Osiyo Chempionlar ligasi 2 turnirining 2-turidan o‘rin olgan «Nasaf» - «Al Vahda» bellashuvidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev va himoyachi G‘olib G‘aybullayev ishtirok etdi.
«Tayyorgarligimiz yetarli darajada bo‘ldi, deb o‘ylayman. Raqib haqida yigitlarga to‘liq ma’lumot berdik va ularni imkon qadar yaxshi o‘rganishga harakat qildik. O‘tgan mavsumda ham bu jamoaga qarshi Elit OChL doirasida maydonga tushganmiz. Shu sababli ularning imkoniyati va kuchini yaxshi bilamiz. Futbolchilarimiz bu bahsga har tomonlama tayyor. Bu turnirdagi ikkinchi uchrashuvimiz va hali hammasi oldinda. Ikki jamoaning ham maqsadi jiddiy. Keyingi bosqichga chiqish uchun ochko jamg‘arish kerak.
Shu bois ertaga har ikki tomon ham bor imkoniyatini ishga soladi. Biz o‘z o‘yinimizga e’tibor qaratishimiz kerak. Muxlislarimiz stadionga ko‘p kelishiga umid qilamiz. Ular bilan birgalikda bu uchrashuvni haqiqiy futbol bayramiga aylantirishni istaymiz.
- «Al Vahda»ning kuchli tomonlarini ko‘rdingizmi?
- Raqibni o‘rganish biroz qiyin bo‘ldi. Ularning tarkibida ko‘plab xorijlik futbolchilar bor. Ayrim o‘yinchilar esa yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani sababli ularning imkoniyatlarini to‘liq baholash oson emas.
«Al Vahda» chempionatda va kubok bahslarida turli tarkib bilan maydonga tushdi. Shu bois aynan qaysi futbolchilar asosiy tarkibda o‘ynashini aniqlay olmadik. Asosiy yoki zaxira futbolchisi bo‘lishidan qat’i nazar, har bir o‘yinchining kuchli va zaif jihatlarini tahlil qilib, bu ma’lumotlarni futbolchilarimizga yetkazdik. Ularda mahalliylashtirilgan futbolchilar bilan birga 20 nafarga yaqin legioner bor. Demak, katta ehtimol bilan ko‘plab xorijlik futbolchilarga qarshi maydonga tushamiz. Raqibning qaysi jihatlari kuchli, qaysilari zaif ekanini bilamiz. Biz ularning kuchli tomonlarini cheklashga, zaif jihatlaridan esa foydalanishga harakat qilishimiz kerak. Bu turnirda mahoratli va kuchli jamoalar ishtirok etadi.
Shuning uchun maydonda tartib va maksimal e’tibor talab qilinadi. Kerakli vaziyatlarda ham himoyada, ham hujumda individual mahorat ham muhim bo‘ladi. Yigitlarga ishonamiz. Raqibning kuchsiz tomonlarini topa olamiz. Biz yoshlarimizga to‘liq ishonamiz. Bu yil ularga bekorga ko‘p imkoniyat bermadik. Asosiy jamoa bilan muntazam shug‘ullanishning o‘zi ular uchun katta maktab va tajriba bo‘lmoqda. Hozir ularni maydonga tushirishdan qo‘rqmaymiz. Kelajakda ular jamoamizga katta foyda keltirishiga ishonamiz. Futbolchilarimiz Olimpiya jamoasida ham o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatdi. Bu yangi avlod tayyor bo‘lib kelayotganini anglatadi.
Agar shu to‘rt futbolchimiz kelajakda asosiy tarkibda muhim o‘rin egallasa, bu biz uchun katta muvaffaqiyat bo‘ladi. Shu maqsadda ularga imkoniyat berib, tajribasini oshirishga harakat qilyapmiz. Aytaylik, kimdir tajribali o‘yinchi jarohat olsa, yoshlarimizga qo‘rqmasdan imkoniyat beramiz», — dedi Berdiyev.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi