O‘zbekiston kubogi chorakfinal bosqichida «Neftchi» Farg‘onada «Lokomotiv»ni qabul qildi. Qiziqarli va gollarga boy o‘tgan uchrashuvda mehmonlar 4:2 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi va yarimfinal yo‘llanmasiga ega chiqdi.
Uchrashuvdan keyin «temiryo‘lchilar» ustozi Mirko Yelichich matbuot anjumanida qatnashdi.
— Bu haqiqiy kubok bahsi bo‘ldi. Gollar ko‘p, jamoadagi kayfiyat ham a’lo darajada. «Neftchi» oxirigacha yaxshi kurashdi. O‘yin davomida vaziyatlar u yoqdan, bu yoqqa o‘zgarib turdi. Ayrim vaziyatlarda to‘p darvozaga kirdi, ayrimlarida esa kirmadi.
Lekin futboldan nolishga ham o‘rin yo‘q. Har ikki jamoa oxirigacha kurashdi va haqiqiy futbol namoyish etdi. Bizning yigitlar ham qoyilqolarli harakat qilishdi, yaxshi o‘yin qurishga va oxirigacha kurashishga muvaffaq bo‘lishdi.
Juda qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Bu qanday ajoyib kubok bahsi bo‘ldi-aa!? Tomosha qilish ham, maydonda o‘ynash ham yoqimli edi.
— Ko‘pchilik «Lokomotiv»ning bugungi natijaga erishishiga ishonmagan, bunday natijani kutmagan edi. Jamoa bugungi g‘alabaga qanday erishdi? Buning siri nimada?
— Biz futbolni o‘zimizga qulay uslubda o‘ynaymiz. Futbolchilarimiz ham shu uslubda harakat qilishga o‘rganishgan. Bu — 10 oylik mehnat jarayonining natijasi.
Eng muhimi, futbolchilarimiz maydonda o‘ynashdan qo‘rqishmaydi. Agar o‘ynashdan qo‘rqmasangiz, juda kuchli raqiblarga qarshi ham yaxshi o‘ynay olasiz. Aksincha, o‘ynashdan qo‘rqsangiz, faqat kurashning o‘zi yetarli bo‘lmay qoladi.
Men uchun «Neftchi» kabi jamoalarning darajasi yuqori. Ularning futbolchilari juda sifatli. Bugun esa o‘z o‘yinimizga bo‘lgan ishonchimiz katta ahamiyat kasb etdi», - deya Yelichichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.