Live
7
O'zbek

Aleksandr Xomyakov: «Birinchi bo‘limni juda yomon o‘tkazdik»

Eksklyuziv
9 oktabr, 14:31
Xomyakov matbuot anjumanida qatnashdi.
Aleksandr Xomyakov: «Birinchi bo‘limni juda yomon o‘tkazdik»
Фото: Getty Images
09.10.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Buxoro Buxoro 3 : 2 Andijon Andijon

Qiziqarli o‘tgan «Buxoro» va «Andijon» jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyin mezbonlar ustozi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida qatnashdi.

— Avvalo, men ham jamoamizni va muxlislarimizni g‘alaba bilan tabriklayman. Chunki g‘alabasiz o‘tgan davrimiz ancha cho‘zilib ketdi. Sentabr oyini muvaffaqiyatsiz o‘tkazdik, desak ham bo‘ladi. Shu sababli bugun g‘alabani his qilish juda muhim edi.

Bevosita o‘yinga kelsak, uchrashuv ikki xil taassurot qoldirdi. Rostini aytsam, shu paytgacha bu o‘yinda qanday qilib g‘alaba qozonganimizni o‘zim ham to‘liq tushunib yetganim yo‘q. Hisob 2:0 bo‘lganida, o‘yin taqdiri hal, endi shunchaki uchrashuvni oxirigacha yetkazamiz, deb o‘ylagandim.

Yaxshiyamki, futbolchilarimizda xarakter va iroda bor. Ular to‘xtab qolishmadi, o‘yinni tashlab qo‘yishmadi. Aksincha, hujum qilishda davom etishdi, ikkinchi bo‘limda, ayniqsa, uning yakuniy qismida yanada faolroq harakat qilishdi. Natijada g‘alabaga erishdik.

Bu juda muhim g‘alaba. Futbolchilarimizga fidoyiliklari va bor kuchlarini maydonga tashlaganlari uchun yana bir bor rahmat aytaman. Biroq, umuman olganda, o‘yinimiz bilan g‘alabaga to‘liq loyiq bo‘ldik, deb ayta olmayman. Muammolar bor edi. Birinchi bo‘limni juda yomon o‘tkazdik. Odatdagidek, o‘z xatomiz sababli keraksiz gol o‘tkazib yubordik. Ikkinchi gol ham xatodan keyin darvozamizdan joy oldi. Shuning uchun g‘alaba — g‘alaba, albatta. Lekin jamoamiz hali bu kabi vaziyatlarni batafsil tahlil qilib, xatolar ustida ishlashi kerak. Shundagina kelgusida muxlislarimizni yanada ko‘proq xursand qila olamiz.

— Keyingi savolim biroz taktikaga oid. Sizningcha, amalga oshirilgan muvaffaqiyatli almashtirishlar o‘yin natijasiga ta’sir ko‘rsatdimi?

— Natijaga qaraydigan bo‘lsak, ta’sir ko‘rsatdi, deyish mumkin. Birinchi bo‘limda bizga hujumning yuqori qismida yetishmayotgan jihat bor edi. Esanov biroz boshqacha vazifani bajarayotgan, pastroqqa tushib o‘ynayotgan edi. Shu sababli raqib himoyachilari o‘zlarini ancha erkin his qilishdi va biz hujumda deyarli hech narsa yarata olmadik. Ikkinchi bo‘limda uning pozitsiyasini o‘zgartirdik, u bilan gaplashib, vazifalarini tushuntirdik.

Umuman olganda, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilarning barchasi natijaga hissa qo‘shdi: biri gol urdi, boshqasi golli uzatma berdi, yana biri gol urdi, uchinchisi esa golli uzatmani amalga oshirdi. Demak, bugun almashtirishlar katta rol o‘ynadi. Men doim jamoada zaxiradan maydonga tushadigan futbolchilarning ahamiyati juda katta ekanini aytaman. Ular ham natija yaratishmoqda. Yigitlarga yana bir bor rahmat! Barchani g‘alaba bilan tabriklayman! Juda qiyin uchrashuv bo‘ldi, ammo o‘yin mazmunida kamchiliklar bo‘lishiga qaramay, bu biz uchun zarur g‘alaba edi.

— Jarohat olgan futbolchilarning safga qaytishi haqida ham so‘ramoqchi edim. Keyingi uchrashuvlarda tarkibni tanlash imkoniyatlari kengayadimi?

— Buni vaqt ko‘rsatadi. Haqiqatan ham, hozir shunday vaziyat yuzaga kelgandiki, deyarli har bir o‘yinda ikki nafardan futbolchimizdan ayrilayotgan edik. Jarohatlanganlar ro‘yxatida o‘n nafar futbolchi bor edi.

Hozir Ro‘ziyevning safga qaytganini ko‘rdik, afsuski, Ravshan chamamda, hali yordam bera olmaydi. Lekin jamoamizning tarkibi asta-sekin tiklanmoqda. Bu, albatta, quvonarli holat.

— Jamoangizning o‘ziga xos jihati bor: futbolchilar oxirigacha kurashishadi va natija uchun intilishadi. Ikkinchi golni o‘tkazib yuborganingizdan keyin ham stadiondagi muxlislar ketib qolishmadi. Ular oxirigacha «Buxoro»ga ishonishdi. Muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?

— Albatta. To‘g‘risi, men bunga alohida e’tibor bermadim. Odatda muxlislar stadionni tark eta boshlaganini sezish mumkin. Ammo bu safar hech kim ketmadi. Biz kim uchun o‘ynayotganimizni juda yaxshi tushunamiz — stadionda bir kishi bo‘ladimi yoki bir yarim ming kishi bo‘ladimi, buning farqi yo‘q. Biz uchun muhim g‘alabalardan biri aynan muxlislarimiz uchun qo‘lga kiritilgan g‘alabadir. Chunki ularning qanday muxlislik qilishlarini, qanday hayajonlanishlarini, jamoamizga qanday munosabatda bo‘lishlarini ko‘rib turibmiz.

Yana bir bor ta’kidlayman: g‘alabasiz o‘tgan ushbu davrda aynan muxlislarimiz uchun g‘alabaga erishishimiz juda muhim edi. Biz ularning qo‘llab-quvvatlashini his qilamiz va ularni imkon qadar ko‘proq xursand qilish uchun maydonga tushamiz», - deya Xomyakovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Buxoro Buxoro
  • Andijon Andijon
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar