Bugun, 20 oktyabr kuni O‘zFHM vakillari, PFL va «Paxtakor» vakillari o‘rtasida «Zoom» platformasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Natijada, uchrashuv ishtirokchilari toshkentliklar darvozasiga belgilangan penalti xato ekanligi, 2-bo‘limda Ilich chetlatilishi kerak edi, degan qarorga kelgan.
«Paxtakor» futbol klubi rasmiy kanallari orqali e’tiroz bildirib o‘tgan aksar vaziyatlar O‘zFHM yangi rahbari Farhod Abdullayev tomonidan ma’qullangan. Eng avvalo, o‘yinning boshidayoq Vanya Ilich tomonidan Doston Hamdamovga ishlatilgan qo‘pollik uchun Tantashev sariq kartochka ko‘rsatishi kerak, deb e’tirof etilgan. Natijada, o‘yinning 58-daqiqasidagi ikkinchi sariq kartochka bilan u maydondan chetlatilgan bo‘lardi. Bu paytda natija 0:1 hisobida toshkentliklar foydasiga bo‘lib turgan edi.
Muhammadqodir Hamraliyevning ikkinchi bo‘limda Abdurauf Bo‘riyevga nisbatan tirsagi bilan ishlatgan qo‘polligi ham qizilga tortmasa-da, aniq sariq kartochka ekanligi tan olingan.
Eng muhim vaziyatlardan biri: «Paxtakor» darvozasiga qo‘yilgan 11 metrlik jarima zarbasini VAR hakami Firdavs Norsafarov bu penalti emasligini aytsa-da, FIFA hakami bo‘lgan Ilgiz Tantashev monitor orqali vaziyatni qayta ko‘rib ham penalti belgilaganiga alohida e’tibor qaratilgan.
«Unga qanday chora ko‘riladi, degan savolga O‘zFHM vakillari «Yaqin orada uni maydonda ko‘rmaysizlar», degan javobni berdi», - deyiladi «Paxtakor» matubot xizmati xabarida.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi