Live
3
O'zbek

Ro‘ziqul Berdiev: «Lokomotiv» iqtisod rejimida o‘ynadi»

Eksklyuziv
17 oktabr, 15:53
Berdiev matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.
Ro‘ziqul Berdiev: «Lokomotiv» iqtisod rejimida o‘ynadi»
Фото: Насаф ПФК
17.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent 0 : 0 Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi

Bugun bo‘lib o‘tgan «Lokomotiv» - «Nasaf» bahsida darvozalar daxlsiz qoldi. Ushbu bahsdan keyin qarshiliklar ustozi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.

- Bu o‘yinda hech bir jamoa tashabbusni qo‘lga oldi, degan fikrni bildira olmayman. Biz o‘z jamoamizda charchoq borligini bilardik. Lekin «Lokomotiv» jamoasi ham ehtiyotkor bo‘lib, iqtisod rejimida o‘ynadi. 20-oktabrda bo‘ladigan o‘yinni e’tiborga olgandir. Vaziyatlar bo‘ldi, ikkala klubda ham. O‘ylaymanki, durang o‘yinga mos bo‘ldi. «Lokomotiv» tajribali o‘yinchilarga ega va yaxshi futbol ko‘rsatadigan jamoa. To‘pni yaxshi nazorat qiladi. Asosan raqibning kuchli tomonlarini yopishga harakat qildik. Bunga yigitlar ancha e’tiborli bo‘lishdi va ikkala jamoa ham bir ochkodan cheklanishdi.

- Shunda bir ochko ishladik, deysizmi yoki ikki ochko yo‘qotdik, deb ayta olasizmi?
- Ikki jamoa ham g‘alaba uchun o‘ynadi. Ikkalasi ham ikki ochkodan yo‘qotdi, desak to‘g‘ri bo‘lardi.

- «Nasaf» o‘yin sifati bo‘yicha shoshilib futbol ko‘rsatyapti. Agar jamoada natija yoki maqsad talab qilinmagan vaqtda esa chiroyli o‘yin namoyish qiladi. «Nasaf»ga maqsad qo‘yilganida o‘yini soddalashadi, degan fikrga qanday qaraysiz?

- Bugungi o‘yinda yaxshi himoyalanishimiz kerak edi. «Lokomotiv»da oldingi chiziqda yaxshi futbolchilar bor. Shu bois himoyaga e’tibor qaratib, qarshi hujumlarda yaxshi harakat qilishimiz lozim edi. To‘g‘ri ta’kidladingiz, yaxshi futbol ko‘rsatyapmiz-u, ammo hujumda samaradorlik yetishmayapti. Har doim yigitlarga aytamiz, ochiqroq, yengil va chiroyli futbol o‘ynashni uqtiramiz. Chempion bo‘lgan yilimizni eslasak, natija uchun himoyaviyroq va e’tiborliroq bo‘lib o‘ynaganmiz. O‘zingiz aytganingizdek, hech qanday bosim yoki talab yo‘q. Har bir uchrashuvda natija bilan birga futbolchilardan chiroyli o‘yinni ham so‘rayapmiz. Mahorati yetguniga qadar harakat qilishyapti.

- O‘yindan oldin «Lokomotiv»ning kuchli va kuchsiz tomonlarini tahlil qilganingizda qanday xulosaga kelgandingiz?

- Hujum chizig‘ida juda yaxshi ijrochilar bor. Qanotlarida ham shunday. Ular yarimta vaziyatni ham golga aylantirishlari mumkin. Bu «Lokomotiv»ning asosiy quroli edi. Biz shu tomoniga himoyada ko‘proq e’tibor qaratdik. «Lokomotiv»da yoshi katta futbolchilar ko‘p. Jismoniy tomondan ulardan yaxshiroq bo‘lishimiz kerak, deb o‘ylagandik. Biroq bizda ham tez-tez o‘yinlar bo‘layotgani sababli o‘zimizda ham yengillik yo‘q edi. Jismoniy tarafimiz ustunlik bermadi.

- O‘tgan o‘yinda xato qilgan bo‘lsa ham, Abduvohid Ne’matov yana asosiy tarkibda maydonga tushdi. Bu jamoadagi darvozabonlar o‘rtasidagi raqobat juda kuchliligidanmi?

- Bekorga darvozabonni yarim jamoa deyishmaydi. Darvozani yosh posbonga topshirsak, bu juda og‘ir vaziyatlarga olib kelishi mumkin. Hujum chizig‘idagi o‘yinchilarni almashtirsangiz, bu bilinmasligi mumkin. Shu sababdan tavakkalchilikka borib bo‘lmaydi. Ne’matovning pozitsiyasi bilan hujumkor o‘yinchilarning pozitsiyalari umuman boshqa. Bular klub uchun juda zarur joylar.

- Yoshlar ligasidagi jamoangizning o‘yinlarini ham tomosha qilib borasiz. Kecha «Lokomotiv» va «Nasaf» yoshlari o‘yinida asosiy tarkibga tortadigan futbolchilar bormidi va «Loko» yoshlaridan ham e’tiboringizni tortgan o‘yinchini ko‘rdingizmi?

- «Lokomotiv»da bugungi asosiy jamoaga jalb qilingan o‘yinchilarni bilamiz, yaxshi futbolchilar. Shodiboyev chiqdi, keyin 2007-yilda tug‘ilgan yosh yigit bor. Ular kechagi uchrashuvda bo‘lishmadi-yu, ammo menimcha, Ibragimov o‘ynagandi. Yaxshi tomondan o‘zini ko‘rsatdi. Yoshlar jamoalari o‘yinlariga borganda nafaqat o‘zimizning, balki raqibning o‘yinlarini ham kuzatamiz. Juda iqtidorli futbolchilar ko‘rinmayapti-yu, lekin o‘rta saviyadagi o‘yinchilar bor. Lekin mana bu iste’dod, deb ajratib ko‘rsata oladigan futbolchilarni kecha ikkala jamoada ham ko‘rmadim. Shunga qaramasdan, yurtimiz futbolida ko‘plab iqtidorlar bor, faqat ularni topib chiqarish kerak. «Nasaf» bosh murabbiyi sifatida aytamanki, o‘rinbosarlar jamoasi tarkibidagi o‘yinchilarga ham, o‘yiniga ham e’tirozlarimiz bor. Buni klub ichida muhokama qilamiz.

- Darvozani almashtirsam, yutqazib qo‘yishimiz mumkin, ammo hujumchilarni almashtirsam, u gol urmasa ham boshqasi urishi mumkin, qabilida aytyapsiz. Ro‘ziqul Berdiev pragmatizm tomoniga og‘ib ketmayaptimi?

- O‘z qarashimiz bor, unga amal qilamiz, undan chiqishga harakat qilmaymiz. Jamoamning har doim hujumkor, kombinatsion bo‘lishini juda xohlayman. Lekin buning uchun futbolchilarning saviyasi, mahorati bo‘lishi kerak. Buni o‘zim yaxshi tushunaman. Ba’zi holatlarda o‘yinchilarimizning darajasidan kelib chiqib, balki siz aytayotgan futbolni ham o‘ynashga majbur bo‘lamiz. Agar murabbiy sifatida o‘zingizni mening o‘rnimga qo‘yib ko‘rsangiz, agar men xohlagan futbolga o‘yinchilarning darajasi yetmaydigan bo‘lsa, nima qilaman, majburlabmi? Shu bois qayerdadir oddiyroq futbolga ham o‘tishimizga to‘g‘ri keladi», - deya Ro‘ziqul Sa’dullayevichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar