Bugun
4
O'zbek

PFL bosh direktorliligi uchun saylov bo'lishi ma'lum qilindi

Futbol
27 iyul, 08:16
Tashkilot rahbari Liga Ijroiya qo'mitasining 8 a'zosi beradigan ovozlar orqali aniqlanadi.
PFL bosh direktorliligi uchun saylov bo'lishi ma'lum qilindi
Foto: UzPFL

O'zPFL matbuot xizmati tashkilot bosh direktorliligi uchun saylov oldidan nomzodlar tasdiqlanishi haqida xabar berdi.

«O'zbekiston Professional futbol ligasi Ustavining 5.11-bandidga muvofiq, Liga bosh direktorini to'rt yil muddatga lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod qilish O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti yoki Assotsiatsiya Ijroiya qo'mitasining taqdimnomasiga asoslanib Liga Ijroiya qo'mitasi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidentining taqdimiga binoan, Liga Ijroiya qo'mitasining 2022 yil 31 martdagi 03-sonli yig'ilish bayoni bilan Imomxo'jaev Diyor Abrorovich 2022 yilning 31 martidan boshlab to'rt yil muddatga O'zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori etib tasdiqlangan. Endilikda, Assotsiatsiya prezidenti yoki Assotsiatsiyaning Ijroiya qo'mitasi Liga bosh direktorliligining keyingi to'rt yilligi uchun nomzod yoki nomzodlarni Liga Ijroiya qo'mitasiga taqdim etishi lozim. Shundan kelib chiqib, Liga mazkur masalani Assotsiatsiya kun tartibiga kiritishni so'rab murojaat qildi.

Qayd etish kerak, Liga bosh direktori Diyor Imomxo'jaev bir vaqtning o'zida ham Assotsiatsiya, ham Liga Ijroiya qo'mitalari a'zosi hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, u Liga bosh direktorliligi uchun nomzod taqdim etishda ham va keyinchalik taqdim etilgan nomzodlarga ovoz berishda ham ishtirok etmaydi.

Ma'lumot uchun, Liga bosh direktorliligiga Assotsiatsiya Prezidenti yoki Assotsiatsiya Ijroiya qo'mitasi bir yoki undan ortiq nomzodlar ro'yxatini taqdim etishi mumkin. Keyinchalik mazkur nomzodlar Liga Ijroiya qo'mitasining 8 nafar a'zosi tomonidan ovoz berish yo'li orqali bosh direktorlika saylanadi. Liga Ustaviga ko'ra, ovoz berishda Ijroiya qo'mitaning eng kamida besh nafar a'zosi o'z ovozi bilan ishtirok etishi lozim. Liga Ijroiya qo'mitasi taqdim etilgan nomzod yoki nomzodlar ro'yxatini ko'pchilik ovoz bilan rad etish huquqiga ham ega.

Liga Ijroiya qo'mitasining besh nafar a'zosi futbol klublari vakillari hisoblanadi. Yani, Liga bosh direktorini saylashda klublarning umumiy ovozi hal qiluvchi qiymatga ega hisoblanadi. Ayni vaqtda Alisher Yusupov («Nasaf»), Bahodir Mirzayev (OKMK), To'labek Akramov («Lokomotiv»), Elbek Samatov («Andijon»), Maqsud Karimov («Xorazm») Liga Ijroiya qo'mitasining klublar tomonidan vakillari hisoblanadi. Qo'mitada, shuningdek, Assotsiatsiya vitse-prezidenti Odil Ahmedov, O'zbekiston futbolchilari uyushmasi raisi Kamoliddin Murzoev, Liga vakili sifatida Oybek Ibrohimxonov faoliyat olib boradi.

Assotsiatsiya prezidenti yoki Assotsiatsiya Ijroiya qo'mitasi Liga bosh direktorliligi uchun taqdim etadigan nomzod yoki nomzodlar ro'yxati haqida alohida ma'lumot beriladi», — deyilada xabarda.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar