Live
1
O'zbek

Ro‘ziqul Berdiyev: «O‘yin va g‘alaba uchun jamoani maqtaylik»

Eksklyuziv
9 oktabr, 17:30
Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Ro‘ziqul Berdiyev: «O‘yin va g‘alaba uchun jamoani maqtaylik»
Фото: Насаф ПФК
09.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi 2 : 1 Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand

«Nasaf» klubi Qarshida «Dinamo»ni qabul qildi va qiyinchilik bilan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuv durang bilan tugayotgan pallada mezbonlar qo‘shimcha daqiqada g‘alabani ilib ketishdi. Uchrashuvdan keyin «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Ochiq o‘yin. Ikkala jamoaga ham bu mos o‘yin. Chiroyli g‘alabamizdan muxlislarimiz xursanddir. Barchani tabriklayman. O‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchi bo‘limda «Dinamo» jamoasi qarshi hujumlarda ancha yaxshi harakat qildi. Bizda ham vaziyatlar bo‘ldi. Agar birinchi bo‘limda gol urganimizda balki hisob boshqacha bo‘lishi mumkin edi. Ikkinchi bo‘limda, balki «Dinamo»ning jismoniy tayyorgarligi, balki o‘zgarishlar bilanmi, har holda biz ustunlikka ega bo‘ldik. Bir-ikkita qarshi hujumlarini inobatga olmaganda «Dinamo» jamoasi ko‘proq himoyalandi. Birinchi golimizdan keyin bitta pozitsion xato bo‘ldi. Bunda raqib o‘yinchisi yaxshi harakat qildi. Baribir yigitlar oxirigacha kurashishdi va g‘alaba qozondik, bundan xursandmiz.

- «Dinamo» futbolchisi qo‘liga to‘p tekkan vaziyatni video orqali ko‘rdingizmi?

- Bunaqa vaziyatda hakamlarning o‘z qarashi bor. To‘p juda yaqin bo‘lsa, bunaqa vaziyatlarda ko‘p ham penalti berilmayapti. Namangandagi o‘yinimizda ham Norchayevning qo‘liga shunaqa holatda to‘p tekkan edi va bizga tushuntirishdiki, juda yaqin edi va qo‘lini olishga ulgurmaydi. Shu bois shunaqa holatlarda hakamlarning qarorlari shunday bo‘lmoqda. Bu vaziyatni aniq ko‘rmadim-u, lekin har doim yaqin masofadan to‘p tegsa, penalti belgilanmayapti.

- Sardor Bahromovda biroz charchoq alomatlari sezildi, ammo uni almashtirmadingiz…

- Sardor Yaponiyadagi musobaqada barcha uchrashuvlarda to‘liq o‘ynadi. Charchoq bo‘lishi tabiiy. Uni uchrashuvda tushirganimiz sababi, futbolchida o‘yin tonusi yaxshi edi. Bugun ham to‘psiz holatlarda yaxshi harakat qildi. Faqat darvozaga kamroq zarbalar yo‘lladi.

- Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisini aniqlash sizga yuklatilganida qaysi o‘yinchini tanlardingiz?

- Alibek desam, u hal qiluvchi golni urdi. Lekin bizga urilgan golda uning xatosi bor edi. O‘yindan keyin Alibekka: agar gol urmaganingda, jazoning zo‘rini olarding, dedim. Jamoada qora mehnatni qiladigan, o‘rtada o‘ynaydigan futbolchilarni ham hisobga olish kerak, juda katta hajmdagi ishlarni bajarishyapti. Kelinglar, g‘alaba uchun «Nasaf» jamoasini eng yaxshi deb qo‘yaylik. Xarakter ko‘rsatishdi, oxirigacha kurashishdi. Bu muhim narsa. Bugungi o‘yin va g‘alaba uchun jamoani maqtaylik.

- Gruziyalik futbolchining jamoadagi kelajagini qanday ko‘ryapsiz?

- Kimni?

- Pata…

- Ha, uni Pata deb qo‘yaqolinglar, familiyasini o‘zimiz ham yaxshi bilmaymiz-da (kuladi). Keyingi yilga qanday maqsad, qanday tarkib tuziladi, ko‘ramiz. Bunga hali vaqt bor. Ko‘pchiligining shartnomasi yil oxirigacha.

- «Nasaf»ning ikkita darvozaboni milliy jamoaga jalb qilingan. Bu keyinchalik klubga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

- Albatta, qiyinchilik tug‘diradi. FIFA kunlarida tayyorgarlik olib bordik, ammo deyarli yarim jamoamiz qatnashmadi. Ne’matov bir kun oldin keldi. Yaponiya va Koreyada bo‘lgan yigitlarimizning iqlim almashishini tasavvur qiling. Lekin bugun futbolchilarimiz jismoniy tarafdan ham raqibdan ustunligimizni ko‘rsata olishdi. Futbolchilar oxirigacha kurashdi, yugurishdi va g‘alaba qozonishdi. Asosiysi, muxlislar stadionda jamoamizni qo‘llab-quvvatlayapti, bu yigitlarga quvvat beryapti. Butun jamoamiz muxlislarini 14-sanada bo‘ladigan xalqaro o‘yinga taklif qilib, birgalikda g‘alaba uchun kurashamiz.

- Abduvohid Ne’matovda oldin chetdan takliflar bo‘lgan. Hozir ham unda xorijga ketish ishtiyoqi bormi?

- Bilmayman, bu haqida u bilan gaplashmadim. Ammo boya aytganimdek, keyingi yilga vaziyat qanday bo‘ladi, ko‘ramiz. Biroq oldin ham unda zo‘r takliflar bo‘lgan, shunga qaramay, jamoani tark etishni xohlamagan. Klubiga sadoqat ko‘rsatadigan futbolchilar bor. Ne’matovni bilasizlar, kuchli xarakterga ega futbolchi. Ba’zida xatolar ham bo‘lyapti-yu, biroq ruhan tushkunlikka tushib qolgani yo‘q», - deya Berdiyevning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • Dinamo Samarqand Dinamo Samarqand
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar