Live
1
O'zbek

Andrey Shipilov: «3 ta gol urdik, ammo ikki xil bo‘lim o‘tkazdik»

Eksklyuziv
9 oktabr, 16:53
Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Andrey Shipilov: «3 ta gol urdik, ammo ikki xil bo‘lim o‘tkazdik»
Фото: Қўқон-1912 ПФК
09.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Qo'qon-1912 Qo'qon-1912 3 : 0 Mashal Mashal

«Qo‘qon-1912» - «Mash’al» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda maydon egalari raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdan so‘ng qo‘qonliklar bosh murabbiyi Andrey Shipilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Turnir jadvalidagi vaziyat biz uchun ham, «Mash’al» uchun ham oson emas. Hozir har ikki jamoa ham yaxshi seriya qayd eta olmayotgandi. Chempionatda ikkita mag‘lubiyatga uchradik, Kubokda ham yutqazdik. Bugun bizga g‘alabadan boshqa natija to‘g‘ri kelmasdi. Menimcha, na bizga, na «Mash’al»ga boshqa natija ma’qul kelardi.
Hisobga kelsak, meni doim quvontirgan yagona jihat — darvozamiz daxlsizligini saqlab qolganimiz. Uchta gol urdik, bu yaxshi. Ammo biz ikki xil bo‘lim o‘tkazdik.
Birinchi bo‘limda juda yaxlit va uyushqoq ko‘rindik. Chiroyli gol urdik, yaxshi vaziyatlarimiz ham bo‘ldi. «Mash’al»da ham hisob 0:0 bo‘lib turganida yuz foizlik imkoniyat yuzaga keldi. Agar o‘sha vaziyatdan foydalanishganida, o‘yin butunlay boshqacha kechishi mumkin edi.

Ikkinchi bo‘limda esa biroz pasayik. Buning sababini hali ko‘rib chiqamiz, gaplashamiz. Lekin g‘oliblarni tanqid qilishmaydi, deyishadi. Iqbol Malikjonov maydonga tushib, ajoyib, juda chiroyli gol urdi. Silvanus Nimeli esa anchadan beri ko‘rinmayotgandi. U biz bilan birorta ham mashg‘ulot o‘tkazmagan, faqat kecha kechqurun jamoaga qo‘shildi.

Uning o‘yini haqida alohida gapiradigan bo‘lsam, maydonga tushdi, borini berdi, ehtimol, ba’zi xatolarga ham yo‘l qo‘ydi. Lekin gol urdi — hujumchidan talab qilinadigan asosiy vazifani bajardi. Uning goli «Mash’al»ning ijobiy natijaga bo‘lgan umidlariga deyarli nuqta qo‘ydi.

Hozir jamoaga ikki kun dam beramiz. Dushanba kuni yig‘ilamiz va keyingi uy uchrashuviga tayyorgarlikni boshlaymiz. 16-kuni o‘z maydonimizda o‘ynaymiz. Bor mas’uliyat va jiddiyat bilan tayyorlanamiz.

- Elbek va Akbarning o‘yini, ularning jamoaga moslashuvi haqida nima deysiz?

- Elbek bugun o‘yinning dastlabki 30 soniyasidayoq ikkita gol urishi mumkin edi. U bizda ijara asosida o‘ynayapti va o‘z vazifasini yaxshi bajarmoqda. U hali Superligada birorta ham uchrashuvni asosiy tarkibda boshlamagan. Biz uni asta-sekin mashg‘ulotlar orqali tayyorlab keldik. «Trenirovkalar»da juda ishonchli ko‘rinmoqda.

«Yaypan» jamoasi bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazganimizda ham gol urgandi. Hujumchidan yana nima talab qilish mumkin? U faqat gol urish bilan cheklanmaydi, maydonda katta hajmdagi ishni ham bajaradi, to‘pni saqlab qolishni biladi. U haqida faqat ijobiy fikr bildirishim mumkin.

Akbar ham jamoaga yaxshi qo‘shilib ketdi. Agar ular bizga kamida bir oy oldinroq kelganida, yanada yaxshi bo‘lardi.

Ularning har ikkisiga ham hali juda ko‘p ishlash, harakat qilish, yetarlicha dam olish, to‘g‘ri ovqatlanish va shifokorlar ko‘rsatmalariga amal qilish kerak. Menimcha, ular hali o‘z imkoniyatlarining chegarasiga yetgani yo‘q.

Oldimizda turgan uchrashuvlarda ularning salohiyatini namoyon etish uchun yaxshi imkoniyatlar bor. Har ikki futbolchi hozirning o‘zidayoq jamoamizga yordam bermoqda. Keyingi o‘yinlarda ham foydasi tegishiga umid qilamiz.

- Androning bugungi uchrashuvda maydonga tushmagani va Tomaning o‘yini haqida nima deya olasiz?

- Andro shamollab qolgan, yo‘talayapti. Bugun asosiy tarkibda maydonga tushgan futbolchilar mashg‘ulotlarda o‘zlarini ishonchliroq ko‘rsatishgandi. Ular jamoa bilan birga edi, o‘yin amaliyoti ham yetarli bo‘lgan. Aytishim mumkinki, agar bugun ular gol ura olmaganida, bu mening xatom bo‘lardi. Toma o‘ynashga, maydonga tushishga loyiq edi. Lekin futbolda shunday holatlar ham bo‘lib turadi.
Men ikki marta o‘z qarorimdan qaytishga majbur bo‘ldim. Futbolning barcha qonuniyatlari va tendensiyalarini hisobga olgan holda uni Qarshidagi o‘yinda maydonga tushirdim. Natijada jamoa mag‘lub bo‘lmadi va darvozamiz daxlsizligini saqladik.

Bugun esa vaziyat unchalik oddiy bo‘lmagan bir paytda Silvanus maydonga tushdi. Uning o‘yini juda yomon bo‘ldi, shunchaki dahshatli! Ammo yana bir bor takrorlayman: gol urganidan keyin unga e’tiroz bildirish qiyin.

Tomaga ham yetarlicha o‘yin vaqti berildi. U harakat qilyapti, professional futbolchi. Hozirgi vaziyat shunday, ammo menimcha, Tomada o‘zini ko‘rsatish uchun hali yetarlicha vaqt bo‘ladi. U malakali hujumchi. Lekin bizda Nimeli ham, Elbek ham bor. Bundan tashqari, jarohat olgan Javohir Husanov ham bor, u bugun jamoamizga yordam bera olmadi. Umuman olganda, tarkibimizda uch-to‘rt nafar hujumchi bor», - deya Shipilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Qo'qon-1912 Qo'qon-1912
  • Mashal Mashal
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar