Xabaringiz bor, 7 oktabr kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida «Neftchi» hamda «Xorazm» jamoalari bahs olib borishdi. O‘yin esa kutilmaganda 2:2 hisobidagi durang bilan yakun topdi. Bundan mehmonlar quvonishdi. Chunki amaldagi chempion va peshqadam – «Neftchi» uchun mag‘lubiyatga teng durang bo‘lgan bo‘lsa, pastki o‘rinlarda borayotgan «Xorazm» uchun g‘alabaga teng edi.
Uchrashuvda urganchliklar safida asosiy tarkibda maydonga tushgan himoyachi Sunnatillo Hamidjonov ham faol harakat qildi va jamoasining safardan chempion jamoa maydonidan bir ochko bilan qaytishida ancha jonbozlik ko‘rsatdi.
Hamidjonov mazkur bahs borasida Tribuna.uz nashriga intervyu berdi.
- Sunnatilla «Neftchi»ga qarshi o‘yinda hamma mezbonlarning g‘alabasini kutgandi. Peshqadamdan qanday qilib ochko tortib oldinglar?
- Ha, bu o‘yinda hamma «Neftchi»ni favorit deb bilgandi. Biz shunga qaramasdan o‘zimizning o‘yinimizni ko‘rsatib, qo‘ldan kelganicha harakat qilib, g‘alaba uchun maydonga tushdik. Xudoga shukr, g‘alabaga teng bir ochkoni qo‘lga kiritdik.
- Demak, bu durangni shubhasiz g‘alabaga tenglashtirsa bo‘ladi...
- To‘g‘ri aytasiz, durangni albatta g‘alabaga teng desa bo‘ladi. Biz ikki marta hisobda oldinga chiqib oldik. Uchrashuvdagi durangni tabiiyki g‘alabaga tenglashtirish mumkin. Hali Farg‘onada «Neftchi»ga qarshi o‘yinda ochko bilan qaytilmagan. Biz esa shu yili ikkinchi davrada mehmonda bir ochko bilan qaytdik.
- Rostini aytganda, raqibdan biroz bo‘lsa ham cho‘chish yoki xavotir bormidi?
- Ushbu o‘yinga bizda raqibdan cho‘chish kabi holatlar yo‘q edi. Chunki bizda yo‘qotadigan narsa yo‘q. Aksincha, bu «Neftchi»ga ko‘proq ta’sir qildi. Chunki ular chempionlik uchun kurashyapti. Birinchi o‘rinda ketayotgani uchun baribir ularda pastdagi pog‘onalarda ketayotgan klublarga qaraganda mas’uliyat ko‘proq bo‘ladi. Qolaversa, pastdagi klublarga qaraganda o‘ynash qiyinroq.
- Bu o‘yinga ruhlanish va motivatsiya sizlarda qanday bo‘ldi?
- Avvalambor, bizga bosh bo‘lib turgan Xorazm viloyati hokimiyati, direktorlar, murabbiylar barchasi jamoamizga o‘z ishonchini o‘yindan oldin yetkazib bera oldilar. Ruhiy tomondan ham motivatsiya berdilar.
- Umuman, o‘yin qanday kechdi va raqibni qanday zararsizlantira oldinglar?
- Murabbiylar shtabi kerakli maslahatlarni berishdi. Mashg‘ulotlarda shularning ustida mehnat qildik. O‘ylaymizki, bu o‘yinda o‘z natijasini berdi. Raqibga qarshi oldimizga qo‘ygan reja kabi harakat qildik va bu ish berdi. To‘g‘risini aytsam, «Neftchi» yanada kuchliroq, tajovuzkorroq o‘yin ko‘rsatadi, deb o‘ylagandim. Lekin ularning tajovuzkor hujumlari ancha kam bo‘ldi. Ha, golli imkoniyatlari bo‘lgan bo‘lsa ham ko‘proq hujumlar uyushtirishini kutgandik, ammo kam bo‘ldi.
- Nima deb o‘ylaysiz, balki «Neftchi» «Xorazm»ga yetarlicha baho bermadimi?
- Menimcha, «Neftchi» «Xorazm»ni hurmat qilgan. Yuqorida aytib o‘tganimdek, chempionlikka kurashayotgan klublarning pastdagi jamoalarga qarshi o‘ynashi qiyin. Favorit o‘yindan oldin favorit bo‘lsa ham, nechta legioneri va kuchli o‘yinchilari bo‘lgan taqdirda ham baribir quyi o‘rinlardagi klublarga qarshi o‘ynashi qiyin.
- «Neftchi» maydonidagi durangdan keyin «Xorazm» qanchalik o‘zgarmoqda?
- Ikkinchi davrada turnir jadvalida ancha pastdamiz. Ketma-ket uchrashuvlarda g‘alaba qozona olmayapmiz, mag‘lubiyatlarga uchradik. Bizda hozirda g‘alaba hissiyoti yo‘q. «Neftchi»ga qarshi uchrashuvdagi durangdan keyin o‘zimizni g‘alaba qozongandek his qildik. O‘zimizga ancha ishonchni oldik. Keyingi turda «Surxon»ga qarshi o‘tadigan o‘yinda g‘alaba uchun chiqamiz. «Neftchi» bilan durang o‘ynaganimiz bizga ruhan dalda beradi.
Sunnatilla Hamidjonov: «Neftchi»ga qarshi durangdan so‘ng o‘zimizni g‘alaba qozongandek his qildik»
Eksklyuziv
9 oktabr, 17:21
Hamidjonov mazkur bahs borasida Tribuna.uz nashriga intervyu berdi.
Фото: Хоразм ПФК