OChL-2 musobaqasi doirasidagi «Nasaf» va «Al Vahda» (1:2) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida «Nasaf» jamoasi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlar savollariga javob berdi.
— Assalomu alaykum. Birinchi bo‘limni yomon o‘tkazdik, raqibga imkoniyat berdik. Lekin shunga qaramasdan, hisobni o‘z foydamizga og‘dirishga, o‘zgartirishga harakat qildik.
Birinchi bo‘limda ham vaziyat bo‘ldi, lekin o‘sha penaltiyni yaxshi amalga oshirganimizda, balki hisobdagi vaziyat boshqacha bo‘lar edi.
0:2 — bu, albatta, raqib jamoasi uchun katta imkoniyat. Shunga qaramasdan, ikkinchi bo‘limda men o‘ylaymanki, jamoamiz erkinroq harakat qildi, ko‘proq hujumga e’tibor qaratdi, golli vaziyatlar yaratdi.
Menimcha, bizga omad yetishmadi, qayerdadir raqib jamoaga omad kulib boqdi. Agar hisob 2:2 bo‘lganida, balki biz ham oldinga o‘tib, bugun g‘alabani qo‘lga kiritishimiz mumkin edi.
O‘zlaringiz ko‘rdingiz, yigitlar birinchi bo‘limni, hozir aytib o‘tganimdek, yomon o‘tkazgan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limda o‘yin qanchalik qiyin bo‘lishiga qaramasdan, hisobni o‘z foydamizga og‘dirishga harakat qilishdi, buning uchun vaziyatlar yaratishdi.
Afsuski, bugun, menimcha, ikkinchi bo‘limdagi harakatlarimizga qarab aytadigan bo‘lsak, yutqazishga munosib emasdik. Shuning uchun gapimning boshida aytib o‘tganimdek, ikki bo‘limda ikki xil harakatni ko‘rdik.
— Odatda Sardor Bahromov bilan Bobur Abduholiqovni asosiy tarkibda ko‘rishga o‘rganib qolganmiz. Lekin ular bugun ikkinchi bo‘limda maydonga tushishdi. Bu nima bilan bog‘liq edi?
— Sardorga kelsak, bu o‘yinga Murod ham tayyor bo‘lib qolgandi. Shuning uchun Sardor ko‘p o‘yinlarda ishtirok etganini hisobga olib, bugun unga ozgina dam berishga qaror qildik.
Boburni esa so‘nggi o‘yinlardagi harakatlariga qarab, bugun zaxiradan maydonga tushirdik. Bu qaysidir ma’noda, menimcha, to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Chunki agar hujumchi o‘z vazifasini yaxshi bajarmayotgan bo‘lsa, albatta, uni kimdir bilan almashtirishimiz kerak.
Shu sababli keyingi o‘yinni ham hisobga olgan holda ikkalasiga ham dam berishga qaror qilgandik.
— Penaltiyni boshqa futbolchi tepsa bo‘lmasmidi?
— Men ham Sharof to‘pni olganida, penaltini u tepasa kerak, deb o‘ylagandim. Bizda penaltini Sharof amalga oshiradi. Mashg‘ulotlarda ham u buning ustida ishlaydi. Lekin nimagadir Abduvohid tepishga qaror qildi.
— Yaxshi o‘yin uchun rahmat. Juda ko‘p imkoniyatlar bo‘ldi — birinchi bo‘limda ham, ikkinchi bo‘limda ham.
Lekin ularni golga aylantirishda futbolchilarga nimadir to‘sqinlik qildi. Sizningcha, bu shoshqaloqlikmi, sustkashlikmi, ruhiy-psixologik holatmi yoki mahorat yetishmasligimi? Kelgusida bu borada qanday rejalaringiz bor?
— Omadga ham bog‘liq. O‘zingiz ham aytib o‘tdingiz, bu ruhiy va psixologik tayyorgarlikka ham bog‘liq.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yuborgan paytlarimizda yigitlarda qandaydir hayajon sezilib turgan edi. Bu nima bilan bog‘liqligini bilmayman.
Garchi har bir o‘yindan oldin yigitlarga bunday vaziyatlarda, maydonga chiqqanlarida erkin harakat qilishlari, hayajonlanmasliklari kerakligini ta’kidlaymiz.
Lekin bugungi o‘yinda ko‘rinib turdiki, jamoamizda boshida ozgina hayajon bor edi. Shuning uchun oddiy vaziyatlarda to‘pni raqibga berib qo‘yib, oddiy xatolar orqali gol o‘tkazib yubordik.
Menimcha, bu o‘sha hayajon bilan bog‘liq.
Biz yigitlarga doimo bu haqda gapiramiz. Maydonda erkin harakat qilish, ruhan kuchli bo‘lish kerakligini tushuntiramiz. Lekin maydonga chiqqandan keyin shunday holatlar sodir bo‘lyapti.
Savolingizda to‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, bugungi natija alamli bo‘ldi. Men o‘ylaymanki, ikkinchi bo‘limda jamoa juda yaxshi harakat qildi. 0:2 hisobida ortda borayotgan bo‘lsa ham vaziyatni o‘zgartirishga harakat qildi. Buning uchun albatta, yigitlarga rahmat.
E’tibor bergan bo‘lsangiz, ikkinchi bo‘limda, hisob 0:2 bo‘lib turganida ham, hayajon yo‘qolgach, futbolchilar erkinroq harakat qila boshlashdi. Biz birinchi bo‘limdanoq shunday o‘ynashimiz kerak edi. Oddiy hayajon tufayli raqibga imkoniyatlar berib qo‘ydik.
Ko‘rgan bo‘lsangiz, shoshqaloqlik va hayajon sababli ba’zi futbolchilarimiz noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishdi. Ba’zi standart vaziyatlarda, burchak to‘plarida ham to‘pni bir-birlariga oshirishdi.
Standart vaziyatlarda yaxshi harakat qiladigan jamoamiz kombinatsiyalar orqali o‘ynashi kerak edi. Ammo o‘sha yerda ham shoshilib, to‘pni yuqoriga tepdik yoki yo‘qotdik.
Masalan, Zafarmurod raqib jarima maydoniga kirib borgan vaziyatda nima uchun o‘zi zarba bermay, pas uzatishga qaror qildi? Mana shu hayajon va shoshqaloqlik tufayli noto‘g‘ri qarorlar qabul qilingani o‘yinimizga ta’sir qildi. Agar o‘sha vaziyatlarda gol urganimizda, albatta, tashabbus bizning tomonda bo‘lishi mumkin edi.
Raqib haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘zlaringiz ko‘rdingizlar, bunday darajadagi futbolchilar o‘z mahoratini namoyish etishdi. Shunga qaramasdan, menimcha, sizlar ham ko‘rdinglar, yigitlar hech bir jihatdan raqibdan qolishishmadi. Faqat hayajon tufayli oddiy vaziyatlarda ikkita gol o‘tkazib yuborganimiz bugungi natijaga ta’sir qildi.
— Bir qarashda, darvozabonning o‘z darvozasini tashlab kelib penalti tepishi katta tavakkalchilik. Agar to‘p qaytsa, raqibning qarshi hujum orqali darvozamizga gol urish ehtimoli juda yuqori bo‘ladi. Shunday ekan, darvozabonning penalti tepishi katta tavakkalchilik emasmi? Fikringiz qanday?
— Abduvohidga e’tibor bergan bo‘lsangiz, u oxirgi o‘yinda ham penaltini amalga oshirgan edi. Balki futbolchilarning o‘zlarida ham shunday tashabbus bo‘lgandir. Lekin biz penaltini amalga oshiradigan futbolchilarga doimo kimda ishonch kuchli bo‘lsa, o‘sha tepishi kerakligini ta’kidlaymiz. Hozir aytib o‘tganimdek, Sharof qo‘ygan to‘pni Vohidning olib tepgani bizga ham biroz tushunarsiz. Buni futbolchilarning o‘zlaridan so‘raymiz.
Albatta, bu tavakkalchilik. Agar penaltini golga aylantirsangiz, hammasi to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinadi. Lekin to‘pning qaytib, bizning darvozamizga borib tushishi shu tavakkalchilikning salbiy oqibati bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Shuning uchun bu jamoa ichida qabul qilingan qaror edi. Yigitlar shunday qaror qilishdi va natijada mana shunday vaziyat yuzaga keldi.
— Ro‘ziqul aka, xohlaymizmi-yo‘qmi, masala shu penaltiga borib taqalganidan keyin Ne’matovga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda muxlislar orasida bosim kuchaydi.
«Darvozabon darvozabonligini qilsin, asosiysi, gol o‘tkazib yuborsa ham, o‘z ishini qilsin», degan mazmundagi fikrlar bildirilyapti. Ayrimlar esa butun mag‘lubiyatni shu vaziyat bilan bog‘lashyapti. «Ko‘ra olmadi», «yutqazdi», deyishyapti.
Bunday holatdan keyin futbolchining ruhiy tushkunlikka tushishi mumkin. Bundan tashqari, u terma jamoa mashg‘ulotlarida ishtirok etadi, rasmiy uchrashuvlarda bosim ostida o‘ynab kelyapti, charchoq ham bor.
Darvozabonlar o‘rtasida jamoadagi raqobat qanday? Mana shu holatdan keyin Abduvohidga nisbatan pozitsiyangiz qanday bo‘ladi? Boshqa darvozabonlarga ham imkoniyat beriladimi?
— Abduvohid haqida kecha ham aytib o‘tdim. U — ruhiy bosimlarga bardosh bera oladigan yigit. Biz unga to‘liq ishonamiz. Agar zarurat tug‘ilsa, zaxirada darvozabonimiz bor, balki unga ham imkoniyat beramiz. Vaziyatdan kelib chiqib, murabbiylar maslahatlashamiz va kim tayyor bo‘lsa, o‘sha o‘ynaydi.
Ne’matovga kelsak, sizlar, bilmadim, anavi izohlarga juda qiziqasizlar-da. Hozir butun bir fikrni, izohlarni menga aytib chiqishingiz mumkin. Lekin futbolchilar izohlarga e’tibor qaratmaydi, bilib qo‘ying. Agar ular izohlarga e’tibor qaratib yashaydigan bo‘lsa, bu juda og‘ir bosimga aylanadi va ruhan qiynalib qolishadi.
Shuning uchun Abduvohidga ishonamiz, uni yaxshi bilamiz. U jamoamiz uchun juda ko‘p o‘yinlarda muhim natijalarni ta’minlagan, ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritishimizga hissa qo‘shgan. Bugun ham juda ko‘p yaxshi natijalar qayd etishimizga yordam bergan. Shu bois bizning tomondan Vohidga hech qanday bosim bo‘lmaydi.
Aslida, kimdir Abduvohidga salbiy izohlar yozadigan bo‘lsa, bu uning muammosi. Agar Abduvohid kimgadir yoqmasa, bu ham uning muammosi. Bu darvozabonning ham, jamoamizning ham muammosi emas», - deya Berdievning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.