Bugun Superligada 14-turning starti berildi. Tur Toshkent derbisi – "Bunyodkor" va "Paxtakor" ishtirokidagi bellashuv bilan boshlandi.
Ushbu uchrashuv taqdirini yagona gol hal qildi va bu "Paxtakor" tomonidan kiritildi. Natijada "sherlar" muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishdi.
O‘yindan keyin esa "Paxtakor" bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
- O‘yinni yaxshi boshladik. 30-soniyada birga-bir chiqib, gol ura olmadik. Yana vaziyatlardan foydalana olmadik. 1:0 qaltis hisob. Yana gol o‘tkazib yuborishdan qo‘rqyapmiz. Ko‘rib chiqamiz va yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishga harakat qilamiz.
- Yozgi tanaffusdan keyingi bu uchinchi o‘yin. Imkoniyatlar yetarlicha. Lekin statistika shuni ko‘rsatyaptiki, 90 daqiqa davomida darvozaga faqat bitta aniq zarba – bu juda ham past ko‘rsatkich. Oldingi o‘yinlarda ham golli vaziyatlar ko‘p bo‘lgandi...
- Shuni ustida ishlayapmiz. Yigitlarga ko‘rsatyapmiz, mashg‘ulotlarda ishlayapmiz. Keyingi uchrashuvlarda har bir vaziyatlardan unumli foydalansak yaxshi bo‘lardi. Biz ham ko‘rib chiqyapmiz. Vaziyatlarimiz rostdan bor, biroq foydalana olmayapmiz.
- Futbolchilarda qo‘rquv borligini aytdingiz, shuningdek, ruhiy muammo ham. O‘tgan yildagi intervyularingizdan birida bosh murabbiy ham, ruhshunos ham o‘zimman degan ekansiz. Kamoliddin Tojiyev qay darajada yaxshi ruhshunos?
- Tanaffusdan oldin ruhiyat yaxshi edi. Jahon chempionatidan keyin bilmadim, balki yigitlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch biroz yo‘qolib qoldimi?! Buni ustidan ishlayapmiz, gaplashyapmiz. Yigitlarni qaytaramiz, Xudo xohlasa.
- "Paxtakor" oxirgi marta oktyabr oyida yirik hisobda – 3:0 natijasi bilan g‘alaba qozongan. Shundan beri jamoangiz asosan bitta yoki nari borsa ikkita to‘p farqi bilan g‘alaba qozonyapti. Vaziyatlardan foydalanish bo‘yicha ishlayapmiz dedingiz. Balki klubga yaxshiroq hujumchi kerakdir?
- Uzoqi bilan 3-4 kunda yana bir yangi hujumchi keladi. Deyarli aniq bo‘ldi. Biz bilan hamma jamoalar ham ochiq futbol o‘ynashmaydi. Balki shuning uchun kamroq gollar urilayotgandir. Lekin imkoniyatlar bor. Agar bo‘lmayotgan bo‘lsa ham mayli edi. Shunchaki, yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishda qiynalayapmiz.
- Ikkinchi taymda "Bunyodkor"da yaqqol golli imkoniyatlar kuzatildi. Milliy jamoani deyarli yarmi "Paxtakor"dan tashkil topgan. Himoyada muammolar kuzatilmoqda...
- Buni ko‘rib chiqamiz. Futbolchilar xotirjamlikka berilib ketishyapti. Shuni evaziga shunday vaziyatlar bo‘lyapti.
- "Paxtakor" va "Bunyodkor" bir-biri uchun azaliy raqiblar sanalishadi. Siz ham o‘z vaqtida futbolchi sifatida ushbu o‘yinlarda ishtirok etgansiz. Aynan futbolchilik faoliyatingizda ushbu o‘yinlardan yorqin xotiralar qolganmi? Kerak bo‘lsa, sizni golingiz yagona bo‘lib, jamoangizga g‘alaba ham keltirgan.
- Derbi baribir derbi bo‘lardi. Borimizni berardik. Qiziqarli o‘tardi, esda qolarli vaziyatlar bo‘lgan.
- O‘sha paytlarda "Paxtakor" bilan "Bunyodkor" ikki gigant sifatida boshqalardan ajralib qolgan. Hozir chempionlik uchun bir nechta jamoalar kurashyapti. Sizga qaysi biri ma’qulroq: ikkita gigant bo‘lgani yaxshimi yoki chempionlik uchun u qadar gigant bo‘lmasa-da, 3-4 ta jamoani chempionlik uchun kurashgani yaxshiroqmi?
- Ikkita gigant emas. Gigant deganingiz bilan hech kim bilan hozir yengil o‘ynab g‘alaba qozona olmaysiz. Deyarli hamma teng. Hozir hamma bir xil. Barcha bilan kuchi teng bo‘lsa, o‘ynash ham qiyin.
- Hozirgi paytda "Paxtakor"ni "Neftchi" bilan chempionlik uchun kurashiga qaraydigan bo‘lsak, jamoangiz chempionlikka qanchalik haqli?
- Yonma-yon ketyapmiz. Oxirigacha kurashamiz.
- Mavsum boshlanishidan avval darvozabon Sanjar Quvvatovni klubga qaytardinglar. Vladimir Nazarov esa o‘tgan mavsumda Superliganing eng yaxshi darvozaboni edi. Ha, Quvvatov ham yaxshi qo‘riqlayapti. Ammo keyinchalik vaziyat o‘zgarib qolsa-chi?
- Aytishadiku, yutayotgan tarkib almashtirilmaydi. Oxirigacha yaxshi bo‘lsin.
- Vodiy derbisida "Navbahor"ga muxlislik qilasizmi?
- Qiziqarli o‘yin bo‘ladi. Albatta, "Navbahor"ga, Temurga muxlislik qilamiz.
Kamoliddin Tojiyev: "Vodiy derbisida "Navbahor"ga muxlislik qilaman"
Eksklyuziv
26 iyul, 14:56
"Paxtakor" ustozi "Bunyodkor"ga qarshi o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Фото: Пахтакор ПФК
26.07.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Bunyodkor
0
:
1
Paxtakor Toshkent
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi