Belgiyaning «Bryugge» klubi hujumchisi Nikolo Tresoldi Yevropaning bir qator jamoalari e’tiborini tortmoqda. Bu haqda insayder Ekrem Konur ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qildi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, 22 yoshli futbolchini «Barselona» va Londonning «Arsenal» klublari o‘z safiga qo‘shib olishga qiziqmoqda. Tresoldi kelasi mavsum oldidan ushbu jamoalarning transfer maqsadlaridan biriga aylanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Tresoldi 2025-yil yozidan buyon «Bryugge» sharafini himoya qilmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil iyun oyi oxirigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 35 million yevroga baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, hujumchi atrofidagi transfer xabarlari hozircha mish-mish darajasida qolmoqda. «Barselona» yoki «Arsenal» tomonidan rasmiy taklif berilgani haqida ma’lumot yo‘q.