OKMK va «Qoʻqon-1912» (2:1) oʻyinidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Mirjalol Qosimov qatnashdi.
- Endilikda, oʻyinga baho beradigan boʻlsak, eng muhimi, uch ochkoga ega boʻldik. Oson oʻyinning oʻzi yoʻq. Qolaversa, «Qoʻqon» ham yaxshi jamoa, tarkibida oʻziga yarasha malakali futbolchilar harakat qiladi. Yana bir jihati, raqib munosib qarshilik koʻrsatdi. Sababi, ochkolar ularga ham suv va havodek zarur edi. Shuning uchun bor kuchini ishga soldi.
Shunga qaramay, eng muhimi — oʻsha uch ochkoga ega boʻldik. Yana dramatik oʻyin, yana asabiy daqiqalar, yana validol... Yigitlarimiz ham qoʻllaridan kelganicha harakat qilishdi. 1:0 hisobida oldinda borayotganimizda kerakli vaziyatlardan koʻngildagidek foydalanganimizda, hisob boshqacha boʻlishi ham mumkin edi. Bugungi oʻyin yana bir bor futbolning 90 daqiqa davom etishini isbotladi. Sal qolsa, ochko yoʻqotishimiz mumkin edi. Muxlislarimizga rahmat!
- Oʻyinni odatdagidek boshqara olmadinglar. Bunga raqibning oʻyini ham sabab boʻldimi? Ochkolar juda zarur boʻlgan, turnir jadvalining quyi qismida borayotgan jamoaga qarshi oʻynadingiz. Ammo tashabbus koʻproq raqib tomonida boʻldi, ular bir nechta xavfli vaziyatlar yaratishdi. Buning sababi nimada?
- Sababi, birinchi navbatda, oʻz oʻyinimizni namoyish etishimiz kerak edi. Ikkinchidan, raqib jamoasining taktik sxemasi ham koʻrinib turgandi — 4-4-2. Ular koʻproq hujumga eʼtibor qaratishdi, uzun paslar orqali oʻynashdi.
Albatta, xohlaymizmi-yoʻqmi, oʻyin nazoratini oʻz qoʻlimizga olishimiz kerak. Bizda yaxshi chiqadigan jihatlar bor — qisqa paslar, kombinatsion futbol. Ammo birinchi boʻlimda «Qoʻqon»ga qulay boʻlgan uslubda, yaʼni uzun paslar orqali oʻynadik. Keraksiz joylarda toʻpni yoʻqotdik, shoshqaloqlikka yoʻl qoʻydik. Raqib hujumchilariga koʻplab uzun paslar uzatildi. Natijada ikkinchi toʻplar uchun kurashda yutqazdik. Toʻpga egalik qilayotgan jamoa oʻyinni boshqarayotgani yaqqol koʻrinib turadi. Lekin birinchi boʻlim oxirlarida ham bizda yomon vaziyatlar boʻlmadi. Oʻyinni shu tarzda davom ettirishimiz kerak edi.
Biz bu yerda tashabbusni oʻz qoʻlimizga olib, raqibga oʻz oʻyinimizni oʻtkazishimiz lozim edi. Ammo buning aksi boʻldi. Imkoniyatlarimiz boʻlganida, gʻalaba qozonishimiz kerak.
- Shu fikringizni davom ettirsak. Superligadagi oʻyinlarga yondashuvingiz oʻzgarib qolmaydimi? Yaʼni, Kubok yarim finaliga chiqqaningizdan keyin asosiy eʼtibor Kubokka qaratilib, chempionatdagi oʻyinlarga munosabat biroz susaymaydimi?
- Yoʻq, chempionat baribir muhim. Mana, yomon jihati ham shu — kuchni tejashga harakat qilamiz deb, maydonda yetarlicha harakat qilmay qoʻyamiz. Bugun ikkinchi boʻlimda ham bu yaqqol koʻrindi. Tezkor va yaxshi vaziyatlarimiz boʻldi. Raqibdan tezroq yugurishimiz, toʻpni tezroq uzatishimiz, bir-birimizga yordam berishimiz va hujumning uchinchi zonasida faol harakat qilishimiz kerak edi. Ammo kimdir biroz sustkashlik qildi, oʻziga ortiqcha erkinlik berdi.
Shuning natijasida hisob 1:1 boʻlib qoldi. Hatto shu hisob oʻzgarmay qolishi ham mumkin edi. Biz oʻsha vaziyatni golga aylantirishimiz, tezroq oʻynashimiz kerak edi.
Kerak boʻlgan paytda raqib bemalol hujumni boshladi. Biz esa pressingni ishga tushirishimiz lozim edi, ammo buni amalga oshirmadik. Raqib xotirjam hujum boshlab, bizning hududimizga kirib kela boshladi. Bu oʻzimizning aybimiz.
Yugurmasdan turib, qandaydir natijaga erishmoqchi boʻldik. Futbol — bu dinamika, yugurish va harakat. Faqat shundagina natijaga erishish mumkin. Raqibning bir futbolchisi maydondan chetlatilgani oʻyinni tashlab qoʻyib, bemalol gʻalaba qozonamiz, degani emas. «Qoʻqon» tarkibida ham oʻziga yarasha malakali futbolchilar bor. Biz esa oʻzimizning ahmoqona xatolarimiz bilan ularga imkoniyat yaratib berdik. Natijada shunday holat yuz berdi.
- Demak, Kubok yarim finaliga chiqqaningiz Superligadagi oʻyinlarga taʼsir koʻrsatmaydimi?
- Yoʻq. Bizda mavjud futbolchilar bor, rotatsiyadan foydalanamiz. Chempionatda ham tarkibda oʻzgarishlar boʻladi. Lekin har bir oʻyinga jiddiy yondashamiz. Men doim aytaman: futbol muxlislar uchun oʻynaladi. Biz maydonga tushganimizdan keyin, hatto bitta muxlis kelgan boʻlsa ham, oʻsha muxlis uchun oʻynashimiz kerak. Mening doimiy fikrim shu», - deya Qosimovning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.