Fabrizio Romano bilan ijtimoiy tarmoqlarda ochiq bahsga kirishdi.
Florian Plettenberg:
"Diomande haqida yana bir gap. Chunki vaziyat tobora kulgili tus olmoqda. Agar "Leyptsig" va "Real" o'rtasida to'liq kelishuvga erishilgan bo'lsa, unda transferning aniq qiymatini ham aytish mumkin edi, to'g'rimi? Aslida esa hali bunday kelishuv yo'q".
Fabrizio Romano:
"Xavotir olma. Diomande xuddi Klopp Germaniyaga qaytgani kabi "Real"ga o'tadi. Yaxshisi, kechagi "Manchester Siti" Diomande uchun 100 million yevro taklif qilgani haqidagi feyk xabaringni so'ra. Vaholanki, ular allaqachon bu kurashdan chiqqan, "Real" esa muzokaralarni boshlab bo'lgandi. Ba'zilar boshqalar haqida gapirishni yaxshi ko'radi (hatto meni belgilashni ham eplolmaydi 🤣), lekin avval o'z xabaringni tekshirib ol, keyin men haqimda gapir 🤗".
Florian Plettenberg:
"Xo'sh, ajoyib. Bizga "feyk xabar" tarqatyapsizlar, deb aytish orqali sen chegara otding. Bu mavzuda gapirishni istamagandim, ammo sening Klopp haqidagi "insayd"ing kulgili va hurmatsizlik edi. Germaniya futbol ittifoqi (DFB) uni rasmiy e'lon qilganidan bir kun o'tib sen "Here we go" deb yozding. Shartnoma imzolanganini e'lon qilding, ammo deyarli bir hafta o'tdi. Rostini aytsam, sen bunday qilmaysan, deb o'ylagandim. Buni istagan odam yoza olardi, chunki uning Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyiga aylanishi aniq edi. Sening insayding haqiqiy kelishuvlarga emas, taxminlarga asoslangandi.
Sen yolg'on "Here we go" xabarlarini o'chirib tashlayotganingda yoki algoritmlar uchun o'yin tugamasidan avval natijalarni e'lon qilib, besh daqiqa o'tib Neymarning goli tufayli ularni o'chirishga majbur bo'layotgan ekansan biroz bosiqroq bo'lganing yaxshi. Xuddi shu gap ayrim xabarlarda birinchi manbani ko'rsatmasligingga ham tegishli. Sen o'z ishingni qil, biz o'z ishimizni qilamiz. Ammo boshqalarni yolg'onchilikda ayblash sening holatingda ancha g'alati eshitiladi. Hayrli tun".
Fabrizio Romano:
"Avval ayblovni o'zing boshlaysan, keyin esa chegara otdim, deysan. Hech bo'lmasa endi meni belgilashni o'rganyapsan 😂 juda yaxshi. Balki bir necha yil avvalgi menga yozgan xabarlaringni ham chiqarib qo'yarman: "Qanday qilib men ham ko'proq obunachi yigsam bo'ladi?" yoki "Sening ishing — men uchun motivatsiya". Endi esa menga ishni qanday qilishni o'rgatyapsan.
Lekin men senga o'xshab mavzudan chetga chiqmayman. Men aynan Diomande haqida javob berdim. Senning "Manchester Siti" taklif tayyorlamoqda" degan tvitingni nazarda tutdim. Sen esa boshqa mavzularga o'tib ketding. 🤷🏼♂️
Shunday davom et. Ammo yaxshisi, "Enfild"dagilardan 10-raqamli futbolka haqida ham so'rab ko'r. Va esda tut: bu tsirkni aynan sen Diomandening "Real"ga (100 foiz) o'tishi haqidagi posting bilan boshlagansan. Bu — mening so'nggi javobim. Marhamat, bahra ol 🤗".
Avvalroq Fabrizio Romano Yan Diomandening "Real" futbolchisiga aylanishi haqida insayd tarqatgan di. Unga ko'ra, "Leyptsig" bilan ivuarlik vingerning transferi bo'yicha kelishuvga erishilgan bo'lib, bitim qiymati 100 million yevrodan oshadi.
Romano va Plettenberg Diomandening "Real"ga o'tishi haqidagi insaydlar yuzasidan o'zaro ochiq bahsga kirishdi
Futbol
27 iyul, 07:15
Italiyalik va germaniyalik insayderlar o'zaro ziddiyatga borib, bir-birlarining avvalgi xatolarini esga olishdi.
Foto: Getty Images
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi