Bugun Superligada 23-tur bahslariga start berildi. Ilk o‘yin Farg‘onada – «Neftchi» hamda «Xorazm» jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Rosti, o‘yindan oldin hamma peshqadam – «Neftchi»ning g‘alabasini taxmin qilgandi. Biroq «Istiqlol» stadionida sensatsiya qayd etildi. «Xorazm» taxminlarni oqlamadi va mezbonlarga munosib qarshilik ko‘rsatdi.
Mehmonlar ikki marta hisobda oldinga chiqib olishdi. Farg‘onaliklar esa mag‘lubiyatdan qutulib qoldi va bahs 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
O‘yindan keyin urganchliklar bosh murabbiyi Vali Sultonov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Bugungi uchrashuvga to‘xtaladigan bo‘lsak, ko‘rib turibsizlar, «Neftchi» jamoasi turnir jadvalida birinchi o‘rinda kelyapti. Bunday jamoa bilan o‘ynash zo‘r. Biz ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik.
Ko‘rdinglar, bugun juda chiroyli o‘yin bo‘ldi. Biz uchun har bir ochko oltinga teng. Turnir jadvalidan kelib chiqqan holda maqsadimiz «Xorazm»ni Superligada saqlab qolish. Viloyatimiz hokimi ham, rahbariyat ham katta qiziqish bildirishib, jamoamizga yordam berib kelishyapti.
- «Xorazm» yuqori pressing qo‘llab o‘ynadi. Bu jamoaning uslubimi yoki «Neftchi»ga qarshi shunday taktika qo‘llanildimi?
- Biz «Neftchi»ning o‘yinlarini ko‘rib o‘rganib chiqdik, tahlil qildik. «Neftchi» juda kuchli klub. Pressing bilan o‘ynaydi va biz shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Biz ham o‘zimiz qo‘llagan taktik uslubimizda o‘ynab, qarshi hujumlarda harakat qildik va gollar urish imkoniyatlaridan foydalanishni futbolchilarimizga alohida tushuntirgandik», - deya Vali Sultonovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Vali Sultonov: «Biz uchun har bir ochko oltinga teng»
Eksklyuziv
7 oktabr, 13:27
O‘yindan keyin urganchliklar bosh murabbiyi Vali Sultonov matbuot anjumanida qatnashdi.
Фото: Хоразм ПФК
07.10.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Neftchi Fargona
2
:
2
Xorazm