Bugun
34
O'zbek

O‘zbekiston kubogi. Yarimfinal sanasi va stadionlari e’lon qilindi

Futbol
23 oktabr, 03:45
    7
Final sanasi va manzili esa yarimfinal natijalariga qarab belgilanadi.
O‘zbekiston kubogi. Yarimfinal sanasi va stadionlari e’lon qilindi
Foto: UzPFL

PFL O‘zbekiston kubogi yarimfinallarining sanasi va o‘yinlar bo‘lib o‘tadigan stadionlarni ma’lum qildi.

«O‘zbekiston kubogining yarimfinal va final uchrashuvlari markazlashtirilgan tizimda o‘tkazilishi lozim edi. May oyidagi tanaffus sabab Liga shu oyga reja qilingan Superliganing 4 ta hamda kubok 1/8 final bosqichi uchrashuvlarini mavsumning ikkinchi yarmiga ko‘chirishga majbur bo‘ldi. Mamlakatning uch klubi xalqaro maydonda ishtirok etayotgani hamda kuz faslidagi FIFA kunlari taqvimni zich holatga keltirdi. Markazlashtirilgan yarimfinal va final bo‘yicha qaror qabul qilinayotganda mazkur bosqichga yetib kelishi mumkin bo‘lgan respublikaning barcha klublari manfaati inobatga olingan bo‘lib, poytaxt logistika markazi ekanligi, qolaversa, Toshkent final ostonasiga qadar yetib kelishi mumkin bo‘lgan barcha jamoalar uchun markazligi qayd etilgandi. Qolaversa, 2020-yildan buyon kubokning final uchrashuvlari ketma ketlikda viloyatlarda o‘tkazildi: Namangan (2020), Samarqand (2021), Buxoro (2022), Qarshi (2023), Farg‘ona (2024), Andijon (2025). Shundan kelib chiqib, 2026-yilgi hal qiluvchi uch uchrashuv Toshkentda o‘tkazilishi va uchrashuvlar oralig‘i uch kunni tashkil etishi bo‘yicha barcha klublar bilan kelishuvga erishilgandi.

Endilikda, xalqaro maydonda ishtirok etayotgan uch klubning musobaqa bilan xayrlashgani taqvimda qo‘shimcha kunlar taqdim etadi. 1/8 final bosqichida «Paxtakor» va «Nasaf» musobaqadan chiqib ketgan bo‘lsa, «Neftchi» o‘z yurishini 1/4 finalda to‘xtatdi. Yarimfinalga qadar yetib kelgan klublar esa yuqoridagi uch jamoa xalqaro musobaqada ishtirok etayotgan davrda O‘zbekiston kubogining final uchrashuvi uchun kurash olib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.Shundan kelib chiqib, Liga 1/2 finalga qadar yetib kelgan klublar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda noyabr oyidagi FIFA kunlaridan keyingi taqvim masalasida fikr almashildi hamda finalgacha bo‘lgan ikki uchrashuv 24 noyabrda o‘tkazilishi belgilab olindi.

Musobaqa reglamenti va uning sanalari tasdiqlanayotgan bir vaqtda Toshkent stadionlar soni va sifati bo‘yicha yaxshi holatda edi. Biroq keyinchalik «Bunyodkor», «Jar» va «Olimpiya» kabi stadionlar maydoni ta’mirlash uchun yopildi. «Paxtakor» stadionida esa qolgan tribunalarni ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Shuni inobatga olib, Liga 1/4 final oldidan markazlashtirilgan bosqichni vodiyda o‘tkazish ehtimoli yuzasidan fikr almashildi. Jumladan, Namangandagi «Markaziy» stadion finalni qabul qilishi ishchi reja sifatida kiritilgan bo‘lib, yarimfinal uchrashuvlari Farg‘ona va Namangan shaharlarida o‘tkazilishi mumkin edi. Buning yagona sharti — yarimfinalga qadar yetib kelgan barcha jamoalar mazkur masalaga rozilik bildirishi edi. «Andijon», OKMK va «Lokomotiv» klublari esa barcha masala avvaldan belgilangani bo‘yicha qolishiga ovoz berdi.Shu tariqa Liga 24 noyabr kunga rejalashtirilgan «Andijon» — «Lokomotiv» uchrashuvini OKMK stadionida, OKMK — «Navbahor» uchrashuvini esa «Lokomotiv» stadionida o‘tkazishga qaror qildi. Klublar bilan kelishuvga ko‘ra, finalga Toshkent klublari yo‘l olsa, hal qiluvchi bellashuv Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Finalda vodiy qarama-qarshiligi kuzatilsa, u holda uchrashuvga Farg‘onadagi «Istiqlol» stadioni mezbonlik qiladi.

Izoh. Final sanasi yarimfinal uchrashuvlaridan keyin e’lon qilinadi. Yarimfinalga qadar yetib kelgan klublar orasidan «Andijon» Superliganing pley-off bosqichiga qolib ketmaslik masalasini to‘la hal qilib ulgurmagan. Shundan kelib chiqib, final sanasiga keyinroq oydinlik kiritiladi. «Andijon»ning pley-offda ishtirok etmasligi aniq bo‘lsa yoki klub final chiptasiga ega chiqa olmasa, kubok finali rejadagidan ertaroq o‘tkaziladi», —
deyiladi xabarda.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Andijon Andijon
  • Navbahor Namangan Navbahor Namangan
  • ОКМК ОКМК
  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston Kubogi
Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

7 izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar